Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov va vazir o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova o‘z lavozimlaridan ozod etildi.

Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatovning xabar berishicha, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan Komiljon Xamidovich Karimov Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetining rektori etib tayinlandi. U mazkur lavozimda Baxrom Ravshanovich Mirkasimov o‘rnini egalladi.

Komiljon Karimov 1993-yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini, 1996-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Buyuk Britaniyadagi Vestminster universiteti qoshidagi London diplomatiya akademiyasida diplomatiya asoslari bo‘yicha sertifikatlangan kursini tamomlagan.

U faoliyati davomida YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Tashqi ishlar vazirligida qator mas’ul lavozimlarda, shuningdek, Fransiyadagi elchixonaning uchinchi kotibi bo‘lib ishlagan.

Komiljon Karimov 2015—2020-yillarda Vestminster universiteti rektori, 2020−2021-yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori bo‘lgan.

2021−2022-yillarda esa oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari, 2023-yildan esa oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgandi.

Shahlo O‘tkurovna Turdiqulova esa Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti lavozimida ish boshlaydi.Shahlo Turdiqulova.Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.Shahlo Turdiqulova.
Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.

Shahlo Turdiqulova 1973-yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1995-yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetini tamomlagan. Turdiqulova — biologiya fanlari doktori, professor. “Do‘stlik” ordeni sohibasi.

U 2018−2020-yillarda Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori bo‘lgan.

2020-yil oktabridan 2021-yil apreliga qadar innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari, 2021-yil aprelidan 2023-yil yanvariga qadar vazir o‘rinbosari, 2023-yil yanvaridan buyon oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.