Yanvar-fevral oylarida O‘zbekiston 166,7 million dollarlik gaz import qildi, bu raqamlar Statistika agentligining “Gazeta.uz” o‘rgangan tashqi savdo ma’lumotlarida aks etgan.

Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 95,6 barobar ko‘pdir, o‘shanda yetkazib berish hajmi 1,7 million dollarni tashkil etgan.

Yanvar oyida mamlakatga 35,6 million dollarlik “moviy yonilg‘i” import qilingan bo‘lsa, fevralda bu ko‘rsatkich 3,7 barobar ko‘p, ya’ni 131,1 million dollarni tashkil etdi. Agentlik an’anaviy ravishda yetkazib berishning fizik hajmini oshkor qilmaydi.

Yil boshidan buyon O‘zbekiston, shuningdek, 26,7 million dollarlik gaz eksport qildi: yanvarda — 21 million dollar, fevralda — 5,7 million dollar. Ammo Xitoy bojxona bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy O‘zbekistondan 57,38 million dollarlik (yanvarda — 38,77 million dollar, fevralda — 18,6 million dollar) gaz import qilgan, bu O‘zbekiston tomoni e’lon qilgan hajmdan ikki barobar ko‘p.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning yanvar-mart oylarida, energetika inqirozi sharoitida O‘zbekiston Xitoyga gaz eksport qilmadi (Xitoy tomoniga ko‘ra), faqat aprel oyida yetkazib berishni tikladi. Joriy yilda ham mamlakatda gaz va elektr taqchilligi kuzatildi, bu esa elektr energiyasini yetkazib berishda bir necha bor cheklovlarga va yonilg‘i quyish shoxobchalarining yopilishiga olib keldi.

“Gazeta.uz” avvalroq O‘zbekistondan Xitoyga gaz yetkazib berish bo‘yicha statistikalar bir necha karrasiga farq qilayotgani haqida yozgan. Keyinroq energetika vaziri buni Xitoy statistikada turkman gazining tranzitini hisobga olgani bilan izohlagan. Biroq “Gazeta.uz” hisoblab, hatto tranzitni qo‘shganda ham statistika keskin farq qilayotganini aniqlagan.

2023-yil 7-oktabrdan O‘zbekiston gazni Rossiyadan Qozog‘iston hududi orqali shimoliy yo‘nalishda import qilmoqda. Rasmiylar “shimoldan” gaz importi hajmini oshirish uchun magistral gaz tizimini 500 million dollarga modernizatsiya qilmoqchi. O‘zbekiston endi bu yo‘nalish orqali Rossiya gazini oladi. Yetkazib berish hajmini kuniga 9 million kubometrdan 32 million kub metrgacha oshirish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Energetika vazirligi rahbari avvalroq mamlakat Turkmanistondan gaz import qilish bilan parallel ravishda uzoqroqda bo‘lgan Rossiyadan ham gaz import qilayotgani haqida gapirib, masalaning siyosiy oqibatlariga izoh bergandi. “Siyosiy omillarga bog‘lash noto‘g‘ri deb o‘ylayman, bu tijoriy munosabatlar”, — degan u.

2023-yili O‘zbekiston eksport qilganidan ko‘ra ko‘proq gaz import qildi. Yetkazib berish hajmlari orasidagi farq 165 mln dollardan oshdi. “Gazeta.uz” mamlakat ichidagi ulkan gaz zaxiralariga qaramay, bunday holat yuzaga kelishiga sababchi bo‘lgan omillarni tahlil qilgandi.