5-mart kuni Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi va BMT Taraqqiyot dasturi baliq yetishtirishning barqaror amaliyotini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutiga zamonaviy anjom va uskunalar topshirdi, deya xabar qildi BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati.

Taqdim qilingan asbob-uskunalar orasida suv sifatini nazorat qiluvchi qurilmalar, suvni filtrlash va tozalash uchun akvakultura resirkulyatsiyasi tizimlari, shuningdek, quyosh suv isitgichlari mavjud. Ular baliqchilik xo‘jaliklaridagi suvning sifati va energiya samaradorligini oshirish orqali baliqlarning yashash sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiladi.

“Sog‘lom baliq, sog‘lom oziq-ovqat sifatida kishilarning sog‘lom bo‘lishini anglatadi. Zamonaviy suv filtrlari esa baliq fermasidan chiquvchi zararli va atrof-muhitni ifloslantiruvchi moddalardan xalos etishga ko‘maklashadi va atrof-muhit yaxshilanishiga hissa qo‘shadi. Bundan tashqari, baliqlar rivojlanishining ilk bosqichlarida ularning o‘sishiga sezilarli darajada hissa qo‘shuvchi quyosh suv isitgichlaridan foydalanish orqali elektr energiyasini barqaror ravishda tejashga erishiladi”, — dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamkorlik bo‘limi rahbari Vim Riyepma.

BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili v.b. Anas Qarman o‘z nutqida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, bir kishi bir yilda 16 kilogrammdan, milliy me’yor bo‘yicha esa 12 kg dan kam bo‘lmagan miqdorda baliq iste’mol qilishi zarurligini, biroq O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 3,5−4 kilogrammni tashkil etayotganini ta’kidladi. Bu keng qamrovli baliq yetishtiruvchi texnologiyalarining eskirgani bilan bog‘liqdir. Muammoni hal etish maqsadida prezidentining 2022-yilda baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi farmoni imzolangan.

Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan va BMTTD tomonidan amalga oshirilayotgan EU-AGRIN loyihasi baliq yetishtirishda suvni qayta ishlash va uni quyosh energiyasi yordamida isitish va boshqa zamonaviy usullarni joriy etishga qaratilgan Innovatsion guruh sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Guruh kichik hajmli havzalarda (basseynlarda) intensiv usulda baliq yetishtirish texnologiyasini joriy etish bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, u baliqlarning salomatligi va sog‘lom o‘sishini qo‘llab-quvvatlovchi kislorod miqdorini oshiruvchi tizimni havzalarga joriy qiladi.

Yevropa Ittifoqi tomonidan beg‘araz taqdim etilgan uskunalar Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Farg‘ona viloyatidagi Beshariq kasb-hunar maktabi orqali tadqiqot va amaliyot ishlarini olib borishga hamda loyiha natijalarini keng joriy etishga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.