26-fevral kuni “Dok-1 Maks” dori vositasi bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni tugab, 23 nafar ayblanuvchiga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi.

Hukmdan so‘ng OAV bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida sudya Muso Yusupov jurnalistlarning sud jarayoniga oid bir qancha savollariga javob qaytardi.

Jumladan, fuqarolar tomonidan qilingan murojaatlarga asosan bir nechta nashrlarda e’lon qilingan maqolalardan kelib chiqqan holda “Dok-1 Maks”dan nogiron bo‘lib qolgan bolalar soni hozircha rasmiy e’lon qilinganidan (18 nafar) ham ko‘p bo‘lishi mumkinligi hamda Samarqand Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Mamatqul Azizovning sud majlislaridan birida yana bitta o‘lim holati bo‘lishi mumkinligi haqidagi ko‘rsatmasidan kelib chiqqan holda qurbonlar soni 69 nafar bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolga to‘xtalar ekan, sudya jabrlanuvchilar holati bo‘yicha yana alohida jinoyat ishi mavjud ekani, tergov harakatlari olib borilayotgani, ular sudga alohida jinoyat ishi sifatida kiritilishini bildirdi.

“Jinoyat ishi sudda ko‘rilgan paytda „Bizda ham shunaqa holat, zaharlanish bo‘lgan“ degan yangi-yangi murojaatlar keldi. Hukmdan keyin bunday murojaatlar yana bo‘ladi. Shuning uchun tergovda alohida jinoyat ishi qismi ajratilgan. Bizga holat bo‘yicha Sirdaryo, Jizzax viloyatlaridan murojaatlar keldi, tergovga yubordik. Bugungi kunda tergovda alohida jinoyat ishlari mavjud, tergov harakatlari amalga oshirilyapti. Keyingi chiqadigan jinoyat ishida o‘sha jabrlangan shaxslar yoki boshqa jabrlangan shaxslar bo‘lsa, birgalikda ayblovga qo‘shilib, sudga alohida jinoyat ishi sifatida chiqadi”, — dedi sudya Yusupov.

Muso Yusupov (chapda). Foto: “Gazeta.uz”Muso Yusupov (chapda). Foto: “Gazeta.uz”

Jabrlanganlar soni: o‘zi nima bo‘lgan edi?

“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sud boshlanishidan oldin — 2023-yil 10-avgust kuni Oliy sud matbuot xizmati Marion Biotech dorilari 65 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgani haqida xabar bergandi. Keyinchalik — 27-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida Samarqand Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Mamatqul Azizov ko‘rsatmasi davomida 66-o‘lim ham borligini aytgan.

2024-yil 5-yanvar kuni — bir oylik tanaffusdan so‘ng qayta boshlangan sud majlisida “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilishi oqibatida yana 3 nafar bola vafot etgani aytilgan, ammo vafot etganlarning umumiy soniga to‘xtalib o‘tilmagandi.

10-yanvar kuni prokuror ayblov xulosasida vafot etganlar soni 68 nafar ekanini o‘qib eshittirdi. Bunda sud boshlanishidan oldin berilgan rasmiy ma’lumotlardagi vafot etgan bolalar soniga keyingi ayblov xulosasida vafot etganlar soni qo‘shilgan (65+3), ammo sud jarayonida Mamatqul Azizov ko‘rsatmasiga ko‘ra yana bir bola vafot etgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi qism ochiq qolgan.

2024-yil yanvar oyida sardobalik Mansurovlar oilasi o‘g‘li Mansurbek Kemamovning “Dok-1 Maks” sabab nogiron bo‘lib qolgani, ammo jinoyat ishida nogiron bolalar ro‘yxatiga kiritilmaganini aytib, “Gazeta.uz”ga murojaat qilgan. Qolaversa, 30-yanvar kuni jizzaxlik Ilhom Azimov qizi Muslimaning “Dok-1 Maks” siropidan nogiron bo‘lib qolgani, ammo jabrlanuvchilar ro‘yxatiga kirmagani haqida “Daryo”ga gapirib bergan.

Shuningdek, Muso Yusupov sud majlislaridan birida ayblov e’lon qilinib, ishi tergovga oshirilgan, ammo keyingi sudlarda sudlanuvchilar ro‘yxatida ko‘rinmagan, Farmagentlik rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlagan Ulug‘bek Egamov masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Qayd etilishicha, Egamovga qo‘yilayotgan ayblar guvohlar tomonidan tasdiqlanmagan.

“Jinoyat ishini ko‘rish davomida advokatlar tomonidan iltimosnoma kiritilishidan oldin Egamovni sudga chaqirib, so‘roq qildik. Hammamiz ko‘rdik: inspeksion tekshiruvdan agentlik rahbarining tashabbusi bilan olingani ayblovdan o‘tdi. Agentlik rahbariga murojaat qilinganmi, yo‘qmi degan masala [bo‘ldi]. Agentlik rahbari [Kariyev] sud ish ko‘rilayotgan vaqtda [Egamovga] „Qancha pora olding?“ degan savol ham berdi. Kariyevning ko‘rsatmasidan tashqari [yana bir holat bor edi]. [Egamov] Davlat markazining boshqa o‘rinbosarlariga ham inspeksion tekshiruvdan olib tashlash bo‘yicha murojaat qilgani [aytilgan], korxonalar nomlari yozilgan Telegram yozishmalari ham taqdim etilgandi. Biz advokatlar iltimosnomasi bo‘yicha ajrim chiqarib, [tergovga] yubordik. Lekin tergov jarayonida birorta guvoh bu holatni tasdiqlamadi. Sudda ko‘rayotgan vaqtimizda ham bu masalaga to‘xtaldik. „Aynan mana shu insonning tarkibida zahar mavjud bo‘lgan dorini O‘zbekistonga import qilgan korxonani inspeksion tekshiruvdan olib tashlash bo‘yicha aralashuvi bo‘lganmi, bu bo‘yicha sizlarda dalil bormi?“ degan savolni qo‘yganimizda „Yo‘q“ degan fikr bildirildi. Endi bitta shaxsga ko‘rsatma berilmasa, uni ayblash to‘g‘ri bo‘lmaydi”, — dedi sudya.

Hukm o‘qib eshittirilgandan so‘ng davom etgan tushuntirishda Muso Yusupov sudlov hay’ati Jinoyat protsessual kodeksining 417-moddasi tartibida bir nechta shaxslarga nisbatan tergov organiga xabarnoma jo‘natish qaroriga kelganini bildirdi. O‘qib eshittirilganlar qatorida Farmagentlik direktorining o‘rinbosari Egamov ham bor. Matbuot anjumanidagi nutqida sudya Muso Yusupov bunga yana bir bor to‘xtalib o‘tdi.

“Mana shularni ko‘rish davomida bitta narsaga amin bo‘ldikki, aynan Telegram`da birinchi o‘rinbosarning yozishmalari bor. Inspeksion tekshiruvdan olib tashlash, inspeksion tekshiruv bayonnoma o‘zgarishi kerak bo‘lsa, rahbar o‘zgartirib, qo‘l qo‘yib beradi, degan ko‘rsatuvlari bor edi. Biz shu holatni ham tergov organi yana bir marta ko‘rsin, balki tergov jarayonida yangi holat aniqlanar, degan fikrga keldik-da, o‘sha holatga ham baho berish uchun mana bugungi kunda sud yakuni bo‘yicha JPKning 417-moddasi tartibida jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasida xabarnoma yubordik. Tergov organi buni tekshiradi. Harakatlarida jinoyat ishi tasdiqlansa, jinoyat ishi ko‘rilaveradi. O‘sha jarayon tergov organidan qaytib kelganda ham, hech kim bunga ko‘rsatma bergani yo‘q edi. Biz ko‘rsatuvlarga amal qilmadik. Biz holatdan kelib chiqib, baho berishni lozim topdik”, — deb ta’kidladi sudya Yusupov.