12 oktyabr kuni bosh vazir Abdulla Aripov axborot makoni, matbuot kotiblarining samaradorligi, ularning axborot bilan ishlash faoliyatidagi muammo va kamchiliklar hamda boshqa masalalar muhokama qilingan yig‘ilish o‘tkazdi.

«Gazeta.uz» manbasining ma’lumotlariga ko‘ra, yig‘ilishda hukumat rahbari Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Najmiddinxo‘ja Sharipovni tanqid qildi va qo‘mitaning UzAuto Motors kompaniyasiga qarshi harakatlarini populistik deb atadi. Qayd etilishicha, ishni ko‘rib chiqishda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasi xorijiy konsalting kompaniyasi xulosasini olmagan.

Eslatib o‘tamiz, 2 oktyabrdan boshlab Toshkent shahar ma’muriy sudida UzAuto Motors kompaniyasining Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasi qarorini bekor qilish bo‘yicha kiritgan shikoyati ko‘rib chiqilmoqda.

Oldinroq Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasining maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar kompaniya avtomobil narxlarini 3mln so‘mdan 19 mln so‘mgacha asossiz oshirganini tasdiqlagan, narxlarning asossiz oshirilgan qismlarini bekor qilib, avtomobillarni kamaytirilgan narxlarda sotish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. UzAuto Motors esa bunga «avtomobillar narxi asosli va hozir narxni pasaytirish imkonsiz» deya javob qaytargan edi.

Kompaniya o‘shanda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining bayonotlarini populistik, harakatlarini esa mas’uliyatsizlik deb atagan, va ushbu ssenariy eng yirik milliy korxonalardan birini bankrotlikka olib kelishi mumkinligini aytgan edi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining tanqid qilinishiga oid xabarlar tarqalgach, internet foydalanuvchilari, taniqli blogerlar bilan bir qatorda, o‘zlarini ham populist deb atashdi.

«Kimdir tomonidan ixtiro qilingan monopoliyalarni boqishdan charchagan bu mamlakatning ko‘plab aqlli fuqarolari „populistlar“ kabi ko‘rinadi», — deb yozdi Aziza Umarova.

Agar Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi o‘g‘ri va muttaham monopolistlarga qarshi shuncha qilayotgan ishlari ortidan populist deb nomlansa, men ham populistman", — deya ta’kidladi Otabek Bakirov. «Agar yagona saylangan deputat Kusherbayev monopolist «Uzavtomotors»ga qarshi jarayonlarda populist atalsa, men uning yonidaman va bundan faxrlanaman».