Yaypanning (Farg‘ona viloyati) «Turon» futbol klubi bosh murabbiyi Islom Islomov O‘zbekiston Superligasining sakkizinchi turida «Qizilqum» bilan kechgan o‘yindagi mag‘lubiyatdan (0:1) so‘ng 13 may kuni iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza yozdi. Bu haqda jamoa matbuot xizmati xabar qildi.

Jamoani vaqtincha polshalik mutaxassis Boguslav Baniak boshqarib turadigan bo‘ldi. Superliganing 9-turida «Surxon» jamoasi bilan o‘tkaziladigan uchrashuvga o‘yinchilarni Boguslav Baniak tayyorlaydi.

Qayd etish joizki, aynan Islom Ismoilov davrida «Turon» (2017 yilda tashkil etilgan) o‘z tarixida ilk bor Superligaga chiqqan edi. O‘shanda Pro-liganing hal qiluvchi o‘yinida «Neftchi» (Farg‘ona) ustidan g‘alabaga erishgan, o‘yin esa futbolchilar va muxlislar ishtirokidagi tartibsizliklar bilan yakunlangan edi.

Ismoilovning O‘zbekiston chempionati oliy divizionidagi karerasi muvaffaqiyatsiz kechdi. Birinchi ikki uchrashuvda «Turon» mag‘lubiyatga uchradi. «So‘g‘diyona» bilan kechgan o‘yindan so‘ng u futboldagi korrupsiya haqida gapirib, uning jamoasi darvozasiga bahsli penaltini belgilagan hakamni tanqid qildi.

Keyinroq O‘FA uchrashuv arbitri Viktor Serazitdinov ikkita holatda noto‘g‘ri qaror qabul qilganini tasdiqladi va uni nomuayyan muddatga Superliga o‘yinlaridan chetlashtirdi. Murabbiyning o‘zi esa ikki uchrashuvga diskvalifikatsiya qilindi.

Biroq «Turon» qolgan uchrashuvlarda ham muvaffaqiyatsiz o‘ynashda davom etib, 8 tur yakunlariga ko‘ra birorta ham uchrashuvda g‘alaba qozonmadi — beshta mag‘lubiyat, uchta durang. Jamoa ayni vaqtda uch ochko bilan chempionatning oxirgi o‘rinida bormoqda.