2025-yilda Samarqand shahrida YUNESKO — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqdagi qaror 2023-yilning noyabridagi avvalgi sessiyada qabul qilingan. “Gazeta.uz” yozganidek, tadbir 1985-yildan buyon ilk bor Parijdan tashqarida o‘tkaziladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-mart kuni xalqaro forumga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatda “keyingi yillarda O‘zbekistoning YUNESKO bilan hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilgani, mamlakatning jahon hamjamiyatidagi obro‘sini yanada oshirish va mustahkamlashda, ikki va ko‘p tomonlama hamkorliklarni kengaytirish va chuqurlashtirishda uning muhim platforma vazifasini o‘tab kelayotgani” qayd etilgan.

“2017−2023-yillarda milliy madaniy merosning 14 ta noyob namunasi YUNESKOning ro‘yxatlaridan joy olib, insoniyat merosi sifatida xalqaro miqyosda e’tirof etildi. Buxoro shahri Ijodkor shaharlar tarmog‘iga kiritildi. 2023-yil sentabr oyida YUNESKO Bosh qarorgohida buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligi keng nishonlandi”, — deyiladi qarorda.

Qaror bilan bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida YUNESKO Bosh konferensiyasiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tashkil etildi.

Sessiya Silk Road Samarkand sayyohlik majmuasida bo‘lib o‘tadi. Tashkiliy qo‘mita sessiyani o‘tkazish bilan bog‘liq barcha masalalarni hal qilib boradi. Xususan, Samarqand shahrida tadbirlar o‘tkaziladigan joylarni zamonaviy texnik va telekommunikatsiya uskunalari bilan jihozlash hamda Toshkent va Samarqand shaharlaridagi obyektlar va zarur bo‘lgan mehmonxona fondini tayyorlash vazifasi yuklatildi.

Sessiya doirasida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlarida madaniy tadbirlar, ekskursiyalar va qabullar tashkil etiladi.

Sessiyaning Samarqand shahrida o‘tkazilishining ahamiyati haqida media mahsulotlar hamda audiovizual asarlar yaratilishi reja qilinmoqda. Ularni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida efirga berib borish, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish, xeshteg va chellenj kabi usullarni qo‘llash orqali keng targ‘ib qilish choralarini ko‘rish ko‘zlangan.

“Samarqand — jahon tamaddunlari chorrahasida” kitob-albomni o‘zbek, rus, ingliz va fransuz tillarida chop etish, pochta markalari va konvertlar turkumini yaratish, taqvimlar va ko‘rgazmali targ‘ibot vositalari, esdalik tangalari, kumush va oltin tangalarning muomalaga chiqarilishini tashkil qilinadi.

Tashkiliy qo‘mita ishchi organi Madaniyat va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi hisoblanadi. Sessiyani tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy operator “InterForum” davlat unitar korxonasi bo‘ladi. Vazirliklar va idoralarning birinchi rahbarlari ushbu qarorda nazarda tutilgan topshiriqlar, shuningdek, tashkiliy qo‘mita hamda ishchi organning boshqa tezkor ko‘rsatmalari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

Qarorga muvofiq, 1-apreldan boshlab O‘zbekistonning YUNESKO huzuridagi doimiy vakolatxonasi shtatlar jadvaliga maslahatchi va ikkinchi kotib ikkita qo‘shimcha shtat birligi kiritiladi, shuningdek, doimiy vakolatxonaga qo‘shimcha bitta transport vositasini saqlashga limit ajratiladi.

Tashkiliy qo‘mita, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, tegishli vazirlik va idoralar ushbu qarorga muvofiq “davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixi, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosi hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini xorijiy davlatlarda keng targ‘ib qilish” hamda ular bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlarini belgilangan tartibda amalga oshiradi.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tegishli vazirlik va idoralar Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda — sessiyaning mamlakatda o‘tkazilishining ahamiyatini, shuningdek, “O‘zbekiston jahon siyosatining markazlaridan biriga, global tashabbuslar muallifiga aylanib borayotganini atroflicha ochib berishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etadi”.

Madaniy meros agentligi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda Samarqand shahridagi tegishli madaniy meros obyektlarini asrashga doir ishlarni hamda immersiv va mavzuli ko‘rgazmalarni tashkil etish vazifasi yuklatildi.