Hukumatning 1 iyundagi qarori (336-sonli) bilan «Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorga o‘zgartish kiritildi.

Hujjatga muvofiq, Davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlar (xizmatlar) ro‘yxatidan quyidagilar chiqarib tashlandi:

  • soya, araxis, zaytun yog‘i (TIF TN kodlar: 1507101000, 1507901000, 1508101000, 1509101000, 1509900000);
  • kungaboqar yog‘i (TIF TN kodlari: 1512111000, 1512191000, 1512199002);
  • paxta yog‘i (TIF TN kodlari: 1512211000, 1512291000).

2020 yilda mamlakatda 450 ming tonnadan ziyod o‘simlik yog‘i sotildi, shundan 254 ming tonnasi (56,4%) import qilingan.

Tashqi va ichki bozorlarda o‘simlik moyiga bo‘lgan talab oshgan bir sharoitida davlat xaridlarida ishtirok etishning taqiqlanishi davlat tomonidan nazorat qilinadigan yog‘ ishlab chiqaruvchilarga qo‘shimcha bosimni vujudga keltirdi.

Aprel oyi oxirida prezident o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek soya danaginining importini QQSdan ozod qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bundan tashqari, ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan eksport bojxona bojlari kiritildi.

Fevral oyi boshida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun hukumat xorijda ishlab chiqarilgan 529 turdagi tovarlarning davlat xaridlarida ishtirok etishiga vaqtinchalik taqiq qo‘ygan edi. Ular orasida oziq-ovqat mahsulotlari, mebellar, qurilish materiallari, maishiy texnika, shokolad, avtoulovlar, to‘qimachilik mahsulotlari va boshqalar bor. Shu bilan birga, tovarlar orasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan yoki kichik hajmlarda ishlab chiqariladigan disklar, flesh-disklar, sxemalar, terminallar, kassa apparatlari, motor moyi, insulin va boshqa shu kabi tovarlar ham bor edi.