Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev rivojlangan mamlakatlarda mehnat resurslariga talab yuqoriligi va bu mamlakatlarning O‘zbekistonga qiziqish bildirgani haqida gapirdi. Bu haqda u prezident Shavkat Mirziyoyev bilan mehnat migratsiyasini tartibga solish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish yakunlari bo‘yicha ma’lumot berdi.

“Hozirgi kunda dunyo rivojlangan mamlakatlarida mehnat resurslariga bo‘lgan talab juda yuqori. Bu demografik faktor, tug‘ilishning kamayishi bilan bog‘liq. Misol uchun, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Sharqiy Yevropa mamlakatlari — Polsha, Vengriya, Sloveniyada bir qator mehnat resurslariga bo‘lgan talab bor. Ularni talablarining eng qiziqarli tomoni, albatta, oyligi yuqori. Eng kichik oylik malakasi, yo‘nalishiga qarab 1500 dollardan 3000 dollargacha”, — dedi Behzod Musayev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekiston 2000 nafar o‘zbekistonlik yosh fuqarolarni 5−6 oy muddatga mavsumiy ishlar uchun Buyuk Britaniyaga jo‘natgan.

“Bu yangi kasb va yangi standartlarni o‘rganish imkoniyatini beradi, shunda ular o‘z yurtiga qaytib kelgach, shaxsiy biznesini yaratish uchun moliyaviy imkoniyatga ega bo‘ladilar. Shu sabablarga ko‘ra, Bandlik vazirligiga mahalladan boshlab shunday shaxslarni tanlash bo‘yicha juda jiddiy vazifa qo‘yildi”, — dedi u.

“Eng asosiysi, shu ishga ketmoqchi bo‘lgan odamda, albatta, xarajatlari bo‘ladi. Ya’ni viza olish, til o‘rganish, kasb o‘rganish, yuridik, sog‘lig‘ini muhofaza qilish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar bo‘ladi. Har bir xarajatni shunga ehtiyoji bo‘lgan shaxslarga davlat tomonidan mablag‘ni ajratish haqidagi aniq ko‘rsatmalar ham berildi”, — dedi Behzod Musayev.

Prezident Shavkat Mirziyoyev avvalroq O‘zbekiston fuqarolarining tashqi mehnat bozoriga chiqishini osonlashtirish, mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarning bandligini ta’minlash choralarini ko‘rish vazifasini qo‘ygan edi. Shu bois mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Xususan, migrantlarning ishchi viza, yo‘l chiptasi, xorijiy til va kasb bo‘yicha malakani baholatish xarajatlari qisman qoplanadi. Chet tili bo‘yicha xalqaro yoki unga tenglashtirilgan sertifikat olgan fuqaroga til o‘rganish uchun sarflagan xarajatining 50 foizi qoplab beriladi.

Mehnat migratsiyasi oqimining diversifikatsiyasi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi avvalroq Germaniyada o‘zbekistonliklar uchun 50 ming bo‘sh ish o‘rni mavjudligi haqida e’lon bergandi. Fuqarolar hamshiralik, haydovchilik kasblari, shuningdek, mehmonxona, restoran, turizm va boshqa sohalarda ishlashi mumkin.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev Kanadaning O‘zbekistondagi elchisi Alam Xemson bilan uchrashib, mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qilgan.

O‘zbekistondan mehnat migratsiyasi oqimi asosan bir qancha yaqin mamlakatlarda, xususan, pul o‘tkazmalari oqimining asosiy qismini tashkil etuvchi Rossiya va Qozog‘istonda to‘plangan. Shu bilan birga, Markaziy banki qayd etganidek, asta-sekin bu oqimlarda geografik diversifikatsiya kuzatilmoqda. Xususan, Rossiyadan pul o‘tkazmalarining ulushi 87 foizdan 78 foizga kamaygan.

2022-yilda mamlakatdagi mavsumiy ishchilarning qariyb chorak qismi Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistondan kelgan. Mamlakatda mavsumiy mehnat muhojirlari soni bo‘yicha O‘zbekiston Ukrainadan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.

Avvalroq prezident chet elda ishlayotgan o‘zbekistonliklarning aksariyati oddiy va og‘ir, kam ish haqi to‘lanadigan mehnat bilan shug‘ullanayotganini aytgandi. Rivojlangan mamlakatlar bilan juda katta kelishuvlar doirasida 150 ming ishchiga buyurtma berilgan bo‘lsa-da, bor-yo‘g‘i 9 ming ishchi yuborilgan. Bandlik vazirligiga 100 ming ishchiga kasb-hunar va til o‘rgatib, uyushgan holda chet el korxonalariga ishga yuborish vazifasi topshirilgan.