1 aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat haqida bir qator bayonotlar berdi, deb xabar beradi «Gazeta.uz» muxbiri.

«Joriy yil boshida juda katta mehnatimiz natijasi bilan bor yo‘g‘i o‘rtacha 30−40 nafar bemor aniqlanayotgan edi. Oxirgi ko‘rsatkichlarimiz bir kunda 160−180, 200 dan ham o‘tgan kunlar bo‘layapti. Bu juda yomon ko‘rsatkich», — dedi u.

«Afsuski, bu baloning oxiri ko‘rinmayapti. Yevropa davlatlari yana lokdaunga kiryapti. Qo‘shnilarimizda ham ahvol yaxshi emas. Xavf yonimizda yuribdi. Shuning uchun ogoh bo‘lishimiz kerak. Oldin qanday ishlagan bo‘lsak, shu tartibni tiklaymiz. Iqtisodiyot nuqtai nazaridan juda katta marralar qo‘yganmiz. Agar yopilib qolsak, bu natijalarga erisholmaymiz. Hech qayerni yopmaymiz, lekin tartib-intizomni kuchaytiramiz. Kasallanganlarni ham tez-tez davolash choralarini ko‘rish kerak», — dedi prezident.

Davlat rahbari aholini sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilishga chaqirdi.

Bosh vazir Abdulla Aripovga koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy shtablar faoliyatini kuchaytirish, tunu kun ishlaydigan «koll-markaz"lar va mobil brigadalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi. Dori-darmon va himoya vositalarining kamida 3 oylik zaxirasini shakllantirish, hududlarda 60 ta kislorod stansiyasini ishga tushirib, reanimatsiya va intensiv davolash bo‘limlarini kislorod bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Bosh vazir karantin talablarini buzganlarga nisbatan qonun doirasida choralar ko‘rilishini ta’kidladi.

Shuningdek, u O‘zbekistonga 100 ta kislorodli ko‘chma stansiyalar yetkazib berilishini aytdi. Ommaviy emlash 1 aprelda boshlandi va iyun oyi oxiriga qadar 4 mlndan ziyod xavfli guruhdagilar koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilmoqda.

Covishield vaksinasining 660 ming dozasi (AstraZeneca, yangi nomi -Vaxzevria) va 1 mln doza xitoy-o‘zbek vaksnasi ZF-UZ-VAK2001 dan tashqari, may-iyun oylarida yana 2 mln Vaxzevria dozasini (COVAX doirasida) va aprel-iyun oylarida 3,5 mln dozali ZF-UZ-VAS2001 ni qabul qilishni rejalashtirmoqda.

Bosh vazir shuningdek, O‘zbekiston Rossiyaga 1 mln dozali «Sputnik V» vaksinasini sotib olish to‘g‘risida bitim imzolagani va yuborganini, ammo hozirgacha javob olmaganligini ma’lum qildi.