25 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri va tumanlar hokimligi, sektorlar rahbarlari va mahalla raislari ishtirokidagi yig‘ilishda poytaxt metropolitenidagi so‘nggi muammolarni bartaraf etish masalasiga alohida to‘xtaldi.

«Toshkent metropoliteni bo‘yicha katta loyihalarni amalga oshirdik. Albatta, keyingi paytda ayrim muammolar kuzatilyapti. Lekin o‘sha muammolar negiziga yetib borishimiz kerak», — deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz nashri.

Shavkat Mirziyoyev metropolitenning elektr ta’minoti tizimi ko‘p yillar davomida modernizatsiya qilinmaganligini va bu texnik kamchiliklarga olib kelganini ta’kidladi.

«Hozir 40 mlrd so‘mlik alohida podstansiya xarid qilyapmiz. Toshkent metropolitenining energiya tizimi alohida bo‘ladi», deya qo‘shimcha qiladi Shavkat Mirziyoyev.

18 mart kuni «Olmazor» va «Sirg‘ali» metro yo‘nalishining «Bekat-1» bekatlari oralig‘ida ikkita 2 ta tarkib orasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi. 8 aprel kuni Toshkent metropolitenining Sergeli yo‘nalishida poyezd texnik sabablarga ko‘ra to‘xtab qoldi. 9 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda metro harakati vaqtida vagonlardan birining eshigi ochiq qolgani aks etgan video lavhalar tarqaldi. Keyiroq mazkur holatga sabab bo‘lgan uch xodim ishdan bo‘shatildi. 28 aprel kuni «Novza» bekati yaqinida poyezd vagoni texnik nosozlik oqibatida to‘xtab qoldi. 7 may kuni 21:00da Toshkent metropolitenining halqa yo‘nalishidagi «7-bekat» stansiyasida elektr ta’minotida uzilish kuzatildi.

21 maydan Toshkent metrosining Chilonzor va O‘zbekiston yo‘nalishlari ishlash tartibi vaqtincha soat 6:00 dan 23:00 gacha o‘rnatildi. Iyun oyining boshidan boshlab Toshkent yer usti metrosi Halqa yo‘lida soat 18:00 gacha soatiga chegaralangan tezlik (30−35km/soat)da harakatlanmoqda.