Fransiya parlamenti 4-mart kuni Versal saroyida bo‘lib o‘tgan qo‘shma yig‘ilishda mamlakat Konstitutsiyasiga ayollarning abort qilish huquqini mustahkamlovchi tuzatishni ma’qulladi, deb xabar bermoqda BBC News.

780 nafar deputat tashabbusni yoqlab ovoz berdi, 72 nafari qarshi chiqdi. Ovoz berish natijalari zalda qarsaklar bilan kutib olindi. Shu tariqa Fransiya abort qilish huquqi asosiy qomusi bilan kafolatlangan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi.

Qabul qilingan o‘zgartirish Konstitutsiyaga (1958-yilda qabul qilingan) kiritilgan yigirma beshinchi, shu bilan birga, 2008-yildan beri birinchi o‘zgartirish bo‘ldi.

Fransiyada abort 1975-yildan beri qonuniy hisoblanadi, ammo, so‘rovnomalarga ko‘ra, aholining qariyb 85 foizi Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishni qo‘llab-quvvatlagan, deb ta’kidlaydi BBC.

Fransiya bosh vaziri Gabriel Attal parlamentdagi ovoz berishdan oldin abort qilish huquqi “xavf ostida” ekani va “qaror qabul qiluvchilarning rahm-shafqati ostida” qolayotganini ta’kidladi.

“Biz barcha ayollarga murojaat qilamiz: tanangiz sizniki va hech kim siz uchun qaror qila olmaydi”, — dedi u.

O‘zgartirishlar ma’qullangani sharafiga Eyfel minorasida “Mening tanam, mening tanlovim” yoritilgan yozuvi paydo bo‘ldi.

Ushbu islohotni boshlagan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron X`da (Twitter) bunday qaror “universal signal” beradigan “fransuz g‘ururi” ekanini yozdi. Uning qayd etishicha, qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarni tasdiqlash marosimi 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish kunida bo‘lib o‘tadi.