Dmitriy Romanovich Li O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori etib tayinlandi, deya xabar qildi agentlik vakili «Gazeta.uz"ga.

U mehnat faoliyatini xalq ta’limi tizimi ta’minoti sohasida boshlagan, so‘ngra mashinasozlik va metallurgiya sohasida ishlab, turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

2017 yil avgustdan LBMA direktori o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 2018 yil iyunida Dmitriy Li O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasiga rahbar bo‘ldi.

Agentlikning avvalgi direktori Shuhrat Sodiqov o‘tgan yilning avgustida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri bo‘ldi.

Loyiha boshqaruvi milliy agentligi prezidentning 2017 yil 24 iyuldagi farmoni bilan tashkil etilgan. Dekabrda LBMA elektron hukumat sohasida, iyulda esa raqamli iqtisodiyotni joriy etish va rivojlantirish sohasida vakolatli organ etib belgilangan edi.