Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasidagi 22-sonli turar-joy binosi buzilishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlar yana muhokamalarga sabab bo‘ldi.

1956-yilda qurilgan “stalinka” qaysidir bir quruvchining “manfaatlar zonasi"ga tushib qolganligi to‘g‘risida dastlabki xabarlar o‘tgan yilning oktabrida tarqalgan edi. Facebook’dagi “Tashkent-Snos” hamjamiyatida e’lon qilingan postlarga qoldirilgan izohlarda o‘zini shu uyda yashovchi aholi vakili deb tanishtirgan tarmoq foydalanuvchisi — Asqar Zaitov uy hovlisida “qurilish patruli” — “sport bilan shug‘ullangan, soqolli yigitlar” paydo bo‘lgani haqida yozgan edi.

“Ular bu qurilishga qarshilik ko‘rsatayotganlarga nisbatan ayniqsa faol partizanlik urushini olib boryapti. Turar joy mulkdorlarini bir-biriga qarama-qarshi qayrayapti”, — deb yozgan u.

madaniy meros, shota rustaveli, snos

Zaitovning so‘zlarini ushbu “stalinka” qurilishida qatnashgan quruvchilardan birining nevarasi Liliya Shester ham tasdiqlagan.

“Ular har kuni qo‘shnilarning yo‘lini poylab o‘tiradi, [ularni o‘z uylarni] sotishga majbur qilishga urinadi. Bulardan allaqachon charchadik… Yakkasaroy tumani hokimligiga ham yozib ko‘rdim, hozircha javob yo‘q. Hovlimizda asosan keksalar yashaydi, ularni joyidan qo‘zg‘atish mumkin emas. Ular hozir na ko‘chishni, na ta’mirlashni ko‘tara oladi”, — deb yozadi ayol.

Aholining so‘zlariga ko‘ra, 2023-yil oktabr holatiga quruvchi 12 ta xonadondan 3 tasini sotib olgan, 4 tasining egalari esa uyning sotilishi va buzilishiga mutlaqo qarshi.

madaniy meros, shota rustaveli, snos

Bugun to‘rt qavatli uyda ikkita oila qolgan bo‘lib, ular “quruvchi bilan muzokaralar bosqichi” maqomida yashab kelmoqda.

“Bu ular bilan muzokaraga tayyorligimizni anglatmaydi, shunchaki bizda boshqa tanlov yo‘q. Kirish yo‘lagi (pod'ezd)mizni buzish allaqachon boshlab yuborilgan, romlar yechib olinyapti. Ahvol shu darajadaki, bu uyda qolishning o‘zi noqulay”, — deydi shaxsi sir saqlanishini istagan aholi vakillaridan biri “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda.

Suhbatdosh kim bilan muzokara olib borishga to‘g‘ri kelayotganidan ham bexabar — u na quruvchi kompaniyaning nomini, na uy hovlisida xonadonlarni sotib olish taklifi bilan paydo bo‘lgan odamlarning ismlarini biladi.

“Ular bizga o‘zini tanishtirmadi, hech qanday hujjat taqdim etmadi — bunday qilishga majbur emasliklarini aytishdi. Har safar har xil odamlar keldi. O‘zimizga va uy boshqaruvchisi v.b.ga murojaat qilishdi, chunki uning ham o‘z manfaatlari bor. Boshqalarning ochko‘zligi tufayli shunday ahvolga tushib qoldik”, — deydi ayol.

madaniy meros, shota rustaveli, snos

Uning so‘zlariga ko‘ra, “stalinka"ning avariya holatida ekanini tasdiqlovchi hujjatlar yo‘q. Yashash joyining hozirgi holati ayolni qoniqtiradi.

Uy hatto ta’mirlashga ham muhtoj emasligi haqida Liliya Shester ham ta’kidlagan: “Uyni avariya holatida deb tan olingan, deyishyapti, lekin bunday bo‘lishi mumkin emas! Uy 1966-yilgi zilzilaga bardosh bergan va hatto hech qanday yoriq paydo bo‘lmagan. [Bugungi kun holatiga] barcha quvurlar almashtirilgan, devorlari yarim metr qalinlikda, tomi yangi, kirish yo‘lagidagi derazalar yaqinda almashtirilgan”.

madaniy meros, shota rustaveli, snos

“Gazeta.uz” suhbatlashgan ayolning fikricha, agar uy aholisi ko‘chirib yuborilmaganida, uni saqlab qolish mumkin bo‘lardi. Egalari uyning buzilishini yoqlab chiqqan dastlabki ikkita xonadon sotilganidan so‘ng, boshqa xonadonlardagi aholini ham ko‘chirish boshlandi.

“[Quruvchi kompaniya vakillari] avvaliga jamoaviy tarzda berilgan rad javobini olgach, taktika o‘zgardi. Eski qo‘shnilaridan boshlab hamma bilan alohida gaplasha boshlashdi. Kimnidir ko‘ndirishdi, kim bilandir kelishishdi, shunday qilib, hammasi sotilib ketdi”, — deydi ayol.

Suhbatdosh uy qachon buzilishi mumkinligi haqida hech narsa bilmaydi. Uning fikricha, buning uchun quruvchiga ruxsat berilmagan — “agar [bunga ruxsati] bo‘lganida, allaqachon burnimiz tagiga olib kelib ko‘rsatgan bo‘lishardi”.

“Biz uyda yashashda davom etar ekanmiz, uni qanday qilib buzishlari mumkin?” — so‘raydi ayol.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, birinchi qavatdagi noturar-joyni tez orada “ChayKof” qahvaxonasi filiali bo‘shatadi. U nisbatan yaqinda — 2019-yil avgust oyida ochilgan. “Gazeta.uz” muxbiri “ChayKof” qahvaxonalar tarmog‘ining boshqaruvchi hamkori Alina Simermanga murojaat qildi. U ko‘chish haqidagi ma’lumotga izoh bermadi va quruvchi kim bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolga javoban kompaniya nomini bilmasligini ma’lum qildi.

madaniy meros, shota rustaveli, snos

“Gazeta.uz” mazkur ish yuzasidan izoh olish maqsadida tuman va poytaxt hokimliklariga murojaat qildi, biroq har ikkala tashkilot ham quruvchi haqida ma’lumotga ega emasligini bildirdi.

O‘tgan yilning oktabrida, mazkur “stalinka"ning buzilishi haqidagi xabarlarning birinchi to‘lqinidan so‘ng, Yakkasaroy hokimligi matbuot xizmati hokimlik “yuqorida ko‘rsatilgan manzildagi uyning buzilishiga taalluqli qandaydir hujjat” mavjudligidan bexabar ekanligini ma’lum qilgandi. Xuddi shu jumla bir kun oldin — buzilish bo‘yicha e’tirozlar to‘lqini qayta ko‘tarilganidan so‘ng — e’lon qilingan rasmiy xabarda ham mavjud.

Yakkasaroy tumani qurilish bo‘limining “joyiga chiqib o‘rganish” o‘tkazgan xodimlari bergan ma’lumotlarga tayanib, hokimlik Shota Rustaveli ko‘chasi 22-uy manzilida “hech qanday buzish ishlari olib borilmayapti”, deya ta’kidladi.

Xabarda Toshkent shahar hokimligining uyni buzish va yangi bino qurish to‘g‘risidagi qarori qabul qilinmagani, uyni buzish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari tasdiqlanmagani ko‘rsatilgan. Qo‘shimchasiga, uy “Madaniy meros agentligining [moddiy madaniy meros obyektlari] ro‘yxatiga kiritilmaganligi” aytiladi.

madaniy meros, shota rustaveli, snos

Shahar hokimligi “Gazeta.uz” muxbiriga 22-uyning buzilishi va quruvchi kim ekanligi yuzasidan ular hech qanday ma’lumotga ega emasligini ma’lum qildi.

“Toshkent [shahar] hokimligining bu uyga hech qanday aloqasi yo‘q”, — deb javob berdi matbuot xizmati va aniqlik kiritish maqsadida shahar hokimligi bu masaladan faqat yangi obyektning pasportini tasdiqlash bosqichida xabardor bo‘lishini ma’lum qildi. Bu buzishdan oldin ham, keyin ham sodir bo‘lishi mumkin.

“Hokimlik hozirda kechayotgan jarayonga — xususiy yoki yuridik shaxsning fuqarolardan ko‘chmas mulk sotib olishiga — aralasha olmaydi”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

madaniy meros, shota rustaveli, snos

“Gazeta.uz"ning shahar hokimligidagi manbasi xabar berishicha, barcha xonadonlarni sotib olgan mulkdorlar “Yagona darcha"ga mulk shaklini o‘zgartirish yoki ko‘chmas mulkni qayta qurish bo‘yicha ariza berishadi. Shundan keyin yangi binoning loyihasini tasdiqlash jarayoni boshlanadi. Yirik obyektni buzish tartibi, turar-joy binosi kabi, qurilish me’yorlarida belgilangan.

Moddiy madaniy meros obyektlarini aniqlash asosiy vazifalari biri hisoblangan Madaniy meros agentligi “Gazeta.uz” so‘roviga javoban Shota Rustaveli ko‘chasidagi 22-uy Moddiy madaniy meros obyektlari Davlat ro‘yxatiga kiritilmagani haqidagi xabar bilan kifoyalandi. Agentlik “stalinka"ning buzilishi bilan bog‘liq vaziyatga hech qanday rasmiy izoh bermadi.

madaniy meros, shota rustaveli, snos

Oqqo‘rg‘on, Bobur, Navoiy va Shota Rustaveli ko‘chalari bo‘ylab joylashgan tarixiy binolarning to‘liq ansambllarini O‘zbekistonning Madaniy merosi davlat reyestriga kiritishni so‘rab mamlakat me’moriy merosini asrab-avaylash bo‘yicha tashabbus guruhi mas’ul mutasaddilarga murojaat qilgan.

2020-yilda O‘zbekiston bosh vazirining o‘sha paytdagi o‘rinbosari, YUNESKO Milliy komissiyasi raisi Aziz Abduhakimov nomiga yo‘llangan jamoaviy murojaat 25 nafar madaniyat arbobi va jamoatchilik faollari tomonidan imzolangan edi. Xatda reyestrga kiritish taklif qilinayotgan respublika ahamiyatiga molik obidalar, tarixiy ko‘chalardagi binolar va ansambllar ro‘yxati (58 punkt) sanab o‘tilgan.

Murojaat nusxalari qurilish vaziri Botir Zokirov, o‘sha paytdagi madaniyat vaziri o‘rinbosari Qamola Oqilova va Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari Davron Hidoyatovga yo‘llangan. Hech bir davlat organi ushbu murojaatga javob bermagan.