Surxondaryoda tez tibbiy yordam uchun 5 ta Damas sotib olindi. SSV ushbu xizmatga Damas sotib olinmasligini aytgan edi

Surxondaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi maxsus va tez tibbiy yordam avtoxo‘jaligi iyul oyida kamida beshta Damas-2 D13 avtomashinalarini xarid qilgan. SSV o‘rinbosari Amrillo Inoyatov o‘tgan yilning oxirida Damas rusumidagi avtomobillarni tibbiyot uchun sotib olish to‘xtatilganini aytgan edi.

Afg‘oniston va Pokiston yetakchilari O‘zbekistonga keladi

15−16 iyul kunlari Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani va Pokiston Bosh vaziri Imron Xon tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Shavkat Mirziyoyev bir qator mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan. Shuningdek, shu hafta qator hududlarda nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish yuzasidan yig‘ilish o‘tkaziladi.

Jahongir Otajonov siyosatdan ketishini ma’lum qildi

San’atdan ketishini e’lon qilgan va prezident saylovlarida ishtirok etishni niyat qilgan Jaxongir Otajonov onasining noroziligi tufayli siyosatdan ketishini e’lon qildi. U bu yil konsert berishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Afg‘oniston harbiylarini O‘zbekistonga qabul qilish bo‘yicha murojaat bo‘lmagan — Sherzod Asadov

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov KXSHT tomonidan O‘zbekiston hududiga harbiy bazani joylashtirish bo‘yicha taklif kelib tushmaganligini ma’lum qildi. Shuningdek, uning ta’kidlashicha, AQSh tomonidan afg‘on hukumati askarlarini vaqtincha O‘zbekiston hududiga qabul qilish bo‘yicha taklif ham kelib tushmagan.

Masdar bilan ikkita quyosh elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnomalar imzolandi

Masdar kompaniyasi bilan Samarqand va Jizzax viloyatlarida har biri 220 MVt quvvatga ega ikkita fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha loyiha shartnomalari imzolandi. Qurilish 2022 yilning birinchi choragida boshlanadi.

Tokiodagi Olimpiadada ishtirok etadigan O‘zbekiston terma jamoasi tarkibi e’lon qilindi

Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini 71 nafar sportchi himoya qiladi. O‘zbekistonlik sportchilar 17 ta sport turi bo‘yicha kurash olib boradilar — eng ko‘p sportchilar boks va dzyudoda (sportchilarning to‘liq ro‘yxati va ikkinchi kun musobaqalar dasturi).

«Ochiq byudjet» portali ishga tushdi. Fuqarolar byudjetning bir qismini sarflashda ishtirok etishlari mumkin

O‘zbekistonda yangilangan «Ochiq byudjet» portali ishga tushirildi. Unda davlat byudjeti va qarzi bo‘yicha ma’lumotlar e’lon qilib boriladi. Plaftormada «Tashabbusli byudjet» bo‘limi yaratilgan. U orqali fuqarolar infratuzilmani yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yo‘llarni qurish, maktablarni ta’mirlash va jihozlash hamda boshqa masalalar bo‘yicha loyihalarni taklif etib, mahalliy byudjetning taqsimlanishida ishtirok etishlari mumkin. Ushbu platforma va undan foydalanish tartiblari haqida «Gazeta.uz» qo‘llanmasida.