O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 may kuni «Texnopark» kompaniyasi amalga oshirishni rejalashtirayotgan investitsion loyihalar bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Jumladan, yiliga 1 million dona kir yuvish mashinalari (asosiy hamkorlar — Samsung Electronics va Whirlpool), 15 ming tonna mis quvur (Jiangsu Xingrong va Otto Junker), 3000 ta sanoat suv isitkichlari, 75 mingta tijorat muzlatkichlari va sovutkichlari, 1 million kvadrat metr HPL-panel va sendvich-panellar, shuningdek, 30 ming tonna bazalt toshidan izolyatsiya materiallarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirmoqda.

Joriy yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar doirasida 2000 dan ortiq ish o‘rinlari ochilishi kutilmoqda.

Toshkent hokimi o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi tijorat boshqarmasi boshlig‘i Sharof Rahmonov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida loyihalar qiymati 150 mln dollardan oshishini ma’lum qildi.

«O‘zbekiston 24» lavhasi

Toshkent hokimiyati tomonidan ta’sis etilgan «Texnopark» qator sanoat loyihalarini amalga oshirmoqda. Ulardan ayrimlari, jumladan, elektron suv hisoblagichlarni ishlab chiqarish loyihasida prezidentga 1 fevral kuni taqdim etilgan edi. Loyihalar inestorlari orasida Abu Dhabi Uzbek Investment fondi ham tilga olingan.

2020 yil boshidan kompaniya Osten savdo belgisi ostida aqlli gaz hisoblagichlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan edi. «Gazeta.uz»dagi ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha 2021 yil iyuliga qadar qiymati 5,28 trln so‘mga (Markaziy bankning 1 dekabr holatiga ko‘ra 507 mln dollarga yaqin) teng 3,54 million dona elektron uskunalarni yetkazib berishni ko‘zda tutadi.

«Intellektual Mulk» axborot-qidiruv tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, Osten savdo belgisini ro‘yxatga olishga ariza Artel Engineering and Management va J-United Group kompaniyalari (yagona ta’sischisi — Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev) tomonidan topshirilgan