Namangan viloyatining To‘raqurg‘on tumanida qalbaki «Gradusnik» spirtli ichimligini iste’mol qilib, zaxarlanganlar soni avval xabar qilinganidek, 12 nafar emas, 13 kishidan iborat. Bu haqda Daryo.uz yozmoqda.

Zaxarlanish oqibatida vafot etkanlar ikki kishidan besh kishigacha yetdi. Mazkur ma’lumotni «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati ham tasdiqladi.

Nashrning aniqlik kiritishicha, zaxarlanganlar orasida — «Sohilobod» mahallasida yashovchi sakkiz nafar yigit 31 dekabr kuni soat 08:10 da tuman tibbiyot birlashmasining reanimatsiya bo‘limiga olib kelingan. Yangi yilning dastlabki kunlari tumanning boshqa mahallalarida yashovchi besh nafar fuqaro ham shifoxonalarga yotqizilgan, ulardan biri Mingbuloq tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan.

Shifokorlarning ko‘rsatgan tibbiy muolajalariga qaramay, zaharlanganlardan dastlab ikki, keyinchalik esa uch nafari hayotdan ko‘z yumdi. Ularning eng kattasi — 52, eng kichigi esa — 36 yoshda bo‘lgan.

Hozirgi vaqtda olti nafar bemor sog‘ayib, uyiga javob berilgan, ikki nafari esa reanimatsiya bo‘limida og‘ir ahvolda qolmoqda.

«Dastlabki xulosalarga qaraganda, zaharlanish „Gradusnik“ nomli qo‘lbola spirtli ichimlik iste’molidan kelib chiqqan. Zudlik bilan aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilgani tufayli boshqa bunday holatlar yuz bermadi», — deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Dilmurod Ismoilov.

Tuman prokurori Elyorbek Talaboyev ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi ochilgani va hozirda tergov harakatlari olib borilayotganini qayd etgan.