Toshkent shahri sudida 5-yanvar kuni “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri. Jarayon doirasidagi bundan avvalgi sud majlisi 2023-yil 1-dekabr kuni o‘tkazilgan, o‘shanda sud bir oylik tanaffus e’lon qilgan edi.

22-noyabrdagi sud majlisida sudlanuvchi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq rahbari Sardor Kariyevning advokatlari boshqa bir qator shaxslarga nisbatan ayblov e’lon qilinishi yuzasidan iltimosnoma kiritgan edi. 1-dekabrdagi majlisda sud bu iltimosnomani qanoatlantirib, Ulug‘bek Egamov va Farrux Talipovga nisbatan ayblov e’lon qilinishi va ular tergovga jalb etilishi haqida ajrim chiqargan edi.

5-yanvardagi majlisda sudlov hay’ati dori vositalarini iste’mol qilish natijasida jabrlanuvchilarga yengil va og‘ir tan jarohati yetkazilganligi (ya’ni bolalarning nogiron bo‘lib qolganligi) holati bo‘yicha yangi jinoyat ishi ochilib, u sud tomonidan ko‘rib chiqilayotgan avvalgi jinoyat ishiga qo‘shilib, bitta ish yurituviga biriktirilganini e’lon qildi.

Ma’lum qilinishicha, “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilishi oqibatida 16 nafar bola hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir, 2 nafar bola hayot uchun xavfli bo‘lmagan yengil tan jarohati olgan, shuningdek, zaharlanish sabab yana 3 nafar bola vafot etgan. Avvalroq Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi ishlab chiqargan dori vositalari iste’moli oqibatida halok bo‘lgan bolalar soni kamida 66 nafar ekani haqida ma’lumot berilgan edi.

5-yanvardagi sud majlisida prokurorning qo‘shimcha ayblov xulosasi o‘qib eshittirildi. Unga ko‘ra, olib borilgan qo‘shimcha tergov davomida yana ikki nafar shaxs — Farrux Talipov va F.N. sudlanuvchilar ro‘yxatiga kiritilgan. Avvalgi sud majlislarida 21 sudlanuvchining ishi ko‘rilgan bo‘lsa, endi ularning soni 23 nafarga yetdi.

“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha keyingi sud majlisi 10-yanvar, chorshanba kuniga belgilandi. Unda vafot etgan va nogiron bo‘lib qolgan bolalarning qonuniy vakillari ham ishtirok etishlari mumkin.

Advokatlar iltimosnomasida ko‘rsatilgan shaxs sudlanuvchilar ro‘yxatiga kirmay qoldi

15-noyabrdagi sud majlisida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida direktor o‘rinbosari lavozimida ishlagan Ulug‘bek Egamov guvoh sifatida ko‘rsatma bergan, ko‘rsatma vaqtida sudlanuvchi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi sobiq rahbari Sardor Kariyev u bilan bahsga kirishib: “Sen iflosni deb mana shu yerda o‘tiribman!”, degandi.

Sudya sudlanuvchi Kariyevni tartibga chiqarib, haqorat qilish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini unga eslatganida, sudlanuvchi: “Hurmatli sudya, men iflosni iflos deganim uchun javob berishga tayyorman”, deb javob bergan edi.

Yuqorida qayd etilganidek, 1-dekabrdagi majlisda sud Kariyevning advokatlari tomonidan kiritilgan iltimosnomani qanoatlantirib, xususan, Ulug‘bek Egamov nisbatan ayblov e’lon qilinishi va u tergovga jalb etilishi haqida ajrim chiqargan edi. Ammo 5-yanvardagi sud majlisida Egamov sudlanuvchilar ro‘yxatiga kiritilmagani ma’lum bo‘ldi.