Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2020 yilda sodir etilgan korrupsion jinoyatlar statistikasini e’lon qildi.

Sudlar tomonidan o‘tgan yil davomida jami 2 270 nafar shaxsga nisbatan korrupsiya bilan bog‘liq 1 502 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.

Xabarga ko‘ra, korrupsion jinoyatlarning sodir etilishiga asosan moddiy manfaatdorlik (30%), byurokratik to‘siqlarning mavjduligi (28%) va ijtimoiy ta’minlanmaganlik yoki adolatli mehnat sharoiti yo‘qligi (12%) sabab bo‘lgan.

Barcha omillar:

  • davlat xaridlari bilan bog‘liq qonun talablariga rioya qilinmaganligi — 45 nafar shaxs;
  • huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasidagi profilaktika ishlari samarali tarzda olib borilmaganligi — 45 nafar shaxs;
  • davlat xizmatchilarini tanlov asosida saralab olish, lavozimga tayinlash va yuqori lavozimlarga ko‘tarishning shaffof tartibining mavjud emasligi — 50 nafar shaxs;
  • ayblanuvchining sohaga taalluqli bo‘lmagan xizmatlarga biriktirilganligi (sohasiga taalluqli bo‘lmagan xizmatlarda sodir etilganligi) — 55 nafar shaxs;
  • shaxsning (jabrlanuvchi) o‘z manfaati yo‘lida qonunni chetlab o‘tishga urinishi yoki boshqa tarzdagi manfaatdorligi sababli jinoyatga yo‘l ochib berganligi — 88 nafar shaxs;
  • ish hajmining to‘g‘ri taqsimlanmaganligi va malakali xizmat ko‘rsatilmasligi — 99 nafar shaxs;
  • davlat organlari xodimlari mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘yganligi — 122 nafar shaxs;
  • ishga qabul qilishda mansabdorning (xodimning) shaxsi lozim darajada o‘rganilmaganligi, ayblanuvchining malaka darajasi yetishmasligi (muqaddam jinoyat sodir etganligi yoki sodir etishga moyilligi) — 179 nafar shaxs;
  • ayblanuvchining ijtimoiy ta’minlanmaganligi yoki adolatli mehnat sharoiti tashkil etilmaganligi — 262 nafar shaxs;
  • tizimda ish faoliyati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi, sohada byurokratik to‘siqlarning mavjudligi (faoliyatning o‘zi korrupsiyaga yo‘l ochib berganligi) — 598 nafar shaxs;
  • fuqarolarning moddiy manfaatdorlik yoki shaxsiy boylik orttirish yo‘lida jinoyatga qo‘l urishi kabi omillar korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarning sodir etilishiga imkon yaratgan — 642 nafar shaxs.

67 nafar shaxsga nisbatan 45 ta jinoyat ishi tugatilgan. 2 203 nafar shaxsga nisbatan 1 457 ta jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqarilgan. Shundan: 80 nafar shaxsga nisbatan 59 ta jinoyat ishi bo‘yicha oqlov hukmi, 2 123 nafar shaxsga nisbatan 1 398 ta ish bo‘yicha ayblov hukmi chiqarilgan.

Jinoyat ishlari asosan pora berish (1056 nafar shaxs), mansab soxtakorligi (825 nafar shaxs), hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish (184 nafar shaxs) va pora olish (133 nafar shaxs) moddalari bo‘yicha ochilgan.


Tahlillarga ko‘ra, korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar asosan ishsizlar (23 foiz), ta’lim (17 foiz), tibbiyot (7 foiz), bank (5 foiz), qurilish (3 foiz), ichki ishlar (3 foiz) tizimi xodimlari tomonidan sodir etilgan.


Korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha sudlangan shaxslar toifasi:

  • ishsizlar (493 nafar shaxs, shundan 445 nafari pora berish bilan bog‘liq);
  • ta’lim (364 nafar);
  • tibbiyot (161 nafar);
  • bank tizimi (104 nafar);
  • qurilish (74 nafar);
  • ichki ishlar organlari (69 nafar);
  • mahalla fuqarolar yig‘inlari (47 nafar);
  • kommunal xizmatlar (46 nafar);
  • hokimiyat (30 nafar);
  • soliq xizmati (16 nafar);
  • prokuratura (13 nafar);
  • bojxona (7 nafar);
  • sud (3 nafar);
  • milliy gvardiya (1 nafar);
  • boshqa sohalar (741 nafar).

Korrupsion jinoyat bo‘yicha chiqarilgan hukmlar (oqlov, ayblov, ishni tugatish) bo‘yicha shaxslarning toifasi bo‘yicha axborot berilmagan. Shuning uchun ijro hokimiyati organlari, sud yoki prokuratura xodimlari aybdor deb topilganmi yoki oqlanganmi, bu haqida ma’lumot yo‘q.

Oldinroq, korrupsion jinoyatlar asosan kim tomonidan sodir etilishi va 2020 yilda korrupsion holatlar qaysi vazirliklarda ko‘proq uchragani haqida ma’lumot bergan edik.