O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanganlar ro‘yxati kengaymoqda. Endilikda 50 yoshdan oshgan fuqarolar va oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari COVID-19ga qarshi bepul emlanishlari mumkin. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha maxsus respublika komissiyasining qarorida xabar berildi.

Respublika maxsus komissiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va ilmiy markazlar olimlari ishtirokida navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishida mamlakatda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat hamda ushbu infeksiya bilan kasallanish holatlarini oldini olishga qaratilgan masalalar muhokama qilindi.

Dastlab kasallik profilaktikasiga qaratilgan tushuntirish ishlarini olib borish, shuningdek, aholi tomonidan jamoat joylarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash kabi sanitariya-epidemiologiya talablari nazoratini olib borish yuzasidan tegishli idoralarga topshiriqlar berildi.

So‘nggi kunlarda infeksiya bilan kasallanish holatlari biroz ortganligini inobatga olib, hududlarda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga yo‘naltirilgan tibbiyot muassalarining tayyorgarlik holatini tahlil qilish va zarur dori vositalari zaxirasini shakllantirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Avvalroq, Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga kelgan bemorlari soni 2 barobar ko‘payganligi va bemorlarning kasalxonaga yotqizilishi 1,5 baravar ko‘payganligi haqida xabar berilgan edi.

O‘zbekistonda COVID-19ga qarshi vaksinatsiya jarayoni 1 aprel kuni boshlangan edi. Birinchi bosqichda 65 yoshdan katta bo‘lgan fuqarolar hamda tibbiyot xodimlari emlandi. 27 apreldan boshlab o‘rta maktab o‘qituvchilari, maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari hamda surunkali kasalligi bor fuqarolar ham vaksinatsiya jarayonlariga jalb qilindi.

31 may kunidan boshlab chet elga o‘qishga ketadigan talabalar, OAV xodimlari, blogerlar hamda yozuvchilar COVID-19 ga qarshi emlanadigan fuqarolar ro‘yxatiga kirdi.