«Sportda bir emas, ikki marta doping qabul qilganlar borligi achinarli. Ularda hali ham Olimpiadada qatnashish imkoniyati borligi qayg‘uli», — degan edi amerikalik suzuvchi Maykl Felps.

Doping (inglizchadan «dope» — narkotik qabul qilishi) sportda yuqori natijalarga erishishda yordam beradigan taqiqlangan preparatlarni qabul qilish hisoblanadi. Mazkur preparatlar sportchilarda qisqa muddatga organizmning jismoniy va ruhiy faoliyatini kuchaytiradi.

Doping olamshumul g‘alabalarga erishish vositasigina bo‘lib qolmasdan, chempionlarni umrbod diskvalifikatsiya qilish sababiga ham aylanadi. Ushbu sabab bilan har yili juda ham ko‘p sportchilar musobaqa va turnirlardan chetlashtiriladi. Ular orasida eng mashhur yetti nafar sportichining butun umrga katta sportdan chetlashtirilishi haqida qisqacha ma’lumotlar.

Lens Armstrong (velosport)


Foto: championat.com

2012 yil sayyoradagi eng ko‘p unvonli velosipedchi — Lens Armstrongning umrbod diskvalifikatsiyasi haqidagi xabar butun sport olamini hayratga soldi. Dunyodagi minglab odamlar uchun o‘rnak bo‘lgan Lens ko‘plab antidoping qoidalarini buzganlikdagi ayblovdan o‘zini oqlay olmadi. Armstrong sud orqali o‘zining aybsizligini isbotlashga urindi, ammo bunga erishmadi va bir yil o‘tib, Amerikadagi mashhur tok-shou efirida u taqiqlangan moddalarni iste’mol qilganligini tan oldi. «„Tur de frans Frans“ da dopingsiz yetti marta g‘olib bo‘lish mumkin emas», degan edi Lens. Velosipedchining yillar davomida qilgan barcha harakatlari behuda ketdi — Armstrong deyarli barcha unvonlaridan, shu jumladan Sidneyda qo‘lga kiritilgan Olimpiada medallaridan mahrum qilindi.

Danilo Di Luka (velosport)

Foto: SID

Bir qator nufuzli musobaqalarda, shu jumladan 2007 yilgi Djiro d`Italiyada g‘oliblikni qo‘lga kiritgan italiyalik Danilo Di Luka birinchi marta noqonuniy moddalarni iste’mol qilish paytida 2009 yilda qo‘lga olingan. Keyin u tergov bilan hamkorlik qilishga qaror qilib, atigi to‘qqiz oylik diskvalifikatsiyaga rozi bo‘lgan. Bir oz dam olgach, Danilo sportga qaytishga qaror qilgan, ammo ikki yildan so‘ng uning qonida yana eritropoetin aniqlangan. Italiya Milliy olimpiya qo‘mitasi bitta ogohlantirish yetarli deb hisoblab, sportchini umrbod diskvalifikatsiya qilgan.

Valentina Popova (og‘ir atletika)

Foto: chr.aif.ru

Rossiyalik taniqli ayol sportchi Valentina Popova ikki marta taqiqqa uchragan: birinchi marta sportchi 2006 yilda taqiqlangan moddalarni iste’mol qilganda ushlanib, keyin u ikki yillik diskvalifikatsiya bilan jazolangan. Sportchi hattoki Pekindagi o‘yinlarda qatnashishga ulgurishi mumkin edi, ammo ketma-ket ikkinchi ijobiy doping-test tasdiqlangan. Sportchi «karerasini jarohatlarning ko‘payishi va oilasi bilan vaqt o‘tkazish istagi tufayli yakunlashiga» to‘g‘ri kelgan. 2004 yilgacha qo‘lga kiritilgan ikkita Olimpiada medallari va beshta jahon chempionati sovrinlari sportchidan tortib olinmagan.

Irina Korjanenko (yengil atletika)

Foto: sportsdaily

Afina Olimpiya o‘yinlarida yadro uloqtirish bo‘yicha oltin mukofotni qo‘lga kiritgan Irina Korjanenko sovrinni hech kimga qaytarib bermagan va berish niyati ham yo‘q, chunki u teng va adolatli kurashda g‘alaba qozonganligiga ishonadi. Dopingga qarshi qo‘mita boshqacha fikrda edi: Korjanenkoning namunasida taqiqlangan stanozolol topilgan, bu esa sportchining 2005 yildan umrbod diskvalifikatsiyasiga olib kelgan.

Дарья Pialnikova (yengil atletika)


Foto: Wikipedia

2008 yilda Pekin shahridagi Olimpiada o‘yinlarida Rossiyaning 5 ta sportchisi diskvalifikatsiya qilinadi. Ular orasida Darya Pialnikova ham bo‘lgan. Ma’lum muddatli diskvalifikatsiyadan so‘ng, Pialnikova Rossiya terma jamoasiga qaytib keladi va London Olimpiadasida uzoq kutilgan kumush medalini qo‘lga kiritadi. Biroq bir necha oydan so‘ng esa uni qaytarib berishiga to‘g‘ri kelgan. Sportchining qonidan 30 yil avval ishlatilgan «Oralturinabol» dopingi topilgan.

Ben Jonson (yengil atletika)


Foto: People.ru

1980 yillarning oxirlarida taniqli kanadalik sprinter Ben Jonsonning diskvalifikatsiya qilinganligi haqidagi xabar o‘ta shiddatli reaksiyaga sabab bo‘lgan. Bolaligida Kanadaga ko‘chib o‘tgan kelib chiqishi yamaykalik Ben o‘zining sevimli 100 metrga yugurish musobaqasida deyarli barcha unvonlarni qo‘lga kiritgan. Olimpiada chempioni bo‘lganidan uch kun o‘tgach, yangi jahon rekordini o‘rnatganida u birinchi marta ushlangan. Jonson qo‘shnisi uning pivosiga steroidlarni aralashtirib yuborganini aytib, o‘zini oqlagan, ammo komissiya chempionning dalillariga ishonmagan va uni mukofotlar hamda rekordlaridan mahrum qilgan. Diskvalifikatsiyadan so‘ng, Jonson katta sportga qaytishga uringan, ammo 1993 yilda u yana qo‘lga tushgan va bu safar u umrbod diskvalifikatsiya bilan jazolangan.

Merion Jons (yengil atletika)

Foto: Wikipedia

Amerikalik yengil atletikachi Merion Jons barcha raqiblaridan ustun kelib, jahon rekordlarini yangilashga yaqin edi. Biroq ulgurmadi, chunki u AQSHda boshlangan ulkan doping mojarosiga aloqador bo‘lgan asosiy shaxslardan biriga aylandi. «Mukammal doping» unchalik mukammal emas ekan: Jons uzoq vaqt o‘z aybini rad etdi, hatto FTBni qiziqtirgan ish ham bir muncha vaqt yopildi, ammo jazodan qochib qutulolmadi. Sportchi nafaqat diskvalifikatsiya qilinib, barcha mukofotlaridan mahrum qilingan, balki doping mojarosi bo‘yicha yolg‘on guvohlik bergani uchun ham jinoiy jazoga tortilib, bir necha oy qamoqda o‘tirgan.

2015 yilda rossiyalik sportchilarning dopingdan ommaviy foydalanishda ayblovlari tufayli Butunrossiya yengil atletika federatsiyasida doping mojarosi boshlangan edi. Butunjahon antidoping agentligi (WADA) Xalqaro Yengil Atletika Federatsiyalari Assotsiatsiyasiga (IAAF) Butunrossiya yengil atletika federatsiyasini (ARAF) diskvalifikatsiya qilishni, Moskvaning antidoping laboratoriyasidan litsenziyani bekor qilishni va shuningdek, rossiyalik sportchilarni bir qancha musobaqalardan chetlatishni tavsiya qilgan.

O‘zbekistonlik sportchilarda doping aniqlanishi

  • 2018 yilda Xalqaro Paralimpiya Qo‘mitasi olti oylik davrda sodir etilgan alohida antidoping qoidabuzarliklari uchun to‘rt nafar o‘zbekistonlik sportchini to‘rt yilga diskvalifikatsiya qilgan. Uch nafar pauerlifter — Ismira Islomova, Shaxzoda Mamadaliyeva va Muslima Nuriddinova hamda bitta yengil atletikachi Kamolaxon Abdullayeva to‘rt yilga musobaqalardan chetlatilgan.
  • 2019 yilda futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi darvozaboni Ignatiy Nesterov doping sababli sakkiz oyga diskvalifitsiya qilingan edi. Futbolchi ozish uchun dori qabul qilganini aytgan.
  • 2019 yilda erkin kurashchi Artur Taymazov Londondagi Olimpiada-2012 oltin medalidan mahrum qilindi. Uning doping namunasidan turinabol aniqlangan.
  • 2020 yilda erkin kurashchi Hasanboy Rahimov doping sababli Tokioda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Olimpiada-2020 litsenziyasidan mahrum bo‘lgan edi.
  • Og‘ir atletikachi Ruslan Nuriddinovning tekshiruvdan o‘tkazilgan 2012 yilgi doping namunasi ijobiy natija bergan. Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi uni vaqtincha sportdan chetlatib, Olimpiadada erishgan natijalari, jumladan ballari bekor qilinib, medal va sovrinlari musodara etilishi haqida ma’lum qilingan edi.
  • Kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Gulnor Sulaymonova va Abror Jabborov doping qabul qilgani uchun sportdan chetlatilgan edi.
  • Bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev 4 yilga barcha milliy va xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etish huquqidan mahrum etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, sportchidan olingan doping-testida «furosemid» taqiqlangan moddasi aniqlangan.