Toshkentning Yunusobod tumanidagi «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasi hududida obyektlarni qurish poytaxt hokimligining mahalliy byudjeti, shuningdek boshqa hududlardagi yer uchastkalarini investorlarga sotishdan tushadigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilmoqda.

Majmuani va unga tutash bog‘ zonasini rekonstruksiya qilish rejalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar aprel oyida paydo bo‘lgan edi. Poytaxt hokimligi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan joriy yilda qurilish-ta’mirlash ishlari va obodonlashtirish ishlari olib borilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi. Hujjat XDFU — xizmat doirasida foydalanish uchun — grifiga ega. U davlat xaridlari portalida chop etilib, keyin o‘chirilgan.

Hokimlik qatag‘on qurbonlari xotirasi sharafiga qurilgan rotonda daraxtlarga ziyon yetkazmagan holda rekonstruksiya qilinishini va ularning nomlari yozilgan ramziy kitob o‘rnatilishiga va’da berdi. Bundan tashqari, muzey xodimlari uchun alohida ma’muriy bino quriladi.

Aprel oxirida biz majmuani rekonstruksiya qilish bo‘yicha dastlabki loyihani e’lon qilgan edik. Qurilish vazirligi matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, dastlabki loyihadan milliy hunarmandchilik va savdo do‘konlari, sayr uchun veloturargohlar, bir qator suhbat joylari, ochiq amfiteatr va wi fi hududi, bolalar va shaxmatchilar uchun o‘yin maydonchalari hamda hojatxonalar chiqarib tashlangan.

«Gazeta.uz» loyihada qaysi kompaniyalar ishtirok etishini ham aniqlagan edi. Majmua, jumladan rotondani rekonstruksiya qilish, qatag‘on qurbonlari ism-shariflari yozilgan ramziy kitob o‘rnatish, muzey xodimlari uchun alohida ma’muriy bino qurilishi uchun Mimar Group kompaniyasi tendersiz tanlab olingan. Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyini rekonstruksiya qilish uchun esa Ijod-Ijod xususiy korxonasi tanlangan.

Ushbu kompaniyalarni tendersiz tanlab olish uchun asos sifatida Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 apreldagi 178-sonli qarori ko‘rsatilgan. Ushbu hujjat bilan 2021 yilning 1 sentyabriga qadar qurilish-montaj ishlarini loyihalash-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtning o‘zida amalga oshirishga ruxsat berilgan.

«Gazeta.uz»ga ma’lum bo‘lishicha, majmua hududidagi obyektlar qurilishi poytaxt hokimligining mahalliy byudjeti, shuningdek boshqa hududlardagi yer uchastkalarini investorlarga sotish hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilmoqda. Birinchi bosqichda Toshkent hokimligi 20 mlrd so‘m ajratadi, ikkinchi bosqichda — sarmoyadorlarga lotlarni sotishdan tushgan mablag‘lar, yetmagan qismi esa shahar hokimligi byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan yo‘naltiriladi.

Boshqa hududlardagi ayrim yer uchastkalarini sotish uchun Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Toshkent hokimligi zaxirasidagi quyidagilar beg‘araz taqdim etilmoqda:

Foto: 2GIS.

1. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Bo‘sh obyektlardan samarali foydalanishni tashkil qilish markazining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi balansidagi maydoni 2,67 gektar bo‘lgan yer uchastkasi (Yunusobod tumani Bo‘zsuv bo‘yi ko‘chasi, 28-uy). Ushbu obyekt «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasi yonida joylashgan;

Foto: 2GIS.

2. «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazma markaziga tegishli Amir Temur shohko‘chasi 107-uy manzilidagi 0,9 gektar yer maydoni. «Yandeks.Karta» va 2GIS ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur manzilda «Toshkentlend» yonidagi Aqva Bog’i akvaparki joylashgan.

Mazkur yer maydonlari (Bo‘zsuv bo‘yi, 28 va Amir Temur shohko‘chasi, 107) zamonaviy xizmat ko‘rsatish obyektlari, jumladan biznes markazlari, milliy ovqatlanish joylarini tashkil etish uchun investorlarga sotish rejalashtirilgan. Yerlar «E-IJRO Auksion» elektron savdo maydonchasi orqali yoki aniq investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni (eng kam investitsiya hajmi — 1 mln dollar) belgilagan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotiladi.

Istisno tariqasida yerlarni sotishdan tushgan mablag‘lar majmua hududidagi obyektlar qurilishini moliyalashtirish uchun buyurtmachi (Toshkent hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi) hisob raqamiga o‘tkaziladi.

Kanal va akvapark hududi o‘rtasidagi 1 gektarlik va 0,5 gektarlik maydon mulkdorlarga «davlat va jamoat ehtiyojlari uchun» olingan hududlar o‘rniga tovon sifatida mulkdorlarga qaytarib beriladi.