27-oktabr kuni “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan navbatdagi sud majlisida Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Mamatqul Azizov ko‘rsatma berdi. Bu haqda sudda ishtirok etgan “Gazeta.uz” muxbiri xabar qildi.

Mamatqul Azizov “Dok-1 Maks” siropini qabul qilib vafot etgan bolalar haqida birinchi bo‘lib xabar bergan shifokor sanaladi. U 2022-yil 15-dekabrda Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Jumaniyozovga xat yozib, unda “Dok-1 Maks” tabletkalari va siropini qabul qilgan bemorlarda asoratlar yuzaga kelgani va o‘lim holati kuzatilgani qayd etilgan. Ammo Azizov o‘sha yilning 26-dekabrida ishdan olingan, so‘ng 2023-yil 13-yanvarda lavozimiga qayta tiklangan.

Mamatqul Azizovning ko‘rsatmasi

2022-yil 15-dekabrgacha “Dok-1 Maks”ning zaharli ta’siri borligini bilmasdik. Bolalar o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bilan murojaat qila boshladi. Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bolalar gemodializi markazi bo‘lgani uchun qo‘shni viloyatlar — Surxondaryo, Qashqadaryo, Navoiy va Jizzax viloyatlaridan ham o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bilan kasallar kela boshladi. Bu o‘tkir buyrak yetishmovchiligi oldin ham har oyda bitta-ikkita uchrab turardi. Lekin sentabrdan keyin bu holatlarning ko‘paygani bizni bezovta qildi va bu narsa bilan shug‘ullana boshladik. Bu bolalarda qayerdan o‘tkir buyrak yetishmovchiligi ko‘payyapti, deya. sentabr, oktabr oylarida shug‘ullandik.

Bizning yuqori turadigan tashkilotimiz bor: Bolalar milliy markazi. Ulardan so‘radik. Ularda ham bunaqa kasallar ko‘pligi va bu COVID-19 oqibatida bo‘lib turgani to‘g‘risida axborot oldik. Kovidga tekshirdik, 10 tasidan 1 ta, 2 tasida chiqdi, qolganida chiqmadi. Biz yana bezovta bo‘ldik. Noyabr oyida ishchi guruh tuzib, bolalar reanimatsiya bo‘limi, bolalar reanimatologi va gemodializ bo‘limi mudirini 10 kunga Milliy markazga jo‘natdik. Ular ko‘rib kelib aytishdiki, buning kovid bilan bog‘liqligi aniqlangan, shuning oqibatida o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bo‘lgan. Bu [javob] bizni qoniqtirmadi. Undan keyin biz dekabrning birinchi dekadasida (birinchi o‘nkunlik — tahr.) retrospektiv tahlil o‘tkazdik.

Retrospektiv tahlil — bugungi holatni undan oldingi holatlar bilan taqqoslab, uning mazmuniga yetish. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, 18 ta, 19 ta bola — o‘lganlar, tirik qolganlarning onasiga shu dorini (“Dok-1 Maks” — tahr.) ko‘rsatsak, hammasi tanidi. Bolalar 4 kun, 5 kun temperatura qilgandan keyin dorilar iste’mol qilgan. Odamlar hamma vaqt ham dorini taniyvermaydi. Berilgan dorini keltirib ishlatadi.

Shundan keyin — 14-dekabr kuni kechqurun bu o‘sha “Dok-1 Maks” dori vositasining ishlatilishi natijasida bolalarda o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bo‘lgan bo‘lishi mumkin ekan, degan xulosaga keldik. Bu nafaqat mening, balki birga ishlagan tajribali shifokorlar xulosasi edi…

15-dekabrda biz viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga xat yozdik. “Shunaqa holatlar kuzatilyapti, sizdan iltimos, mana shu „Dok-1 Maks“ dorisi harakatini to‘xtatish kerak. To‘xtatsa, ko‘ramiz holat qanday bo‘lar ekan. Mana shu dorini o‘rganish kerak”, degan ma’noda xat chiqardik. Xatimizni 20 yoki 21-dekabrda internetda ko‘rdik, dedi birov. Kim chiqargan, qanday chiqargan — bundan bizning xabarimiz yo‘q. Keyin 22-dekabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi bir nechta xodimlardan iborat ishchi guruh tashkil qilib, kelib, holatni o‘rgandi. Bu bir necha kun davomida bo‘lgandi. Dori vositasini laborator tekshiruvlardan o‘tkazdi. Tekshirishlar natijasida “Dok-1 Maks” vositasi tarkibida etilenglikol va dietilenglikol borligi aniqlandi.

Zahar borligi tasdig‘ini topgandan keyin yana adabiyotlarni qidirdik. Bu oldin bir-ikkita mamlakatlarda bo‘lgan, ana shunday asoratlar kuzatilgan ekan…

Keyin vazirlik butun O‘zbekiston hududida “Dok-1 Maks” dori vositasini ishlatishni to‘xtatish to‘g‘risida ko‘rsatma xat chiqardi. Dorilar barcha dorixonalardan yig‘ishtirilib olindi. Shundan keyin — 2023-yil yanvaridan to hozirgi kungacha nafaqat bizda, balki butun O‘zbekistonda birorta bola o‘tkir buyrak yetishmovchiligiga chalinmadi.

Savol-javob

Uning ko‘rsatmasi tinglangach, advokatlar Mamatqul Azizovga savol bera boshladi.

док-1 макс, маматқuл азизов, sud

— Viloyat SSBga [bolalar o‘limi bo‘yicha] xat bilan chiqqaningizdan keyin qanday choralar ko‘rildi?

— Hech qanday chora ko‘rilmadi. Xatimga javob olganim yo‘q. Hech kim men bilan bog‘lanmagan.

— 10 nafar atrofida bolani kovidga tekshirdik, 1−2 tasida chiqdi, qolganlarida kovid ta’siri yo‘q, dedingiz, ularga qanday tashxis qo‘ydingiz?

 — Qolgan bolalarga intestinal nefrit tashxisi qo‘yilgan.

— Bemor N. Ko‘chimov 29-sentabrda vafot etgan. Yana ikkita qizimiz 1-noyabrgacha vafot etgan. O‘zingiz aytdingizki, biz [bolalarda ommaviy o‘lim kuzatilganda] buyruq bo‘yicha xat yozishimiz kerak, deb. Nega yozmagansiz?

Gap Sog‘liqni saqlash vazirligi sobiq rahbari Alisher Shodmonovning 2018-yil 16-apreldagi 3000-sonli buyrug‘i haqida ketmoqda. Unda bola dorining nojo‘ya ta’siri ostida vafot etsa, bu haqda SSVga xabar berish kerakligi ko‘rsatilgan.

— Bu holatlar barchasi “Dok-1 Maks” dorisi bilan bog‘liq ekaniga iqror bo‘lmagan edik.

— Buyruqda “Dok-1 Maks” dorisiga bog‘liq bo‘lishi kerak degan gap yo‘q-ku! Bola o‘limi kuzatildimi, SSVga murojaat qilasiz, degan gap bor.

— Biz vazirlikka, boshqarmaga — hammaga o‘lgan bolalar ro‘yxatini elektron shaklda har oy berib borganmiz.

— Doridan zaharlanganiga 14-dekabrda iqror bo‘lib, ertasi kuni xat chiqardik, dedingiz. Zaharlanish bo‘yicha birinchi shubhalanish qachon bo‘lgan?

— Dekabr oyining birinchi dekadasi — 9−10-dekabrda — tahlillar tugagani [javobi chiqqani]dan keyin.

— Sardor Vohidov Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qabul bo‘limi pediatri ekan. Shu vrachingiz 21-oktabr kuni D.O‘lmasovaga birlamchi tashxis qo‘yilganda dori vositasining nojo‘ya ta’siri (“Nolgripp” va “Dok-1 Maks”), intestinal nefrit, o‘tkir buyrak yetishmovchigi, deya qayd etgan va bemor reanimatsiyaga o‘tkazilgan ekan-ku?

— Dori vositalarining nojo‘ya ta’siri degan tushuncha bor… Bu yozuvni o‘qiganim yo‘q. Bizda dori bilan bog‘liqmikan, degan shubha bo‘lgan.

— “Dori bilan zaharlanish” deyilsa, vrach sizga o‘shanda axborot berishi kerak edimi?

— Kerak edi. Biz oktabr oyida ham dori bilan bog‘liqmikan, deb qidirganmiz. Lekin buni qidirib, to ishonch hosil qilguncha ancha vaqt o‘tgan. Bizda ungacha asosiy tashxis intestinal nefrit bo‘lgan.

— “Ambronol” dorisidan ham o‘lim kuzatilganmi?

— “Ambronol”dan ham bor. Yanvar oyida… Oqdaryoda bola temperatura qilgan, keyin yo‘talgan. Dorixonaga borgan, u yerda “Ambronol” berilgan. Uyda 3 kun shu dori berilgach, bolada siydik to‘xtagan, ya’ni anuriya paydo bo‘lgan. Bir kun tuman markaziy shifoxonasida davolangan, keyin bizga olib kelingan.

— Sizning ko‘rsatmangizda 66-o‘lim (rasmiy statistika bo‘yicha 65 ta — tahr.) haqida ma’lumot bor. 2022-yil 3-noyabrda Shokirov D. vafot etgani bo‘yicha. Bu haqiqatan ham bormi yoki adashib qo‘shib qo‘yilganmi?

— Bizning ro‘yxatda bo‘lsa, bor.

Advokatlardan so‘ng sudya Mamatqul Azizovga savol berib, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bilan kasallanish 2023-yilda ham qayd etilgani yoki yo‘qligini so‘radi. Bunga javoban shifokor Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida birorta ham holat kuzatilmaganini bildirdi.

Suddan so‘ng “Gazeta.uz” muxbiri Mamatqul Azizov bilan bog‘lanib, raqamlarga oydinlik kiritishni so‘radi. “O‘lgan 65 nafar bolaning ro‘yxati bilan tanish emasman. Men faqat o‘zimizning shifoxonamizda o‘lganlarni bilaman, xolos. Biz xatda markazimizda vafot etgan 18 nafar bemor to‘g‘risida yozganmiz”, — dedi u.

Ma’lumot o‘rnida, mazkur iddaoni tekshirish imkonsiz bo‘lib, SSV tomonidan “Dok-1 Maks” siropi ortidan vafot etganlarning ism shariflari hanuz ochiq e’lon qilinmadi.

Avvalroq sudda shifokor etilenglikolning bolalar organizmiga ta’siri hamda shifoxonaga ertaroq yotqizish sog‘ayish imkoniyatlarini qanday oshirgani haqida ko‘rsatma berganini xabar qilgandik.