Toshkent shahrida 500 gektar maydondagi turar joy binolari renovatsiya dasturi bilan qamrab olinadi. Bu haqda poytaxt hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Seshanba kuni prezidentga qilingan taqdimot chog‘ida davlat-xususiy sheriklik shartlarida loyihalarni amalga oshirishning soddalashtirilgan tartibi, poytaxtda renovatsiya loyihalarini amalga oshirish hamda “hayotiy davr shartnomasi” asosida hamkorlik qilish tartiblari tasdiqlangani ma’lum bo‘ldi.

Yangi “Toshkent invest kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati xususiy tadbirkorlik subyektlari bilan birgalikda renovatsiya loyihalarida ishtirok etadi.

Hokim v.b.ga ko‘ra, davlat rahbari renovatsiya mexanizmi qanday bo‘lishi kerakligi haqida tushuntirib, tasdiqlab bergan.

“Ko‘p yil oldin qurilgan ikki qavatli binolar, Sergelidagi vaqtincha quriilib ketgan uylar — hammasi talabga javob bermaydi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan ularda risk katta. Davlat biznesga sharoit yaratib bergani uchun xususiy sektor kelgusida ularni bemalol ko‘chiradi, chiroyli qurilish obyektlarini barpo etadi. Bizda taxminan 500 gektardan oshiq hudud renovatsiyaga tushgan. Lekin bizda aniq mexanizm yo‘q edi, hozir bu yechildi. Bu — xususiy sektorning ishlashiga juda katta imkoniyat”, — dedi Shavkat Umurzoqov.

Shavkat Mirziyoyev 2018-yil dekabr oyida parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida birinchi marta jahon megapolislari tajribasidan kelib chiqqan holda uy-joylarni renovatsiya qilish dasturini qabul qilish zarurligini ma’lum qilgandi.

O‘sha yili respublika bo‘yicha ikki va undan yuqori qavatli 34 584 ta ko‘p qavatli uyni inventarizatsiya qilish natijalari taqdim etilgan. 455 ta uyda avariya belgilari aniqlangan (fasaddagi yoriqlar, poydevorning cho‘kishi, yerto‘la va tom inshootlarida betonning korroziyasi va boshqalar).

O‘tgan yilning noyabr oyida “Adolat” partiyasi bu tartib uchun mustahkam qonunchilik asoslari bo‘lmaguncha uning asosida Toshkent shahrida yangi qurilishlarni amalga oshirishga qarshi chiqqandi.