«Mehr-5» operatsiyasi natijasida Suriyadagi urush ketayotgan «qaynoq nuqtalarga» borib qolib, «Al-Hol» lagerida 3 yildan ortiq vaqt davomida ushlab turilgan 24 nafar ayol va 69 nafar bolalar O‘zbekistonga qaytarildi, deya xabar qildi Daryo. Mazkur operatsiya AQSH va boshqa hamkor davlatlar ko‘magi bilan amalga oshirilgan.


O‘zbekistonga olib kelingan bolalar orasida ham otasini, ham onasini yo‘qotgan 7 nafar chin yetim bola bor.

Endilikda bu ayollar va bolalar Toshkent viloyatidagi «Bo‘ston» sanatoriysiga joylashtiriladi hamda ularga tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha zarur ishlar amalga oshiriladi.


Qayd etilishicha, bugungi kungacha o‘tkazilgan «Mehr-1, 2, 3, 4» operatsiyalari doirasida Suriya, Iroq va Afg‘onistonda og‘ir ahvolga tushib, chorasiz qolgan 438 nafar ayollar va bolalar O‘zbekistonga olib kelindi. Jumladan, «Mehr» insonparvarlik operatsiyasi doirasida 2019 yilda Suriyadan 156 nafar o‘zbekistonlik, asosan, ayollar va bolalar, 2019 yilning oktyabrida Iroqdan 64 nafar o‘zbekistonlik bola, 2020 yilning dekabrida («Mehr-3») Suriyadan 25 nafar ayol va 73 nafar bola, 2021 yildagi «Mehr-4» operatsiyada esa 24 nafar fuqaro Afg‘onistondan O‘zbekistonga qaytarilgan edi.