Kolombo yaqinida kimyoviy moddalar to‘ldirilgan konteyner kemasi olti kundan buyon yonmoqda

Shri-Lanka poytaxti Kolombo yaqinida dengizda kimyoviy moddalar to‘ldirilgan konteyner kemasi olti kundan buyon yonmoqda. Yong‘in bilan beshta buksir kemasi kurashmoqda. Hududdagi kuchli shamol yong‘inni o‘chirishga xalaqit berib, yonishni kuchaytirmoqda. Ekipaj va qutqaruvchilar kemada portlash sodir bo‘lishidan bir kun oldin evakuatsiya qilingan. Yong‘in natijasida bir nechta konteyner dengizga tushib ketgan, mahalliy baliqchilarga ushbu joyni tark etish tavsiya etildi.

20 may kuni X-Press Pearl konteyner kemasi Kolombo shahridan 18 kilometr shimoli-g‘arbda bo‘la turib, portga kirish uchun ruxsat kutib turganida, yong‘in boshlandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in xavfli yuk tufayli sodir bo‘lgan. Kemada 1485 ta konteynerda 25 tonna azotli kislota va boshqa kimyoviy moddalar bo‘lgan. Singapur bayrog‘i ostidagi ushbu kema 15 may kuni Hindistonning Xazira portidan chiqib ketgan edi. — Interfaks.


AQSH Kongressi Xitoyga qarshi qaratilgan qonun loyihasini taqdim etdi

AQSH Kongressi Vakillar Palatasi tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Gregori Miks 25 may kuni «Xitoyning chaqiriqlari»ga qarshi kurashishga qaratilgan qonun loyihasini taqdim etdi. «AQSHning global yetakchiligi va hamkorligini ta’minlash» deb nomlangan hujjat, muallifga ko‘ra, mamlakat institutlari va diplomatiyasini mustahkamlashga qaratilgan. «Xitoy tobora ko‘proq qoidalarga asoslangan tartibni buzishga va AQSHga qarshi chiqishga urinmoqda. Biz o‘z kuchimizni ishga solishimiz va Xitoy tomonidan yuzaga keladigan haqiqiy tahdidlarga e’tibor qaratishimiz kerak», dedi kongressmen. Xususan, qonun loyihasi mualliflari Hindiston-Tinch okeani mintaqasi bilan ish olib boradigan Davlat departamenti xodimlarini ko‘paytirishni, shuningdek, BMT va ATES doirasidagi hamkorlikni kengaytirishni taklif qilmoqda.

Xitoy hukumati mamlakatga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun loyihasining ko‘rib chiqilishi munosabati bilan AQSHga keskin norozilik bildirdi. «Tegishli qonun loyihasi faktlarni e’tiborsiz qoldirib, Xitoyning rivojlanish yo‘lini va olib borayotgan siyosatini qoralamoqda. Bunday harakatlar XXR ichki ishlariga aralashish va uning manfaatlarini buzishga urinishdir. Biz bu borada keskin norozilik bildiramiz va o‘z manfaatlarimizni qat’iy himoya qilamiz», dedi XXR TIV vakili Chjao Litszyan.


Suriyada prezident saylovlariga ovoz berish jarayoni boshlandi

Saylov uchastkalari soat 07:00 da ochilib, soat 19:00 gacha ishlaydi. Davlat rahbari lavozimi uchun uchta nomzod kurash olib bormoqda: amaldagi prezident Bashar Asad, sobiq davlat vaziri Abdulla Sallum Abdulla va vatanparvar muxolifat vakili Mahmud Ahmed Muray. Ma’lumotlarga ko‘ra, saylovlarda 18 mlndan ziyod fuqaro ovoz beradi. Ta’kidlanishicha, mamlakatda koronavirus infeksiyasi xavfini hisobga olgan holda zarur bo‘lgan sanitariya-profilaktika choralari oldindan ko‘rilgan.

21 aprel kuni Suriyada prezident saylovlarida ilk bor ayol kishi qatnashishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.

Buyuk Britaniya, AQSH, Germaniya, Fransiya va Italiya xalqaro hamjamiyatni Suriyadagi prezident saylovini tan olmaslikka chaqirishdi. Ularning fikriga ko‘ra, saylovlar mamlakatdagi siyosiy inqorzni hal qila olmaydi.


Ukraina oktyabr oyigacha Rossiya va Belarusdan elektr energiyasini import qilishni taqiqladi

Ukraina energetika va kommunal sohalarini davlat tomonidan tartibga solish bo‘yicha milliy komissiyasi Rossiya va Belarusdan mamlakatga elektr energiyasini import qilishni taqiqlaydi. Cheklovlar 2021 yil 1 oktyabrgacha amal qiladi. Komissiya rahbari Valeriy Tarasyuk 1 oktyabrdan keyin ushbu taqiqning uzaytirilishini istisno qilmadi. «Biz ushbu qarorni bizga shunday iltimos bilan murojaat qilgan energetika vaziri German Galuenkoning tashabbusi bilan qabul qildik» — dedi u. — Interfaks.


Hindistonning sharqiy qirg‘og‘iga kuchli bo‘ron keldi

Hindistonning sharqiy qirg‘og‘iga «Yaas» bo‘roni keldi. Toshqin xavfi tufayli 1,2 mlndan ziyod kishi evakuatsiya qilindi. Fuqarolar ba’zi joylarda uylarning tomidan balandroq bo‘lishi mumkin bo‘lgan to‘lqinlar xavfi haqida ogohlantirildi. Kuchli yomg‘irlar va bo‘ronli shamol tufayli hududda ko‘plab daraxtlar singan, shuningdek elektr uzatish tarmoqlari uzilgan. Tabiiy ofat tufayli Kolkata aeroporti yopildi. Jabrlanganlar to‘g‘risida ma’lumot yuq. — Interfaks.

Avvalroq Hindistonning g‘arbiy qismiga kelgan yomg‘irli siklon kamida 21 kishining o‘limiga sababchi bo‘lgani haqida xabar bergan edik.


Kanadadagi Belarus elchixonasi 1 sentyabrdan yopiladi

Kanadadagi Belarus elchixonasi respublika hokimiyatining tegishli qaroridan so‘ng 1 sentyabr kuni yopiladi. Konsullik bo‘limi hujjatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqishni 10 iyulda to‘xtatadi. Kanadadagi elchixonaning konsullik vazifalarini kelajakda Nyu-Yorkdagi bosh konsullik amalga oshirishi mumkin, deyiladi bayonotda. 6 aprel kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakat elchixonalari va diplomatik vakolatxonalar xodimlarining sonini optimallashtirishni taklif qilgan edi. — TASS.

Shuningdek: Belarus tashqi ishlar vaziri Vladimir Makey mamlakatning bir qator elchixonalariga qattiq bosim va hatto jismoniy tahdidlar o‘tkazilayotganini aytdi. «Bir qator qonun ustuvorligi deb nomlangan davlatlardagi elchixonalarimizga qattiq bosim o‘tkazilmoqda. Psixologik va jismoniy tahdidlar qilinmoqda, bayrog‘larimiz haqorat qilinmoqda, mahalliy hokimiyat esa buni ko‘rmaslikka olmoqda yoki kechikish bilan munosabat bildirmoqda», dedi vazir.


Nyu-Yorkda Jorj Floyd xotirasiga bag‘ishlangan aksiya bo‘lib o‘tdi

Foto: Denis Akishev/TASS

Bir yil oldin politsiya tomonidan hibsga olinayotganda vafot etgan qora tanli Jorj Floyd xotirasiga bag‘ishlangan bir nechta aksiyalar Nyu-Yorkda, tinch muhitda bo‘lib o‘tdi. Qayd etilishicha, tadbirda 200 yaqin kishi qatnashdi. Aksiya ishtirokchilari orasida irqiy tenglik bilan bir qatorda, masalan, Falastinni qo‘llab-quvvatlash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash uchun harakat qiladigan chap qanotlarning turli siyosiy harakatlari vakillari bor edi. Bundan bir kun avval Nyu-York politsiyasi bosh qarorgohi oldida kichik miting bo‘lib o‘tdi. Bunga o‘nga yaqin odam tashrif buyurdi. Tadbir qatnashchilari qora tanlilarni hibsga olishda kuch ishlatishning barcha holatlarini jamoatchilikka ma’lum qilish talabi bilan chiqishdilar.

Bir yil avval Amerikaning Minneapolis shahrida yashovchi afroamerikalik Jorj Floyd qo‘lga olish vaqtida vafot etgan edi. Uning o‘limidan so‘ng mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari boshlandi. Joriy yilning mart oyida Minneapolis shahri rahbariyati Floydning oilasiga 27 mln dollar to‘lashga qaror qildi. Ushbu tovon puli Minneapolis shahridagi politsiya xodimlari tomonidan odam o‘ldirilishi uchun to‘langan kompensatsiyalar orasida rekord mablag‘ bo‘ldi. Bir oy avval sobiq politsiyachi Derek Shovin Jorj Floydni o‘ldirishda aybdor deb topilgan edi.


Shuningdek:

  • «Tolibon» harakati Afg‘onistonga qo‘shni davlatlarni o‘z hududiga chet el qurolli kuchlarini joylashtirmaslikka chaqirdi. «Biz o‘z yerimizdan boshqalar xavfsizligiga qarshi foydalanilmasligini bir necha marta ma’lum qildik va boshqalarni ham o‘z yerlari va havo hududlaridan mamlakatimizga qarshi foydalanmaslikka chaqiramiz», — deyiladi bayonotda.
  • Belarus prezidentining ta’kidlashicha, Ryanair samolyotida bomba borligi haqidagi xabarlar bir vaqtning o‘zida Afina, Vilnyus va Minsk aeroportlariga kelgan. Biroq Shveysariya aviatsiya ma’murlari bu haqda xabarsiz bo‘lganliklarini ma’lum qilishdi.