Mudofaaga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti 210 ta hududiy bo‘linmasi bilan birgalikda Mudofaa vazirligi tizimiga o‘tkaziladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kuni yoshlarni ish bilan ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi.

«Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, davlat rahbari ikki hafta ichida tegishli qaror loyihasini tayyorlashga ko‘rsatma berdi.

«Vatanparvar» jamoat tashkilotining asosiy faoliyati yoshlar va fuqarolarni ma’naviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi bilan shug‘ullanish, ularda vatanparvarlik, Vatanga muhabbat tuyg‘ularini shakllantirishdir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda yoshlarning vatanparvarlik tuyg‘ularini tarbiyalash va ularga kasb-hunar o‘rgatish vazifalarini bajarmayotganligini ta’kidladi.

Avvalroq ushbu yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev rasmiy ravishda 17 foizni tashkil etadigan yoshlar ishsizligi muammosini hal qilish yo‘llarini belgilab bergani haqida xabar bergan edik. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, aslida sonlar bundan ancha yuqori. Davlat rahbari yoshlar muammolarini muvofiqlashtirish va tizimli ravishda o‘rganish vazifasini Davlat xavfsizlik xizmatiga topshirdi.