Kun.uz nashri sayt rahbari jarimaga tortilganidan so‘ng sayt faoliyatida tanaffus qildi. 22-iyun kuni ham saytning o‘zbekcha talqinida xabarlar lentasi yangilanmadi.

“Gazeta.uz” nashr rahbarlaridan biri diniy mazmundagi materiallarni e’lon qilgani uchun 12,2 mln so‘m miqdorida jarimaga tortilgani haqida xabar bergan edi. Azon.uz sayti rahbariyati ham MJTKning 184−2-moddasida (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) moddasi bo‘yicha ma’muriy javobgarlikka tortildi.

“2016-yilda O‘zbekistonda hokimiyat o‘zgarishi ortidan mamlakatda so‘z erkinligini ta’minlash borasida ham jiddiy islohotlar olib borildi. Davlat rahbari bu masalaga jiddiy qarab, OAV vakillarini islohotlarni amalga oshirishda o‘ziga ko‘makchi deb atab, ularni jur’atli bo‘lishga chaqirib kelmoqda”, — deyiladi Kun.uz bayonotida.

Shuning barobarida, mamlakatda so‘z erkinligi bilan bog‘liq ayrim qonunchilik me’yorlari, jumladan, nashrning javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lgan qonun normalari, hamon eski qoliplarda qolmoqda. “Bunday kamchiliklar istalgan vaqtda so‘z erkinligiga qarshi qurol sifatida foydalanilishi mumkin”.

“Kun.uz faoliyati bilan bog‘liq so‘nggi voqealar ham buni ko‘rsatib berdi. Tahririyat bunga toqatsizlik bildirdi va faoliyatida tanaffus qilish orqali o‘z noroziligini ifodaladi”, — deyiladi xabarda.

Nashr ayrim davlat idoralari tomonidan OAV faoliyatiga aralashuvlar, so‘z erkinligiga to‘sqinliklar hamon saqlanib qolayotganini ta’kidladi.

“OAV faoliyatiga har qanday bosim va senzuraga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bugungi sukunat orqali sohadagi barcha muammolarga e’tibor qaratishni istadik”, — deyiladi bayonotda.

Tahririyat O‘zbekiston qonunchiligini hurmat qilishini, davlat idoralari bilan hamkorlikka tayyorligini bildirib, shu bilan birgalikda, ma’nan eskirgan va erkinlik prinsiplariga zid bo‘lishi mumkin bo‘lgan qonunchilik normalarini qayta ko‘rib chiqishga ehtiyoj bor deb hisoblashini ma’lum qildi.

Freedom House xalqaro inson huquqlari tashkiloti mart oyida O‘zbekistonni “erkin bo‘lmagan” mamlakat sifatida baholagan edi. O‘zbekistonda erkinlik darajasi maksimal 100 balldan 11 ballga baholandi.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining aprel oyida e’lon qilingan matbuot erkinligi reytingida esa O‘zbekiston 2018-yildan beri birinchi marta bitta pozitsiyani pasaytirib, 180 davlat orasida 157-o‘rinni egalladi.