UzAuto Motors ishi bo‘yicha sud qarori ustidan kiritilgan appelyatsiya shikoyati oddiy rasmiyatchilik emas, balki aniq hisob-kitoblar asosida berilgan. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Bekzod Ummatov 7 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

«Biz sud qarorini hurmat qilamiz, biroq hisob-kitoblarimizga nisbatan shubhamiz yo‘q, o‘z fikrimizda qolamiz», — qo‘mita raisi o‘rinbosari Bekzod Ummatov.

Shuningdek, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisning birinchi o‘rinbosari Bobir Karimov UzAuto Motors monopoliyasiga qarshi kurashishning yagona yo‘li — kirib kelayotgan avtomobillar uchun bojxona to‘lovini pasaytirish deya ta’kidladi. «Agar raqobat bo‘lsa, ularni tekshirishga ham hojat qolmaydi. Raqobatning o‘zi hammasini joy-joyiga qo‘yadi», — dedi u.

«Agar shu narsa hal bo‘lmasa, „UzAuto Motors“ ishini har yili ko‘rib chiqishimiz, sudda yutishimiz ham mumkin. Biroq bu natija bermaydi, buning davosi — bozorda raqobatni paydo qilish», — deya qo‘shimcha qildi Bobir Karimov.

Eslatib o‘tamiz, 30 oktyabr kuni Toshkent shahar ma’muriy sudi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasining 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi UzAuto Motors AJning shikoyat arizasini qanoatlantirgan edi. Keyinchalik 18 noyabr kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi UzAuto Motors ishi bo‘yicha Toshkent shahar ma’muriy sudi qarori ustidan appelyatsiya shikoyatini kiritgandi.