Andijon viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi, «Do‘stlik» chegara bojxona posti va Xo‘jaobod tumani ichki ishlar xodimlari bilan xamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida navbatdagi huquqbuzarlik holati fosh qilindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar berdi.

Tezkor tadbir davomida kuzatuvga olingan bir qator tashmachi shaxslar «Do‘stlik» chegara bojxona posti oldidagi avtoturargohda o‘zlari bilan ma’lum bir haq evaziga go‘yoki shaxsiy foydalanish uchun deya olib o‘tilgan tovarlarni ularning haqiqiy egalariga qo‘shqo‘llab topshirishayotganligi fosh bo‘ldi.

Ya’ni, tashmachilar olib o‘tib berayotgan tovarlar ortilgan yengil avtomashina yukxonasi va saloni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda, unda 4 nafar fuqarolarga tegishli bo‘lgan, xorijda ishlab chiqarilgan, tabiiyki hech qanday xujjatlari bo‘lmagan, tijorat maqsadida olib kirilgan salkam 23 mln. so‘mlik ayollar kiyim-kechaklari borligi aniqlandi.

Holat yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.