Mirzo Ulug‘bek tumanida Toshkent tibbiyot akademiyasi 3-shifoxonasi («eski ToshMI») qarshisida Movarounnahr ko‘chasidan Abdulla Qodiriy ko‘chasiga qayta burilish joyini tashkil etish rejalashtirilmoqda, deya xabar qildi Toshkent IIBB matbuot xizmati. Huquqni muhofaza qilish organining mazkur tashabbusini shahar hokimiyati ham qo‘llab-quvvatladi.

«Hozirgi vaqtda ushbu masalani kamroq xarajat bilan hal qilish yo‘llari ko‘rib chiqilmoqda», — deyiladi xabarda.

Qayta burilish joyining taxminiy sxemasi. Kattalashtirish uchun ustiga bosing. Manba: Toshkent IIBB.

Haydovchilarga ushbu burilish joyi Mavorounnahr ko‘chasining burilishdan park tomonga qayrilib, ko‘prikkacha bo‘lgan hududidan foydalanish imkonini beradi. Ushbu hududda ilgari harakat faqat bir tomonga — ko‘prikdan Darxon tomon bo‘lgan.

Xabarda qayd etilishicha, qayta burilish joyini tashkil etish bilan bog‘liq ishlar davomida daraxtlar kesilmaydi, butazorlar esa qayta o‘tqaziladi.