Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida sobiq bank boshqaruvchisining tadbirkorlarning 520 mln so‘mlik kredit mablag‘larini o‘zlashtirgani fosh etildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuraturadan ma’lum qilindi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Mirzaobod tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, ATB «Agrobank» Mirzaobod filialining sobiq boshqaruvchisi A.G. tomonidan «T.P.» fermer xo‘jaligi rahbarining xabardorligisiz uning nomidan 17,6 mln so‘m mablag‘larni boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ekt hisob raqamiga o‘tkazilganligi hamda «D.V.» fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan kredit qarzdorligini so‘ndirish uchun bankka to‘langan 17 mln so‘m naqd pullarni o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuborganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, A.G.ning 3 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektga ularning xabardorligisiz jami 520 mln so‘m kredit rasmiylashtirib, o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatib yuborib, talon-toroj qilganligi fosh etilgan.

Ta’kidlanishicha, mazkur holatlar yuzasidan A.G. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.