24−26 mart kunlari bo‘lib o‘tgan ikkinchi IYS-2017 Xalqaro yoshlar sammitida O‘zbekistonda 2017 yilda amalga oshiriladigan beshta ijtimoiy loyiha tanlab olindi.

Ishtirokchilar sammitda olgan bilimlari asosida o‘ziga xos ijtimoiy loyihalarni ishlab chiqishdi. Jami bo‘lib 15 loyiha taqdim etildi. Ular orasidan yil davomida hayotga tatbiq etiladigan beshtasi tanlab olindi.

«A» guruhi vakillari ijtimoiy tarmoqlarda ingliz tilida milliy brendlar, turizm, iqtidorli yoshlar va yoshlar siyosatiga bag‘ishlangan tadbirlarni yorituvchi HelloTV.uz televizion kanali loyihasini ishlab chiqdi. HelloTV.uz Facebook tarmog‘ida faoliyatini boshladi.

«B1» guruhi «Be one for health» nomi ostida bloglar va qisqa metrajli filmlar, seminar va treninglar tashkil etish orqali sog‘liqni saqlash sohasida aholi savodxonligini oshirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan loyihani ilgari surdi.

«C2» guruhining «Zero Balance» loyihasi esa veb sayt orqali tadbirkorlarga investitsiyalar uchun egasiz yerlar, ularda tuproq unumdorligi, iqlim sharoitlar, yer uchastkasining texnik xususiyatlari va joylashuvi haqida ma’lumotlarni taqdim etadi.

«D» guruhi «Annual Youth Plenary Session» loyihasi bilan yoshlarning har yillik yalpi yig‘ilishini o‘tkazish, bunda parlament faoliyatini modellashtirish va yoshlarning senator va deputat rollarini ijro etishlariga sharoit tug‘dirishni taklif qildi.

«E» guruhi a’zolari va ularning «Hearbeat» loyihasi yosh ota-onalar va yangi tashkil etilgan oilalar uchun treninglar o‘tkazib, ular uchun sport tadbirlarini tashkil etish hamda ularning oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishlariga ko‘maklashish bilan shug‘ullanishlarini tashkil etadi.

IYS sammitidan ko‘zlangan asosiy maqsad — mamlakat rivojiga o‘z hissasini qo‘sha oladigan ko‘ngillilarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Birinchi yoshlar sammiti natijasida YLDP Summer School (Yosh yetakchilarning yozgi maktabi), Plov4Love (Palov festivali), Back2Reality (Oilaviy sport estafetasi) kabilar Young Leaders Development Project (YLDP) — Yosh yetakchilarni qo‘llab-quvvatlash loyihasi ko‘magida yil davomida amalga oshirildi.

Mazkur tadbir va YLDP loyihasi O‘zbekiston ingliz tili o‘qituvchilari assotsiatsiyasi (UzTEA), Nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi hamda qator davlat va jamoat tashkilotlari tashabbusi bo‘lib, tadbirkorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

IYS loyihasi Oliy Majlis huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Foto