Buxoroda shaharning tarixiy qismi va bufer zonasi bilan chegaradosh “Boqiy Buxoro” etnografik sayyohlik markazi qurilishi tufayli bir qator davlat obyektlari buzilishi boshlandi.

Avval xabar berganimizdek, qiymati 470 million dollarlik loyihani amalga oshirish maqsadida 2002-yilda qurilgan “Buxoro arena” sport majmuasi va futbol stadionini buzish ishlari boshlangandi. Tarqalgan videolarda ishchilarning stadiondagi o‘rindiqlarni buzayotgani aks etgan.

“Potrebitel Buxara” Telegram kanali obyektni buzish jarayonida me’yoriy talablarga rioya qilinganmi yoki yo‘qligini so‘radi. Chunki, qurilish normalari va qoidalariga ko‘ra, bino va inshootlarni buzishda buyurtmachi foydalanilgan qurilish materiallarini saqlab qolish va ulardan samarali foydalanish choralarini ko‘rishi shart.

“Nega buzib tashlash vahshiylarcha amalga oshirilmoqda? Davlat qurilish va moliyaviy nazorati qayerda? Bu davlatga moliyaviy hamda sportga bevosita zarar. Butun stadion, shu jumladan, barcha qurilish tuzilmalari xavfli deb e’lon qilinganmi? Undan keyin qayta foydalanish mumkin emasmi? Yoki ular keyin xavfli deb e’lon qilinib, yashirin sotiladimi? Buxoro shahri va tumanlarida turli stadion va sport maydonchalari mavjud. Kogonda ko‘p yillardan beri stadion qura olishmayapti. Bu yerda „Buxoro“ markaziy stadionining qurilish konstruksiyalaridan foydalanish mumkin. Nega bu masalalar ustida hech kim ishlamayapti? Nega Sport vazirligidan nazorat yo‘q?” — deb savol qo‘ydi “Potrebitel Buxara” kanali.

Kanal muallifi katta maqolasida sport majmuasi jihozlaridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflarini bildirib o‘tdi.

Sport majmuasi va stadionning buzilishidan oldingi holati. Surat: Stanislav Chudin.

O‘tgan yilning yanvar oyida majmua sportchilari va murabbiylari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib, inshootni saqlab qolishni so‘ragandi. Ularga ko‘ra, har kuni 1200 nafar bola muassasaga qatnagan, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bu yerda normativlarni topshirgan. Bundan tashqari, stadionda yengil atletikachilar va paralimpiyachilar mashg‘ulotlar olib borgan.

Ishchilar Buxoro hokimligi binosini ham buzishga kirishdi. Alerte Héritage маdanий meros observatoriyasi avvalroq 1970-yilda qurilgan (buxorolik arxitektor Zoirsho Qlichevning so‘zlariga ko‘ra) bu joyning buzilishidan xavotir bildirgan.

Shuningdek, Buxoro viloyati hokimligining 1980-yillarning ikkinchi yarmida O‘zbekiston me’mori Richard Blez loyihasi bo‘yicha barpo etilgan, “me’morning saqlanib qolgan sanoqli asarlaridan biri bo‘lib qolayotgan, bino qurilgan davr uchun autentik (noyob) ko‘rinishdagi” binosi ham buziladi.

“Blezning boshqa asarlari tubdan qayta qurilgan yoki asl ko‘rinishining bir qismini yo‘qotgan”, — deya ta’kidladi tashkilot.

Alerte Héritage`ga ko‘ra, Blez binosini o‘z ichiga olgan YUNESKOning bufer zonasini har qanday qayta qurish “uni saqlab qolish va atrofdagi binolarga hurmat bilan qarashni o‘z ichiga olishi kerak”.

Motamsaro ona haykali Buxoro shahridagi Xotira va qadrlash maydonidan olib ketildi, u 2019-yilda Somoniylar bog‘idan bu yerga qaytarilgandi. Viloyat hokimligi matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, yodgorlik Kogon shahridagi bog‘ga ko‘chiriladi.

“Potrebitel Buxara” kanali 2020−2021-yillarda viloyatda yagona bo‘lgan, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan va to‘liq rekonstruksiya qilingan Buxoro ixtisoslashtirilgan san’at maktabi buzib tashlangani haqida ham xabar berdi. Qayd etilishicha, o‘qituvchilar va talabalar sobiq Buxoro paxta kombinatining eski yotoqxonasiga ko‘chirilgan.

“Bolalar tumandan kelib o‘qishadi. Yotoqxona ham shu yerda. O‘quvchilar qanday qilib bu sharoitda o‘qishi mumkin? Qolaversa, o‘qituvchilar bu sharoitda qanday dars o‘tishadi? Axir bu binoda odamlar yashaydi. San’at kolleji (maktabi) XBK obshejitiyasiga olib borishgan. Bino snosda turibdi. U yerda dars o‘tib bo‘lmaydi. Bino ichi zax. Sharoit yo‘q. Keyingi yil qabulga o‘quvchi kelmaydi. Natijada 200 dan ziyod o‘qituvchi ishsiz qoladi. 400 ta o‘quvchi yoshlarning xavfsizligiga kim javob beradi. Ota-onalar shikoyat qilyapti”, — deya o‘quvchilarning so‘zlaridan iqtibos keltirgan telekanal.

Shuningdek, u yerda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Mamlakatimizda madaniyat va sa’nat taraqqiy etmasa, jamiyat rivojlanmaydi” degan so‘zlari bino devoriga yozib qo‘yilgani xabar qilingan.

Hokimlik matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, maktab vaqtinchalik yotoqxonaga ko‘chirilgan, kelgusida u 2019-yildan buyon qurilishi davom etayotgan Bukhara City majmuasida joylashadi. 2023-yil yanvar oyida bloger Umid Gafurov ushbu majmua qurilishidan olingan videoni taqdim etgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qariyb 4 yil o‘tib, tashlandiqdek ko‘ringan hududda mehmonxona va qurilishi tugallanmagan bir qancha uylar mavjud. Shahar hokimligi savdo markazi va bir qator ko‘p qavatli uylar qurilishi yakunlanganini ma’lum qilgan.

Hokimlik obyektlarni buzish, maktablar va hokimliklarni Bukhara City`ga ko‘chirish uchun mablag‘ qanday sarflanyapti, degan savolga javob bera olmadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 2022-yil 26-dekabrda imzolagan hukumat yig‘ilishining bayonnomasida (“Gazeta.uz”da nusxasi mavjud) 29 ta davlat obyektini boshqa joyga ko‘chirish ko‘zda tutilgan. Hujjatda, jumladan, Buxoro viloyati va Buxoro shahar hokimliklari, viloyat prokuraturasi, Majburiy ijro byurosi, 2-maktab, Buxoro davlat tibbiyot kolleji, madaniyat kolleji, “Buxoro Arena” stadioni, FHDYO va boshqa binolarni boshqa joyga ko‘chirish ko‘zda tutilgan.

O‘tgan yili aholining e’tirozlaridan so‘ng hokimlik loyiha boshqa joyga ko‘chirilishini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, joriy yilning yanvar oyida loyiha avvalroq rejalashtirilgan joyda amalga oshirilishi ma’lum bo‘ldi. Deyarli barcha inshootlar, jumladan, stadion buziladi. Viloyat hokimi Botir Zaripov Buxoro shahrining 6-mikrorayoni hududida 20 ming o‘rinli yangi markaziy stadion bunyod etilishini ma’lum qildi.

Loyiha 2024−2026-yillarga mo‘ljallangan. Chet ellik investor sifatida Singapurning nomi to‘liq bo‘lmagan (PTE Ltd) kompaniyasi belgilangan. Avvalroq loyiha pudratchisi sifatida Singapurning Enter Engeneering PTE Ltd kompaniyasi tanlangandi.

Hukumat qarori bilan Buxoroning tarixiy qismi va bufer zonasi bilan chegaradosh hududlarda qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borilishi hisobga olinib, loyiha konsepsiyasini YUNESKO bilan kelishish topshirilgan. Biroq tashkilot hali o‘z xulosasini bermaganini ma’lum qildi.