O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Farg‘ona viloyati Yozyovon tuman tibbiyot birlashmasining tug‘ruq bo‘limida homilador ayolning vafot etgani yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda MY5 telekanalining 33 yoshli N. Sh. ning tug‘ruqxonada vafot etganiga bag‘ishlangan telelavha tarqaldi. Videoda ayolning turmush o‘rtog‘i tug‘ruq vaqtida unga hech kim yordam bermaganini ma’lum qilgan.

«Burnidan qon kelib o‘lib yotibdi. Umuman yordam ko‘rsatilgani yo‘q. Nimaga men oynani sindirdim? O‘zi kallam joyida, kesin vrachlar, deb sindirdim. Ungacha hech qaysi doktor kelgani yo‘q. Bir soatdan keyin mana shu bosh shifokorni prokuratura chaqirib olib keldi», — dedi u.

Marhumaning qarindoshi shifoxonadagi barcha akusher vrachlarning nafaqaga chiqqanini ta’kidladi.

«Tug‘ruqxonamizda to‘rtta akusher shifokor bo‘lsa, hammasi pensiyaga chiqqan. Bersin yoshlarga o‘rnini. Shu yoshlarga oyna bo‘lsin, pul olmasin, korrupsiya bo‘lmasin. Shu korrupsiya yo‘q bo‘lsa, shu o‘limlar ham bo‘lmaydi», — dedi u.

Yana bir qarindosh ayolning taxminicha, N. Sh. ni tug‘ruqxonada tashqi ko‘rinishiga qarab qabul qilishni xohlashmagan.

«Bular qishloqning odamlari, (yaxshi) kiyinmay borgan. Bularning aft-angoriga qarab, ulardan hech qanday mablag‘ chiqmasligini bilgan. Shuning uchun befarq bo‘lishgan. Shu doktorning jazosini olishini so‘raymiz», — dedi u.

Marhumaning onasi qizini bir necha marta tug‘ruqxonaga olib borgani, biroq bir marta ham akusher shifokorni uchratmaganini so‘zlab berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hamshira homila hali «ochilmagan ekan», deya uyga qaytarib yuborgan.

Tuman shifoxonasi xodimining aytishicha, N. Sh. sog‘lom bo‘lgan, tahlillarni o‘z vaqtida topshirgan va o‘zini yaxshi his etgan.

Yana bir erkak tibbiyot xodimi (taxminan, tug‘ruqxona bosh shifokori) ayolning kasalxonaga olib kelinganidan 10−15 daqiqa o‘tib vafot etganini ma’lum qildi. U o‘lim sabablarini aniqlash uchun tekshiruvlar yakunlarini kutish kerakligini ta’kidladi.

Lavhada qayd etilishicha, N. Sh. ning yana ikki farzandi bo‘lgan.

Bosh prokuraturaning aniqlashicha, 33 yoshli ayol tug‘ruq paytida (39 haftalik homilasi bilan) vafot etgan.

Holat bo‘yicha qator tergov harakatlarini o‘tkazmasdan turib, qonuniy to‘xtamga kelish imkoniyati yo‘qli sababli 4 aprel kuni Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.