Hukumat qarori bilan Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filiali tashkil etildi, deya xabar bermoqda “Huquqiy axborot” Telegram-kanali.

Ma’lum qilinishicha, filialning asosiy vazifalaridan biri hududda pedagogika, iqtisodiyot, transport logistikasi sohalarining rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalarini hisobga olgan holda professional oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash hisoblanadi.

Mazkur filialda ta’lim faoliyati 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi.

Qayd etilishicha, filialga talabalarni bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida teng ulushda qabul qilish soni har yili belgilangan tartibda tasdiqlanadigan respublika OTMga o‘qishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Filial Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Paxtachi, Ishtixon va Nurobod tumanlaridagi maktablar, o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida o‘qituvchilarga doimiy ravishda ilmiy-metodik yordam ko‘rsatib boradi.