Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov 26 may kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan anjumanda «Trest-12» qurilish kompaniyasi hamda qurilish vaziri Botir Zokirov o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuviga oid vaziyatni tasdiqladi.

«Albatta, biz „Trest 12“ bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazayapmiz. Dastlabki o‘rganishlarimiz bo‘yicha ko‘rdikki, adashmasam 5 trln so‘mga yaqin [MBning 27 maydagi kursiga ko‘ra, $471 mln dollar atrofida] to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bilan qurilish ishlari amalga oshirilgan. Bu yerda ham, afsuski, aksariyat manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani va [qonunchilikda manfaatlar to‘qnashuvi uchun] javobgarlik masalasining yo‘qligi turibdi», — dedi u.

Aksilkorrupsiya agentligi direktorining aytishicha, o‘tgan yilda o‘tkazilgan davlat xaridlarining 48 foizi tendersiz amalga oshirilgan.

«Umuman, biz o‘rganganimizda, nafaqat „Trest 12“, balki 2020 yil davomidagi davlat xaridlarining 48 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali amalga oshirilgan. Ya’ni u yoki bu alohida farmoyish yoki qaror asosida», — dedi Akmal Burxonov.

U shuningdek, davlat xaridlarida manfaatlar to‘qnashuviga oid muammolarni bartaraf etish uchun qanday choralar ko‘rilayotganiga ham to‘xtalib o‘tgan.

«Shuning uchun bu bo‘yicha ham taklif tayyorlayapmiz. Birinchi o‘rinda, davlat xaridlaridagi manfaatlar to‘qnashuvi. Ikkinchisi, turli xil farmoyishlar va bayonnomalar bilan davlat xaridlarini amalga oshirish va qurilish ob’ektlarini tendersiz berishni taqiqlashga oid qonunchilikka o‘zgartirish kiritish bo‘yicha taklif tayyorlayapmiz», — dedi agentlik rahbari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, «Trest 12» qo‘lga kiritgan davlat xaridlariga Qurilish vazirligining aloqasi bor.

«„Trest 12“ masalasi hali o‘rganish jarayonida, natijasi bo‘yicha agar qonun buzilish holatlari bo‘ladigan bo‘lsa, ma’lumotlarni taqdim etamiz. Aytganimdek, bu yerda katta summa. Manfaatlar to‘qnashuvi bor, buni yashirib bo‘lmaydi. Chunki, Qurilish vazirligining aloqasi bor. Lekin bu yerda jinoyat alomatlari haqida gap ketayapti», — dedi Akmal Burxonov.

13 aprel kuni «Gazeta.uz» aksiyadorlari orasida qurilish vaziri Botir Zokirovning o‘g‘li va rafiqasi bo‘lgan «Trest 12» kompaniyasi tendersiz qator loyihalarni amalga oshirib kelayotgani haqida сuриштирuвни e’lon qilgan edi. Kompaniya aksiyadorlari ro‘yxatida 2019 yil iyul oyida vazirning o‘zi ham bo‘lgan. O‘shanda u qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari, 1996−2011 yillarda esa — «12-trest» boshqaruv kengashi raisi sifatida ishlagan.

Vazir Toshkentning Sharof Rashidov ko‘chasidagi (Mustaqillik maydoni yonida) ma’muriy bino rekonstruksiyasiga oid davlat xaridiga o‘zi va oila a’zolarining alqoasi yo‘qligini aytgan edi.

«Bir narsani tushunishlaring kerak, 51 foiz davlat ulushi bo‘lgandan keyin menga uning sovug‘i ham, issig‘i ham yo‘q», — degandi vazir.

Keyinroq, mazkur kompaniya Hukumat buyrug‘i bilan Qonunchilik palatasi binosining tashqi ko‘rinishi rekonstruksiya qilish va binoni joriy ta’mirlash uchun 16,54 mlrd so‘mlik loyihani qo‘lga kiritgani haqida ham yozgan edik.