Universal Mobile Systems (Mobiuz) va Rubicon Wireless Communications (Perfectum) uyali aloqa operatorlari xususiylashtirishga tayyorlanmoqda va Coscom (Ucell) transformatsiya qilinadi, bu haqda davlat ishtirokidagi korxonalarni jadal isloh qilish va davlat aktivlarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi prezident farmonida keltirilgan.

Hujjatda keltirilishicha, Mobiuz ning 100%, Perfectum ning 65% ulushi davlatga tegishli. Ikkala operator ham xususiylashtirishgacha tayyorgarlik ko‘rish va investitsion jozibadorligini oshirish bo‘yicha dasturlar orqali ommaviy kim oshdi savdosiga qo‘yiladigan davlat aktivlari ro‘yxatiga kiritilgan.

Ushbu aktivlarga ilg‘or tajribaga ega bo‘lgan potensial xorijiy investorlarni jalb qilish rejalashtirilgan. Tender savdolari bo‘yicha davlat komissiyasi 15 noyabrga qadar ishchi guruhlar tuzishi va 1 fevralgacha xususiylashtirish oldidan investitsion jozibadorligini oshirish uchun konsalting tashkilotlarini jalb qilishi kerak. Shuningdek, 2021 yil 1 iyulga qadar xususiylashtirish oldidan manzilli tayyorgarlik dasturlari ishlab chiqilishi kerak.

Ucell 100 foiz davlat ulushiga ega bo‘lgan holda, korporativ boshqaruv va moliyaviy audit joriy etilayotgan, ish samaradorligi oshib borayotgan davlat ishtirokidagi korxonalar ro‘yxatiga kiritilgan. Kompaniyani o‘zgartirish jarayoni bilan bir vaqtda bozor munosabatlari tamoyillariga to‘liq o‘tish, raqobat muhitini shakllantirish va xususiy korxonalarni ushbu korxonalar faoliyatiga jalb qilish bo‘yicha harakatlar rejasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

UMS MCHJ Mobiuz brendi ostida ishlaydi. Universal Mobile Systems kompaniyasi 2014 yilda Rossiyaning MTS (50.01%) va Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi (49,99%) qo‘shma korxonasi sifatida ilgari MTS ning sho‘ba korxonasi bo‘lgan va 2012 yil litsenziyasi bekor qilingan «Uzdunrobita» ga asoslangan infratuzilma asosida tashkil etilgan. 2016 yil avgust oyida MTS RRTM dagi o‘z ulushini sotdi. 2018 yil noyabr oyidan boshlab «Raqamli ishonch» nomli raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi operatorning 100 foiz egasiga aylandi. 2019 yil dekabrda UMS rebrendingni amalga oshirdi va nomini Mobiuz ga o‘zgartirdi.

Coscom (Ucell) 1996 yilda tashkil etilgan. 2011 yil iyun oyidan boshlab u Shvetsiya-Finlandiyadagi Telia kompaniyasining filiallari bilan yagona brend ostida ishlaydi. 2018 yil dekabr oyida Coscom (Ucell brendi) uyali aloqa operatorining 94 foiz aksiyalariga egalik qilgan Telia o‘z ulushini davlatga 215 mln dollarga teng miqdorda (qarzsiz) sotdi.

Rubicon Wireless Communication kompaniyasi 1995 yil 25 noyabrda tashkil etilgan. Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra 35 foiz aksiya Amis Protrade International, Inc (Delaver, Nyu-York, AQSH) ga tegishli bo‘lib, qolgan 65 foizga Marvelgate Limited (Gibraltar) egalik qiladi.