O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram-kanalida Andijonda IIB xodimlari tomonidan fuqaroning noqonuniy qamoqqa olinishi, qiynoqqa solinib, o‘limiga sababchi bo‘lgani yuzasidan munosabat bildirdi.

«Turli axborot manbalarida berilayotgan qiynoqlar bilan bog‘liq ma’lumotlar bu kabi salbiy illatlar afsuski tizimda uzoq yillar davom etib bugungi kunlarga ham ulanib ketayotganligini ko‘rsatmoqda: samarqandlik ayolning yechintirilishi, ichki ishlar binosida odamning o‘lib qolishi, andijonlik fuqaroning qiynoqlarga solinishi, Bosh prokuratura tergovchilarining „Bekobod ishi“ doirasida odamlarni shavqatsiz qiynoqqa solishi va kuni kecha Andijonda qiynoqlar oqibatida bir insonning o‘lishi aslida inson huquqlarini ta’minlashni bo‘yniga olgan idoralarning ayrim „psixologik buzilgan“ shaxslaridan oddiy odamlarni himoya qiladigan alohida kuchli tuzilma zarur bo‘lib qolganligini ko‘rsatmoqda. Balki ombudsman vakolatlarini oshirish kerakdir. Bilmadim…» — deb yozdi deputat.

«Eng qizig‘i tizimga nisbatan ijodiy parodiya qilgan ijodkorlarni ham kechirim so‘rattirish darajasiga yetib kelgan „farishta“ tizim rahbariyati o‘z xodimlari qonunbuzilishining og‘ir ko‘rinishlariga yo‘l qo‘yganda ham hokisor xalq oldida hech bo‘lmasa bir bor kechirim so‘ramasa. Manmanlik va kibr ham shunchalikmi, axir ularga vakolat bergan, ko‘klarga ko‘tarib siylagan shu xalq emasmi? Vaholanki tizimni kulguga olgan ijodkorlar ham, tanqid qilayotgan boshqalar ham ular kabi „odam o‘ldirish“ darajasiga borishmayapti», — deya davom ettirdi Rasul Kusherbayev.

Deputat har bir tizimdagi kamchilik yoki yutuq bevosita ushbu sohaga rahbarlik qilayotgan shaxslarning qobiliyati, xalqqa sadoqat, inson huquqlarini himoya qilish yo‘lida ishni tashkil qila olishiga bog‘liq ekanini ta’kidlar ekan, jamoatchilikka ma’lum bo‘lib qolayotgan so‘nggi voqealar (aslida bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin) ichki ishlar tizimiga rahbarlik qilib kelayotgan shaxslarning faoliyatiga bo‘lgan yondoshuvni qayta ko‘rib chiqishni taqazo etayotganini ta’kidladi. «Hozirgi vazirimizni xalqparvar, deb eshitganman. Ammo bo‘lib o‘tgan holatlar ularning iste’fo vaqti yetib kelganini ko‘rasatayapti», — dedi u.

U amaldagi ichki ishlar vazirini xalq oldida tizimning obro‘si tushishi, odamlarning e’tirozlari, xodimlarning bosar-tusarini bilmay IIBda qiynoq, o‘ldirish kabi ishlarni «tabiiy holga aylanib» borishida eng minimal darajada bo‘lsa aybdor ekanini ta’kidladi. U bu kabi salbiy holatlar to‘g‘risida ularning rahbarlik davrida ko‘proq eshitilayotganini aytib o‘tdi.

«Bizga xalq bergan vakolat, Prezident bildirgan ishonchni inson huquqlarini buzish emas, ta’minlash yo‘lida ishlatib, xalqni rozi qilish uchun mehnat qiladigan „tili va ishi bir“ qonun himoyachilari kerak», — deya o‘z munosabatiga yakun yasadi deputat.