O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 iyul kuni davlat aktivlarini «nol» xarid qiymatida sotish hamda investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar asosida «1 so‘m» boshlang‘ich qiymatda ommaviy savdolarga chiqarish amaliyotini bekor qilishni ko‘zda tutgan farmonni imzoladi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar qildi.

Davlat aktivlarini «1 so‘m» boshlang‘ich qiymatda sotuvga qo‘yish amaliyoti prezidentning o‘tgan yilgi qarorida ko‘zda tutilgan edi. Joriy yilda 900 dan ortiq davlat mulklari sotuvga qo‘yiladi. Ular bozor narxlarida elektron savdolarga chiqariladi.

Bundan tashqari, hujjat bilan davlat aktivlarini sotishdan tushadigan mablag‘larni taqsimlash tartiblariga ham o‘zgartishlar kiritilmoqda:

  • 87% (73% edi) — respublika byudjetiga;
  • 10% (24%) — Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasiga;
  • 3% — Savdo-sanoat palatasiga, mablag‘larni maqsadli ravishda tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan tadbirkorlar uchun tashkil etiladigan o‘quv kurslarini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan holda.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari qarorlari bilan sotilgan obyektlardan tushadigan mablag‘larning byudjetga yo‘naltiriladigan qismi 73 foizdan 87 foizga oshirildi va ular tegishli viloyat, tuman (shahar) byudjetlariga teng ulushlarda yo‘naltiriladigan bo‘ldi.

Bundan tashqari, bozorlar va savdo markazlarini bosqichma-bosqich xususiylashtirish va boshqaruv tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasini hukumatga kiritish muddatini 2021 yil 1 dekabrgacha (1 iyul edi) uzaytirish rejalashtirilmoqda. Xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari inventarizatsiya qilish, xususiylashtirish to‘g‘risidagi yangilangan nizomlarni tasdiqlash 2021 yilning 1 dekabriga qoldirildi (1 iyun edi).

Iyul boshida prezident Toshkent shahridagi 13 ta yirik ko‘chmas mulk obyekti hamda 11 ta tarmoq korxonalaridagi davlat ulushlarini xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda, sotuvga chiqarishni topshirgan edi. Shuningdek, viloyat, tuman va shahar hokimlariga o‘z vakolatidagi 154 ta bo‘sh turgan obyektni bir oy muddatda savdoga chiqarish vazifasini qo‘ydi.

Fevralda esa prezident davlat aktivlarini xususiylashtirishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Avvalroq moliyaviy tahlilchi Karen Srapionov Ruminiyaning 2000-yillarda strategik davlat aktivlarini muvaffaqiyatli xususiylashtirganini o‘rganib chiqib, xususiylashtirish jarayonini tashkil etish bo‘yicha takliflarni ilgari surgan edi.