O‘zbekistonda paralimpiya harakati rivojlantiriladi

Prezident paralimpiya harakatini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Milliy paralimpiya qo‘mitasi tashkil etiladi. Butun mamlakat bo‘ylab nogironlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun sharoitlarni kengaytirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, mazkur qaror bilan O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi negizida O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi tashkil etiladi.

ID kartasi bor haydovchilar YPX xodimlariga ayrim hujjatlarni taqdim etmasligi mumkin

1 sentyabrdan boshlab ID kartalari bor haydovchilar yo‘l patrul xizmati inspektoriga notarial tartibda tasdiqlangan ishonchnoma, texnik ko‘rikdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot hamda «tonirovka» uchun ruxsatnomani shaxsan taqdim etishi shart bo‘lmaydi. 19 maydan boshlab ID karta yordamida tekshirish amaliyoti Toshkent shahrida sinov tariqasida joriy etildi.

Yana 500 ming doza xitoy-o‘zbek vaksinasi O‘zbekistonga keltirildi

19 may kuni o‘zbek-xitoy olimlari hammuallifligidagi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining yana 500 ming dozasi O‘zbekistonga olib kelindi.

O‘zbekiston va Jahon banki yangi hamkorlik dasturini tayyorlashadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Jahon banki delegatsiyasi yangi besh yillik hamkorlik dasturini tayyorlashga kelishib oldilar.

Jahon banki delegatsiyasi ham prezident tomonidan taklif qilingan yangi hamkorlik kun tartibini qo‘llab-quvvatladilar. U quyidagi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi:

  • mamlakatda kambag‘allikni, eng avvalo qishloq joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlarning ishbilarmonlik tashabbuslarini ilgari surish orqali qisqartirishga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash;
  • sezilarli natijalarga erishish va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini tubdan oshirish maqsadida oliy ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasidagi yangilanishlar samaradorligini oshirish;
  • respublika hududlarini jadal industriallashtirish dasturini amalga oshirish va o‘rta shaharlarni rivojlantirish loyihasini davom ettirish;
  • taraqqiyotning innovatsion modeliga o‘tish, «yashil iqtisodiyot»ni joriy qilish;
  • yer munosabatlari sohasidagi islohotlarni davom ettirish;
  • korrupsiyaga qarshi kurashish va davlatning rivojlanish institutlari salohiyatini oshirish;
  • yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalarini birgalikda ilgari surish.

1 oktyabrga qadar hududlarga 1000 ta Volkswagen Caddy tez tibbiy yordam mashinalari yetkaziladi

Prezident topshirig‘iga binoan 1 oktyabrga qadar hududlarga 1000 ta Volkswagen Caddy rusumli tez tibbiy yordam mashinalari yetkaziladi. Hozir hududlarda 850 ta xizmat muddatini o‘tagan Damas tez tibbiy yordam mashinalari mavjud.

Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filiali tashkil etildi

Hukumat qarori bilan Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on filiali tashkil etildi. Filialga talabalar mutaxassisliklar bo‘yicha davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida teng ulushda qabul qilinadi. O‘quv jarayonlari 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi.

Qo‘qondagi yoqilg‘i quyish shoxobchasida yong‘in sodir bo‘ldi

19 may kuni soat 14:45da Qo‘qon shahar Oqtosh ko‘chasida joylashgan «O‘zbekneftegaz»ga qarashli «UzGazOil» AYOQSH xududida GAZ-53 yoqilg‘i tashish avtomobili (benzovoz) yoqilg‘i to‘kish vaqtida yondi.

FVV hududiy boshqarmasining 8ta yong‘in-qutqaruv ekipaji tomonidan yong‘in to‘liq o‘chirildi. Jarohat olganlar va qurbonlar yo‘q.