Toshkentning Sergeli tumanidagi Cho‘ponota, Kichik avtomobil halqa yo‘li, Toshkent avtomobil halqa yo‘li va Qipchoq ko‘chalari orasida joylashgan olti qatorli avtomagistral va uchta yo‘l o‘tkazgichni qurish loyihasi qiymati oshirildi. Bunga davlat xaridlari portali ma’lumotlari guvohlik bermoqda. Loyiha Grand Road Tashkent qo‘shma korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Portal ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxt hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi Grand Road Tashkent bilan 2020 yil 6 iyulda shartnoma imzolagan. Keyin ish qiymati taxminiy ravishda 280,9 milliard so‘mga baholandi (Markaziy bankning o‘sha kundagi kursi bo‘yicha 27,6 million dollar — bir dollar uchun 10 173,3 so‘m). Shartnomada ushbu miqdor loyiha-smeta hujjatlari doirasida aniq bajarilishi va amalga oshirilgan ishlarni hisobga olgan holda aniqlanishi kerakligi qayd etilgan. Ishni O‘zbekiston Moliya vazirligi ssudasi hisobiga moliyalashtirish rejalashtirilgan edi.

2020 yil 25 iyunda imzolangan Vazirlar Mahkamasi farmoyishi bilan (313-f-son) ob’ektni qisqa vaqt ichida loyihalashtirish, qurish va ishga tushirish uchun, istisno tariqasida, buyurtmachi sifatida «Yagona buyurtmachi xizmati», bosh loyihalashtiruvchi sifatida — Allegro Develop Plast, bosh pudratchi sifatida esa — Grand Road Tashkent tanlab olindi. Hujjat bilan loyihaga Turkiyaning Kalyon kompaniyasini ham jalb qilishga ruxsat berildi.

Farmoyish bilan, shuningdek, qurilish-montaj ishlarini 2020 yil 31 dekabrigacha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda amalga oshirishga imkon berdi. Xuddi shu hujjatda loyihani tanlovsiz amalga oshirishga ham ruxsat berildi.

2021 yil 19 mayda buyurtmachi va Grand Road Tashkent kompaniyasi o‘rtasida qo‘shimcha kelishuv imzolandi, unda ish qiymati 518,3 milliard so‘mgacha (Markaziy bankning 21 maydagi kursi bo‘yicha 49 million dollar) oshirildi. Ushbu miqdor qurilish hududidan kommunikatsiyalarni olib tashlash bo‘yicha 51,8 milliard so‘mlik xarajatlarni ham o‘z ichiga oladi.

2020 yilda Moliya vazirligining kredit mablag‘lari hisobidan 164,3 mlrd so‘m moliyalashtirilgan edi. Kelgusida ushbu loyihani Toshkent hokimligi (15 milliard so‘m) mablag‘lari va 2021 yilning birinchi choragida respublika byudjetining prognozli daromadlarining ortiqcha bajarilishi hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilgan. Loyihani joriy yilda yakunlash mo‘ljallanmoqda.

«Gazeta.uz» uchta yo‘l o‘tkazgich va yo‘l qurilishi haqida batafsil ma’lumot berib, ularning joylashuvi xaritalarini ham taqdim etgan edi. Birinchi yo‘l o‘tkazgichni Kichik halqa yo‘li va Chuponota ko‘chalari kesishmasida qurish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Sergeli tumani yo‘nalishi bo‘yicha olti qatorli yo‘l yotqiziladi, u yerda Toshkent halqa yo‘li bilan kesishgan joyda ikkinchi yo‘l o‘tkazgich quriladi. Uchinchi yo‘l bog‘lamasi yo‘lni Sergeli tumanidagi Qipchoq ko‘chasi bilan bog‘laydi.

2020 yil sentyabrida taqdim etilgan loyiha. O‘zgargan bo‘lishi mumkin. Foto: Yakkasaroy tmmani hokimiyati.

Sergeli tumanini Toshkent markazi bilan bog‘laydigan, uzunligi 5,6 km bo‘lgan yangi yo‘l qurish loyihasi o‘tgan yilning iyun oyi boshida O‘zbekiston prezidentiga taqdim qilingan edi.

Sentyabr oyida O‘zbekiston tomonidan loyiha menejeri Timur Samutdinov «Gazeta.uz»ga Artel xoldingining Allegro Develop Plast loyihalash instituti Kalyon Trafik eskizlarini O‘zbekiston standartlariga moslashtirayotganini ma’lum qildi.

Ko‘priklarni qurish bo‘yicha loyiha menejeri, qurilish muhandisi Tekin Ekerning ta’kidlashicha, KAHY va Cho‘ponota ko‘chalari kesishmasidagi ko‘prik balandligi 13 m bo‘lgan 47 ta tirgak ustuniga ega bo‘lib, yo‘l o‘tkazgichning umumiy uzunligi 597 m, qayrilishli estakadalar bilan birgalikda esa 950 m ni tashkil etadi.
KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, Grand Road Tashkent 2018 yil 20 noyabr kuni Toshkentning Uchtepa tumanida ro‘yxatdan o‘tgan. Asosiy faoliyati shosse va yo‘llar qurishdir.

Ta’sischilari sifatida Toshkent shahar hokimligining «Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi» DUK (37,9%), shuningdek, 2018 yil 18 oktyabrda Turkiyada ro‘yxatdan o‘tgan Turkiyaning Grandway İnşaat Yatırım Anonim Şirketi (62,1%) ko‘rsatilgan.

Grand Road Tashkent 2020 yilda Toshkent ko‘chalarida joriy va kapital ta’mirlash bo‘yicha bir qator loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.