Urgench shahar tibbiyot birlashmasidan 13 nafar, Xorazm viloyat endokrinologiya dispanseridan 21 nafar, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan 1 nafar, jami 35 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar butunlay sog‘aydi. Bu haqda sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Bemorlar viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Sog‘ayganlarning 31 nafari barchasi Rossiyadan charter reys bilan kelishgan, koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyatdagi shifoxonalariga joylashtirilgan. Qolgan 4 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan.

Ulardan 29 nafari erkak, 6 nafari ayollardir. Bemorlarning 6 nafari Buxorodan, 5 nafari Xorazmdan, 4 nafardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Andijondan, 3 nafardan Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlaridan, 2 nafardan Namangan, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridan bo‘lsa, 1 nafardan Jizzax va Surxondaryo viloyatlaridan.

Bemorlarning eng yoshi kattasi 58 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 7 yoshda. Xorazm viloyatidan ayni paytga qadar 10 nafar bemor butkul sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 45 nafarga yetdi.

Bunda, shubhasiz, Xorazm viloyatidagi fidoyi tibbiyot xodimlarining alohida hissasi bor. Ularning sa’y-harakatlari, xalqaro standarlar asosida davo choralari ko‘rilgani bemorlarning tuzalishiga zamin yaratdi.

O‘zbekiston bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan sog‘aygan bemorlar 407 nafarni tashkil etmoqda.