Sog‘liqni saqlash vazirligida Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi tashkil etildi.

Bu prezidentning 5 maydagi «Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida"gi farmonida qayd etilgan.

Moliya vazirligi SSVning so‘roviga asosan 2021 yilda jamg‘armaga 50 mlrd so‘mgacha miqdorda mablag‘ ajratadi. 2022 yildan boshlab esa zarur mablag‘lar davlat byudjeti parametrlarida ko‘zda tutiladi.

Jamg‘arma mablag‘lari hududiy tibbiyot muassasalariga xorijdan ishga jalb qilinadigan malakali mutaxassislar, shuningdek, mamlakatda faoliyat yuritayotgan iqtidorli mutaxassislarga zarur shart-sharoitlar yaratish, ularni moddiy rag‘batlantirish to‘lovlarini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni amalga oshirish uchun yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, 2021 yil 1 iyuldan Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasiga Vrachlar va farmatsevtlarga litsenziya berish va attestatsiyadan o‘tkazish respublika markazini qo‘shib, qayta tashkil etiladi. Qolaversa, palata SSV tizimiga o‘tkazildi.

Palata Vrachlar va farmatsevtlarga litsenziya berish va attestatsiyadan o‘tkazish respublika markazining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

Vrachlar va farmatsevtlarga litsenziya berish va attestatsiyadan o‘tkazish respublika markazining mablag‘lari, mulki, shu jumladan, bino va inshootlari, avtotransport vositalari, uskuna, texnika va inventarlari Palataga o‘tkazildi.

Palata rahbariga, zarur hollarda, byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan shartnoma asosida mutaxassislar jalb qilish huquqi berildi. Uning davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan saqlanadigan boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 110 ta etib belgilandi.

Palataga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatiladi:

  • tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifalarini berish;
  • tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining o‘z malakasi va kasbiy darajasini muntazam ravishda oshirib borishini ta’minlash;
  • attestatsiyadan o‘tkazish va malaka toifalari berish jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali uning shaffofligini ta’minlash.

Avvalroq, mazkur farmonga muvofiq, respublika tibbiyot muassasalari rahbarlari og‘ir sharoitli tumanlarga borib ishlashi, 2021 yilda bepul davolanish orderlari uchun qo‘shimcha 80 mlrd so‘m ajratilishi, hamshiralik ishi o‘zini o‘zi band qiluvchi faoliyat turiga kiritilishi, qolaversa, 2021/2022-o‘quv yilidan klinik ordinaturaga qabul kvotasi ikki baravarga oshirilishi belgilangani haqida yozgan edik.