IIV YHXBB ma’lumotlariga ko‘ra, 11 yanvar kuni soat 07:50larda haydovchi B.A. (1999 yilda tug‘ilgan) Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tumani, Kumidon MFY hududida joylashgan «Afsona-4» avtomobillarga gaz quyish shoxobchasiga kirish uchun navbatda turgan bo‘lgan.

Uning boshqaruvidagi «Damas» rusumli avtomobilning dvigatel qismidagi elektr simlarining qisqa tutashuvi oqibatida yong‘in yuzaga kelgan.

Yong‘in natijasida tan jarohati olganlar yo‘qligi va yong‘in bartaraf etilganligi aytilmoqda.

Hodisa yuzasidan To‘raqo‘rg‘on tumani IIB YHXB va FVB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilib, yong‘in sabablariga aniqlik kiritilmoqda.

Oldinroq, Namanganda gaz uchun navbatda turgan 69 yoshli otaxon vafot etganligi haqida xabar berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, respublikaning bir qator viloyatlarida avtomobillarga gaz quyish kompressor shohobchalari (AGQSH) cheklangan ish rejimiga o‘tkazilgan edi. Gaz quyish shoxobchalari stansiyalari vaqtincha soat 05:00 dan kechki 15:00 gacha ishlamoqda.