7 iyul kuni Gaiti prezidenti Jovenel Moiz o‘z uyida o‘ldirildi. Qotillar prezidentning Port-o-Prensdagi qarorgohiga bostirib kirib, u va uning rafiqasi Martina Moizga qarata o‘q uzishgan. 53 yoshli Jovenel Moiz 2017 yil fevralidan beri mamlakat prezidenti sifatida ishlab kelgan. O‘tgan yilning fevral oyida Gaitida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan edi. Namoyishchilar prezident iste’fosini talab qilib, uni inflyatsiya o‘sishi, amaldorlar orasidagi korrupsiya darajasi va iqtisodiyotning yomonlashuvida ayblashgan.


Davlat rahbarining ishi nafaqat mas’uliyatli, balki katta xavfni ham o‘z ichiga oluvchi kasbdir. Vorislar, zolim jangchilar, oddiy mutaassiblar tomonidan mamlakat birinchi shaxslariga suiqasd qilish holatlari tarixda bir necha marotaba sodir bo‘lgan. Ularning orasida omadlilari ham bor, misol uchun Sharl de Gol yoki Fidel Kastro — ular o‘ndan ortiq suiqasdni boshdan kechirganlar. Kimdir esa havaskor terrorchilarning diletant fitnasidan vafot etgan.

Uyushtirilgan suiqasd tufayli vafot etgan eng mashhur davlat rahbarlari haqida «Gazeta.uz» maqolasida.

Shvetsiya bosh vaziri Ulof Palme

Foto: tn8.tv

Shvetsiya bosh vaziri Ulof Palmega uyushtirilgan suiqasd 1986 yil 28 fevralda Stokgolmning markaziy ko‘chasi Sveavegenda sodir etilgan.

O‘sha vaqtda Shvetsiyada hokimiyat tepasida bo‘lgan sotsial-demokratik partiyaning rahbari Ulof Palme rafiqasi Lisset bilan kechqurun kinoteatrdan uyiga qaytayotgan bo‘lgan. Chorrahada bir odam ularga yaqinlashadi va bosh vazirga qarab bir necha marotaba o‘q uzadi. Hozirgacha uning qotilini aniqlashning imkoni bo‘lmagan. Gumonlanuvchilardan biri ma’lum vaqt qamoqda o‘tirgan, ammo to‘g‘ridan-to‘g‘ri dalillar va isbotlarning yo‘qligi sababli ozod qilingan.

Bosh vazirning o‘limi haqida ko‘plab versiyalar mavjud — maxsus xizmatlarning operatsiyasi, o‘ng qanot ekstremistlarining fitnasi, Ulof Palmening yirik narkotik sotuvchisi Sigge Sedergren bilan adashtirib, xatolik tufayli otib tashlagani va hokazo.

Ulof Palme fojiasi davlatlarning yuqori lavozimli amaldorlarini himoya qilish mavzusini ko‘targan: fojeali oqshomda Shvetsiya bosh vazirining yonida tansoqchisi bo‘lmagan. Shunga qaramay, hozirda ham ko‘plab Yevropa mamlakatlari rahbarlari shaxsiy hayotda tansoqchilarsiz bo‘lishni afzal ko‘rishadi.

Hindiston bosh vaziri Indira Gandi

Foto: RIA Novosti

Dunyoda ikkinchi va Hindiston tarixida birinchi bo‘lgan ayol bosh vazir Indira Gandini mamlakat hayotining yaxshilanishi, eng qashshoq mamlakatlardan birini dunyoning yangi yetakchilaridan biriga aylantirish uchun qo‘yilgan birinchi qadamlar bilan bog‘lashadi.

Gandining o‘limiga sabablardan biri sifatida uning sikx ekstremistlariga qarshi olib borgan kurashi va Amritsardagi «Moviy yulduz» operatsiyasi ko‘rsatiladi. Uning natijasida ko‘plab tinch aholi ham halok bo‘lgan. Oqibatda, sikxlar undan o‘ch olishni niyat qilishadi.

Hindiston bosh vaziri Indira Gandiga suiqasd 1984 yil 31 oktyabr chorshanba kuni Nyu-Dehlida (Dehlining Milliy poytaxt okrugi) mahalliy vaqt bilan soat 9:20da sodir bo‘lgan. Gandi Safdardjang yo‘lidagi qarorgohidan chiqaverishida uning xavfsizlik xizmatida bo‘lgan ikki sikx soqchilari unga qarata bir nechta o‘q uzishgan, natijada u vafot etgan.

Indira Gandining o‘limidan so‘ng uning o‘g‘li Rajiv Gandi Hindiston hukumatining rahbari bo‘ladi. U ham 1991 yilda terrorist tomonidan o‘ldirilgan.

Iordaniya bosh vaziri Vasfi al-Tal

Foto: Wikipedia

1971 yil 28 noyabrda Iordaniya bosh vaziri Vasfi Tell (al-Tal) o‘ldirilgan.

1970 yil sentabr oyida Tell Iordaniyadagi Falastin partizanlari bazalarini yo‘q qilish uchun mas’ullardan biriga aylangan. Yosir Arafat boshchiligidagi FOT (Falastinni ozod etish tashkiloti) 1967 yilgi Arab-Isroil urushidan keyin Iordaniyada joylashgan minglab falastinlik qochqinlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, ushbu hududdan Isroilga qarshi qurolli hujumlar uchun asos sifatida foydalanishga uringan.

Uch yil ichida FOT Iordaniyada Falastin muxtoriyatini yaratadi va uning rahbariyati mahalliy neft biznesini o‘z nazoratiga olishga va iordaniyaliklarni davlatga itoat qilmaslikka chaqirishga urindi. 1970 yil 17−27 sentabr kunlari Iordaniya armiyasining 40-brigadasi tanklar bilan FOT rahbariyati boshchiligidagi Falastin arablarini mamlakatdan chiqarib yuborgan.

Bu jarayonda yuzlab falastinliklar o‘ldirilgan. 1971 yil 28 noyabrida Iordaniya bosh vaziri Tell Qohiradagi arablararo sammitga kelgan va Sheraton mehmonxonasiga kiraverishda to‘rt nafar qurolli shaxs tomonidan avtomatdan otib o‘ldirilgan.

Saudiya Arabistoni qiroli Feysal ibn Abdul-Aziz Al Saud

Foto: Wikipedia

Saudiya Arabistoni qiroli Feysal ibn Abdul-Aziz Al Saud 1975 yil 25 martda otib o‘ldirilgan.

Qotil uning jiyani 31 yoshli shahzoda Feysal bin Musad edi. Kuvaytdan kelgan delegatsiya sharafiga tashkil etilgan ziyofatda shahzoda to‘satdan to‘pponchasini olib, 72 yoshli qirolning yuziga uch marta o‘q uzgan va qo‘riqchilar tomonidan qo‘lga olingan. Qotil «Allohning irodasini bajo keltirayotganini» aytgan.

Qirol kasalxonaga olib borilgan, biroq uni qutqarib qolishning iloji bo‘lmagan. Rasmiy manbalarda qotilning aqldan ozganligi, alkogol va giyohvand moddalar bilan bog‘liq muammolari ham muhokama qilingan (1970 yilda u Koloradoda LSD va gashish savdosi uchun hibsga olingan), shu sababli qirol uning Saudiya Arabistonidan chiqib ketishini taqiqlagani aytilgan.

Sud-tibbiyot ekspertlari Feysal bin Musadni jinoyat sodir etish paytida aqli raso bo‘lgan deya xulosa chiqaradi va 1975 yil 18 iyun kuni (o‘layotgan qirolning qotilga rahm qilishni talab qilganiga qaramay) uning boshi omma oldida tanasidan judo qilinadi.

AQSh prezidenti Jon Kennedi

Foto: Dallas Morning News

AQShning 35-prezidenti Jon Kennediga suiqasd 1963 yil 22 noyabr, juma kuni Texas shtatining Dallas shahrida mahalliy vaqt bilan soat 12:30 da sodir bo‘lgan. Jon Kennedi rafiqasi Jaklin bilan Elm ko‘chasida prezident kortejida ketayotganda unga miltiqdan o‘q uzilgan va natijada davlat rahbari vafot etgan.

Li Xarvi Osvald rasmiy ravishda Jon Kennedining qotili hisoblanadi. Ammo Kennedining o‘ldirilishining sabablari va usullari haqida son-sanoqsiz farazlar mavjud. Kennediga uyushtirilgan suiqasd tergovi bo‘yicha hujjatlar maxfiy saqlanib, shu vaqtgacha ularning barchasi ham omma uchun oshkor qilinmagan.

Jon Fitsjerald Kennedi AQShning eng yosh va boy prezidenti hamda Amerikaning birinchi katolik prezidenti hisoblanadi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Amerikaning «favoriti» prezidentlik saylovlarida faqat teledebatlar paytida saylovchilarni maftun etgani uchun g‘olib chiqqan. Kennedi davrida oq va qora tanli aholining huquqlarini tenglashtirish bo‘yicha choralar ko‘rilgan, «Apollon» Oy dasturi ishga tushirilgan, uchinchi jahon urushini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan Karib inqirozi boshlangan va muvaffaqiyatli hal qilingan, Qo‘shma Shtatlar Janubiy Vetnamga muntazam qo‘shinlar kiritgan.

Kennedining inauguratsiya nutqining bir qismi: «Mamlakat sizga nima berishi mumkinligi haqida emas, balki unga siz nima berishingiz mumkinligi haqida o‘ylang». Ushbu iqtibos haligacha turli siyosatchilar tomonidan e’tirof etiladi.

Misr prezidenti Anvar Sadat

Foto: Wikipedia

1981 yil 6 oktyabr kuni islom fundamentalistlari Al-Gama’a al-Islomiyya va Misr Islomiy jihodining terroristik guruhlari birlashib, Isroil bilan yaqinlashgani uchun qasos olish uchun Misr prezidenti Anvar Sadatga suiqasd uyushtirishgan. Qohirada 1973 yilgi Arab-Isroil urushiga bag‘ishlangan harbiy parad vaqtida leytenant Xolid al-Islombuli boshchiligidagi fitnachilar guruhi yuk mashinasidan sakrab tushgan va leytenant minbar tomon qo‘l granatasini uloqtirgan.

Granata mo‘ljalga yetmasdan portlagan. Yana beshta desantchi hukumat minbariga avtomatdan o‘t ochgan. Yarador bo‘lgan Sadat kasalxonaga yetkazilgan va u yerda vafot etgan. 12 kishi (prezident bilan birgalikda) o‘ldirilgan, 31 kishi turli xil og‘irlik darajalarida jarohat olishgan. Xolid al-Islombuli va suiqasdning boshqa ishtirokchilari 1982 yil aprel oyida sudlangan va qatl etilgan.

Misrning ikkinchi prezidenti Anvar Sadatning faoliyati juda ko‘p tortishuvlarga sabab bo‘lgan. U masalan, bir vaqtning o‘zida Mahatma Gandi va Gitlerni inglizlar bilan kurash olib borganligi uchun ulug‘lagan.

Sadat arab davlatlarining an’anaviy ittifoqchisi Sovet Ittifoqi bilan aloqalarni uzgan va mamlakat rivojlanishidagi sotsialistik yo‘nalishdan voz kechgan.

Sadat Isroil bilan tinchlik o‘rnatishda AQShni tanlagan. Isroil harbiy jihatdan eng kuchli dushman bilan tinchlik o‘rnatishga qarshi bo‘lmagan. Sadatga hamma narsa kechirilgan: masalan, Knessetdagi nutqi paytida u svastika bilan bezatilgan galstuk taqqaniga e’tibor qilinmagan. Mamlakatlar o‘rtasida tinchlik ham o‘rnatilgan: AQSh prezidentlarining Kemp Deviddagi qarorgohida Anvar Sadat va Isroil bosh vaziri Menaxem Begin tinchlik kelishuvini imzoladilar, buning uchun ularning ikkalasi ham tinchlik uchun Nobel mukofoti va butun arab dunyosining nafratiga sazovor bo‘lgan.

Anvar Sadatning dafn marosimini butun arab dunyosi e’tiborsiz qoldirgan.

Bangladesh prezidenti Mujibur Rahmon

Foto: bigasia.ru

1975 yil 15 avgustda Bangladeshning birinchi prezidenti, Bengali milliy harakati rahbari Shayx Mujibur Rahmon o‘ldirilgan.

U hokimiyatga 1971 yilda, Bangladeshning Pokistondan mustaqil davlat sifatida ajralib chiqish uchun urushi paytida kelgan. Rahmon yuqori harbiy rahbariyat manfaatlariga zid ravishda shaxsan o‘ziga sodiq bo‘lgan «xavfsizlik kuchlari» ning parallel tuzilmalarini shakllantira boshlagan.

Aytilishicha, bir guruh ofitserlar davlat to‘ntarishini uyushtirishni maqsad qilgan. fitnachilar 4 guruhga bo‘lingan, ulardan biri mayor Xud boshchiligida prezident saroyiga hujum qilgan. Qo‘riqchi hech qanday qarshilik ko‘rsatmagan. M.Rahmonning o‘g‘li Kamol, armiya ofitseri va M.Rahmonning xavfsizlik boshlig‘i, polkovnik Jamoluddin Ahmed darhol otib tashlangan. Fitnachilar Rahmondan iste’foga chiqishi so‘ralgan hamda o‘ylashi uchun vaqt berilgan. M. Rahmon esa fitnachilar bilan birga ketishdan bosh tortgan va zinada o‘qqa tutilgan. Fitnachilar prezident saroyida jami 20 kishini o‘ldirishgan: Rahmonning rafiqasi, uning ikki nafar o‘g‘li, ukasi, kelinlari, nevarasi, jiyani xotini bilan, uyda bo‘lgan mehmonlar va xizmatkorlar. Faqatgina prezidentning Germaniyada bo‘lgan ikki nafar qizi omon qolgan.

Rahmondan keyin hokimiyat tepasiga kelganlar birinchi prezidentning o‘limi holatlari bo‘yicha tergov o‘tkazmaganlar. Faqatgina 1998 yilda Bangladeshda hokimiyat tepasiga Mujibur Rahmonning qizi Xasina Sheyx kelgandan keyin, tergovlar o‘tkazilib, uning o‘limida aybdor deb topilgan o‘nlab ofitserlar o‘limga hukm qilingan.

AQSh prezidenti Avraam Linkoln


Foto: teletype.in

1865 yil 14 aprelda Amerikaning janubiy Konfederativ shtatlari kuchlari fuqarolik urushida taslim bo‘lganidan besh kun o‘tgach, prezident Avraam Linkoln Ford teatriga tashrif buyurgan. Noodatiy bo‘lgan «Mening amerikalik amakivachcham» spektakli asosida sahnalashtirilgan asar tarixga kirdi: janubliklar tarafdori, aktyor Jon Uilkes But bemalol prezident lojasiga kirib borib, xotirjamlik bilan prezidentning boshiga o‘q uzgan.

Vashingtondan Illinoys shtatidagi Springfildga dafn etish poyezdining yarim oylik safari davomida millionlab amerikaliklar o‘z prezidentlariga hurmat bajo keltirganlar. Avraam Linkoln mamlakatni birlashtirish va qullarni ozod qilish uchun jonini bergan shahid maqomiga ega bo‘lgan. Shu paytgacha, so‘rovlarga ko‘ra, u tarixdagi eng mashhur prezidentlardan biri sanaladi.

Isroil bosh vaziri Isxak Rabin


Foto: ynet.co.il

Isxak Rabin 1992 yilda ikkinchi marotaba Isroil bosh vaziri etib saylangan. 1993 yilda Rabin Osloda Isroil-Falastin mojarosini hal qilish bo‘yicha mashxur shartnomalarni imzolagan. Shundan so‘ng, Rabinning Falastin rahbari Yosir Arafat bilan tarixiy qo‘l siqish marosimi bo‘lib o‘tgan. Tomonlar bir-birlarini o‘zaro tan olishlarini e’lon qilishgan va bundan tashqari Falastin avtonomiyasi tashkil etilgan. G‘azo sektori va Iordan daryosi g‘arbiy qirg‘og‘ining bir qismi unga o‘tkazilgan.

Biroq, Isroil jamiyatida hukumat rahbariga munosabat keskin ravishda o‘zgargan. Ba’zilar Rabinni tinchlik istagi uchun qahramon deb hisoblashsa, boshqalar falastinliklarga yer berishga qaror qilgani uchun uni xoin deb bilishgan.

1995 yil 4 noyabrda Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayoni tarafdorlari Tel-Avivdagi mitingga yig‘ilganlar. Rabinni qo‘llab-quvvatlashga qaror qilgan namoyishchilar soni 150 ming kishidan iborat bo‘lgan. Bosh vazir Isroil shohlari maydonidagi olomon oldida so‘zlar ekan, o‘z dasturining asosiy tezislarini takrorlagan va «hamkorliksiz biz hammamiz intilayotgan tinchlik bo‘lmaydi», deya ta’kidlagan.

Soat 21:30 da 73 yoshli bosh vazir maydondan chiqib ketib, mashinasi tomon yo‘l olgan. Shu payt uchta o‘q ovozi eshitilgan. Rabin yiqilgan. Qotil 25 yoshli diniy kollej talabasi Igal Amir bo‘lib, u o‘ng qanot ekstremistlar guruhiga mansub bo‘lgan. Tintuv paytida uning yonidan ortodoks-ravvinlarinining «yahudiy xalqi xoinini qatl etish» kabi da’vatlari yozilgan matn topilgan. Amir o‘z harakatlarini «Isroil xalqini Oslo kelishuvlaridan himoya qilish» bilan izohlagan.

Pokiston bosh vaziri Benazir Bxutto

Foto: rus.team

Benazir Bxutto 1988−1990 va 1993−1996 yillarda aholisi asosan musulmonlardan iborat mamlakatning birinchi ayol rahbari — Pokiston bosh vaziri bo‘lgan.

1984−1986 yillarda oilasi bilan u Londonda siyosiy muhojirlikda bo‘lgan. 1986 yil aprel oyida Bxutto 1985 yilda harbiy holat bekor qilingandan keyin Pokistonga qaytib kelgan. Xuddi shu oyda unga birinchi suiqasd qilingan, keyinchalik 1987 yil yanvarida, 1997 yil yanvarda va 2007 yil oktyabrda Bxuttoga yana suiqasdlar uyushtirilgan.

Bir necha yil turli mamlakatlarda sarson bo‘lgan muxolifat yetakchisiga aylangan Bxutto 2007 yil 2007 yil 18 oktyabrda Pokistonga qaytib kelgan.

2007 yil 19 oktyabrga o‘tar kechasi, Bxutto avtoulovi korteji yaqinidagi aeroportdan yo‘l bo‘ylab ikkita portlash sodir bo‘lgan, natijada 143 kishi halok bo‘lgan, 500 dan ortiq odam jarohat olgan. Bxuttoning o‘zi o‘sha paytda zarar ko‘rmagan.

2007 yil 27 dekabrda Bxutto Ravalpindi shahridagi saylovoldi mitingda so‘zga chiqqan. U ketmoqchi bo‘lib, zirhli mashinaga o‘tirgan, lekin so‘nggi daqiqada u tarafdorlariga qo‘l silkitish uchun mashina lyukidan chiqqan. Guvohlarning bir versiyasiga ko‘ra, ikkita mototsiklchi Bxutto jipiga AK-47dan o‘q uzgan. Shu vaqtning o‘zida, terrorchi mashinaga yaqinlashib o‘zini portlatib yuborgan.

OAVlarda Bxuttoni ko‘pincha «Sharqning temir xonimi» deb atashgan. U 1995 yilda eng mashhur siyosatchi sifatida Ginnes rekordlari kitobiga kirgan.

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Pokiston telekanallari hujum bo‘lgan kuni Al-Qoida terroristik tashkiloti Pokiston oppozitsiyasi rahbarining o‘ldirilishi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgani haqida xabar berishgan. «Biz Pokistonda amerikalik josusni o‘ldirdik», degan edi o‘shanda Al-Qoida vakili Mustafo Abu al-Yazid.


O‘zbekiston tarixida ham prezidentga suiqasd uyushtirilgan. 1999 yil 16 fevralda Toshkentda, shu jumladan Mustaqillik maydonidagi hukumat binosi yaqinida bir qator kuchli portlashlar sodir bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 13 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq odam jarohat olgan. O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov teraktning diniy ekstremistlar tomonidan uyushtirilgani, ularning maqsadlaridan biri uning hayotiga suiqasd uyushtirishdan iborat bo‘lganini ta’kidlagan edi.