Safarali Mansurov 1981-yil Sirdaryo viloyati, Sardoba tumanida tug‘ilgan, mavsumiy ishlarga chiquvchi usta. Uning turmush o‘rtog‘i Feruza Mansurova esa 1990-yil Jizzax viloyati Baxmal tumanida tug‘ilgan, ishsiz. Ularning 2018-yil 30 cyentyabrda tug‘ilgan o‘g‘li — Mansurbek Kemamovga 2022-yilning taxminan 20-noyabrlarida shamollashdan davolanish maqsadida “Dok-1 Maks” siropini ichirilgach, ahvoli og‘irlashgan.

2-dekabrdan shifoxonada davolana boshlagan Mansurbek 45 kun Guliston shahar shoshilinch tez tibbiy yordam markazi reanimatsiya bo‘limida, 21 kun Respublika bolalar milliy tibbiyot markazida, bir hafta Guliston shahar ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasining nevrologiya, ikki haftadan ortiq reanimatsiya bo‘limlarida, 10−15 kun shifokorlar nazorati ostida uyda, yana bir hafta Bolalar milliy tibbiyot markazida davolanadi. 2023-yilning aprelidan avgustiga qadar har oyda bir yoki ikki martadan Guliston shahar ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasi reanimatsiya bo‘limida yotib, davolanadi. Bir necha oy eshitmay, ko‘rmay va yurolmay qolgan to‘rt yoshli bola 2023-yil 2-martda bosh miyasi bo‘yicha nogironlik nafaqasiga chiqqan.

Mansurbekning onasi 2022-yil dekabrida Sirdaryo viloyati Sardoba tumani prokuraturasi tergovchisiga o‘g‘liga “Dok-1 Maks” ichirgani va undan keyingi holatlar haqida ko‘rsatma bergan, sirop idishini ekspertiza uchun topshirgan, xodimlar ularning uyiga kelib, yana boshqa hujjatlarni ham rasmiylashtirib ketgan. Biroq, Mansurbek bilan birga yotib davolangan boshqa bolalarning ota-onalari sudga chaqirilgani holda, na Safarali aka, na Feruza opa sudga taklif qilingan. Chunki ishi sudda ko‘rilayotgan nogiron bo‘lib qolgan bolalar ro‘yxatidan Mansurbek Kemamov tushib qolgan. Ota sudda qatnashish uchun harakat qilgan, ammo bu niyatiga erisha olganicha yo‘q.

Safarali Mansurovning aytishicha, o‘g‘lini davolatish uchun u uyidagi barcha mol-hol, tovuqlar va hatto yeb turgan bug‘doy-unlarigacha sotgan, majburlikdan juda ko‘p qarz olgan. Ayni damda to‘lanmagan qarzlari miqdori 150 million so‘m. Mansurovlar “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda farzandining kelgusi davolanishi va qarzlaridan qutilish uchun kompensatsiya pulidan umidvor ekanliklarini, shu sababli ham “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sudda qatnashmoqchi ekanini bildirdi.

Quyida Mansurovlarning hikoyasi keltiriladi.

Shamollash va dori ichish

Feruza Mansurova: O‘g‘lim 2022-yilning taxminan 20-noyabrlarda yengilroq shamollab qoldi. To‘g‘risi, juda qiyin davrlarni boshimizdan o‘tkazganimiz uchun kasallikning boshlanish sanasini aniq eslolmayman.

U yozda ham shamollab qolganida Sardoba tuman poliklinikasiga olib chiqqandik. Shifokor “Travamaks” va “Dok-1 Maks” siroplarini tavsiya qilgandi. “Travamaks"ni olib ichirganimizda tuzalgandi. Bu gal ham o‘shanday shamollash bo‘lgani uchun dadasi yana shu doridan olish uchun o‘zimiz yashaydigan “Birlashgan” mahallasidagi dorixonaga chiqdi.

Dorixonachi “Travamaks” yo‘qligini aytib, o‘rnini bosuvchi sifatida “Dok-1 Maks"ni tavsiya qilgan. Mansurbek 2021-yilning qishida shamollaganda ham “Dok-1 Maks” siropini ichirib yurardik — tuzalardi. Dadasi shuni eslab, ishonib, olib keldi.

Simptomlar

Yo‘riqnomasini o‘qib, siropning o‘zidagi o‘lchagich qopqoqchada bir kunda ikki-uch mahal, ikki yarim milligrammdan ichirishni boshladik. Avvalida sal yaxshilangandek bo‘ldi-da, keyin yana og‘irlasha boshladi. Qattiq shamollaganga o‘xshab, bo‘g‘ilib, yo‘talib, isitma qilaverdi.

31-noyabrdan boshlab, yeganini qusaverib, umuman hech narsa yemay, faqat isitma qilib, holsizlanib, yotoqlanib qoldi. 1-dekabr oqshomdan ertalabgacha umuman peshob chiqarmadi. Siymayotganidan xavotirlanib, 2-dekabr kuni Sardoba tuman tibbiyot birlashmasidagi Suyun aka degan bolalar shifokoriga olib bordik.

Ultratovush tekshiruv (UZI) qildi. Buyraklari yaxshi ishlayotganini aytdi. “Bolam avval ham gripp bo‘lardi, lekin hech bunaqa holat kuzatilmasdi-ku, nega siymayapti?” desam, “bola qusganida suvsizlanib, holsizlanib, uch kunlab ham siymasligi mumkin”, dedi. Shamollagan, ko‘proq suyuqlik ichiravering, deb ikkita sirop yozib berdi. Uyga qaytdik.

Kechki ovqatga tovuq sho‘rva qilgandim. Bersam, yana qayt qilib tashladi. Kechki 21:00 larda isitmasi ko‘tarila boshladi. Shifokor yozib bergan siroplarni olishga ulgurmaganimiz uchun yana “Dok-1 Maks"dan ichirdim. Ahvoli yomonlashavergach, taksi bilan tuman tibbiyot birlashmasiga qaytib bordik. Shifokor: “Bu kecha shu yerda yotsin, ertalab sariqqa analiz olamiz, xirurgga ham olib tushinglar, siymayotganining sababini u bilishi kerak”, dedi.

Keyingi kun xirurgga ko‘rsatsak, “bu mening kasalim emas” deb, “detskiy"ga chiqardi. “Detskiy"dagilar osma ukol (kapelnitsa)lar ulab, siydirishini aytdi. Ammo shunda ham peshobi kelmadi.

Guliston shahar shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish markazi

Qarasak, bular hech narsa qilolmayapti. “Gulistonga olib ketamiz”, dedik. Yo‘llanma yozib berishdi. 3-dekabr kuni Guliston shahar shoshilich tez tibbiy yordam ko‘rsatish markaziga bordik. Do‘xtirlar darrov UZI qildi, boshqa “analiz"larni oldi-da, “Bolaning ahvoli o‘ta og‘ir. Ikkala buyragi ishlamayapti, reanimatsiyaga olamiz”, dedi. Bir kun avval Sardoba tuman tibbiyot birlashmasida ikkala buyragi ham yaxshiligi aytilgandi-ku, tushunmay qoldim.

“Nimaga bunday bo‘ladi, oddiy gripp edi-ku” desak, “Yozdan beri shunaqa kasallar kelyapti. Bolalarda kovidning qandaydir og‘ir turi o‘tyapti, o‘zimiz ham tushunmayapmiz. Ochig‘ini aytaman, shunaqa simptom bilan kelganlarning to‘rttachasi o‘ldi, sog‘ qolgan ikkitasi ham nevrologik kasal bilan chiqib ketdi. Hamma narsaga tayyor turinglar”, deyishdi. Qo‘llaridan kelgancha qarashlarini iltimos qilib, kasalxonaga yotqizdik.

Peshingacha hamma tekshiruvlarini qilishdi. Ertasi kundan dializ boshlashlarini aytishdi. Vaqtdan yutqazib, bolani yo‘qotib qo‘ymaylik deb tunda, iltimoslar bilan, dializ qiluvchi do‘xtirni chaqirtirdik. Kasalxonada dializ apparati ham yo‘q ekan. Turmush o‘rtog‘im Gulistondagi dorixonalardan bir amallab topib olib keldi.

Afsuski, o‘g‘lim “Dok-1 Maks” yoki “Ambronol” siropini ichgach, ahvoli og‘irlashib, Gulistondagi shifoxonaga borgan yolg‘iz bola emasdi. Bizdan oldin bir jizzaxlik bola kelgan ekan, keyin boyovutlik bola keldi. Umumiy hisobda to‘rt-besh bola yotdi-da. Hammasi birin-ketin jon berdi. Faqat mening farzandimgina omon qolgandi.

Gulistondagi reanimatsiyada 45 kun yotdik. Farzandim 20 dan ortiq dializ oldi, ahvoli kundan-kunga og‘irlashdi. Sakkiz kun deganda 30−50 milligrammdan peshobi ajrala boshladi.

Peshob kela boshlagan payti siydirib turish uchun pastiga kateterga o‘xshash moslama tiqishdi. Uni har kuni almashtirish kerak ekan. Ikki kuncha almashtirib-qo‘yib turishgandi, ichini shilib qo‘ydimi, nimadir bo‘ldiyu qon tiqilib, peshob chiqmay qoldi. Operatsiya qilib, qovug‘ini teshib, shilangni qovuqdan o‘rnatib qo‘yishdi. Uch-to‘rt kun qon ketib, bola yana og‘irlashaverdi. Shifokorlar ham “Qayerdan, nimaga qon ketayotganini bilmaymiz”, — deb har kuni qon to‘xtatadigan ukol-dorilarni qilishda davom etaverdi.

Bola umuman gapirmaydi, ketma-ket olingan dializlar esa uni holsiz va karaxt qilib qo‘ygan edi. Qon ketishi to‘xtadi, ammo ahvoli yanayam og‘irlashaverib, nafas olishi qiyinlashib boraverdi. Tomog‘idan teshib, sun’iy nafas oldiruvchi apparatlarni ulab tashlashdi. O‘sha kuni oqshomida bir qon ketdiyu battar og‘irlashib qoldi. Bir hafta o‘tsa hamki o‘nglanishidan darak yo‘q edi.

O‘sha kunlari “Ambronol”, “Dok-1 Maks” ichib, yengilroq daraja bilan kasalxonaga kelganlarni Toshkentga jo‘nataverishdi. Ikki-uch kun o‘tib, Mansurbekning ahvoli biroz yaxshilana boshlagan edi, biz ham Toshkentga olib ketmoqchiligimizni bildirdik. Avvaliga: “Bolangiz yo‘lga yaramaydi. Yo‘l uchun o‘zingiz javob bersangiz, olib keting”, deyishdi. Ular bolamizni davolay olishiga ko‘zimiz yetmay, “ketamiz” deb turib oldik.

Hatto dadasi bosh vrach bilan janjallashib ham qoldi. “Toshkentga ordersiz borsangiz, bir kunga falon pul to‘laysiz, order uchun ariza qoldiringlar”, deyishdi. Orderni kutish davomida bolamning tomog‘idagi sun’iy nafas oldirish apparatlarini bir soatdan yechib qo‘yishayotgani, o‘zi mustaqil nafas olayotganini aytishdi.

SAMPI

Arizadan bir hafta o‘tib, 13-yanvar kuni orderimiz tayyor bo‘ldi. O‘shanda ham Bolalar milliy tibbiyot markaziga emas, SAMPIga chiqqan ekan. Ikki vrach va bir hamshira hamrohligida reanimatsion mashinada Toshkentga yo‘l oldik. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yil yanvari juda sovuq kelgandi. Bizni Toshkentga olib ketgan kasalxona mashinasida esa hatto pechka ham yo‘q ekan.

Amallab, SAMPIga yetib bordik. Bolamning tomog‘i, yelkasi, oyoqlari, hamma yog‘ida apparatlar ulab tashlangani, sovuqda shuncha yo‘l bosib kelganiga ham qaramay, kirish yo‘lagida qoldirishdi. Bizni esa “onangga bor, otangga bor” qilishdi. UZI qilib, hali ham nefrit davom etayotgani, dori ichganlarni qabul qilmasliklarini aytishdi.

O‘zi bizga nevrologik do‘xtir kerakligi uchun ham [gulistondagilar] SAMPIga jo‘natgan ekan. Ular esa qabul qilmay, Bolalar milliy tibbiyot markaziga olib ketishimizni aytdi. Sirdaryodan ertalab chiqib ketgan bo‘lsak, 15:00 lar bo‘libdi hamki, hamon ko‘chada yurardik, bolam esa o‘sha holicha SAMPI yo‘lagida yotardi.

Respublika bolalar milliy tibbiyot markazi

Viloyatdan birga kelgan do‘xtirlar bilan mashinada Bolalar milliy tibbiyot markaziga bordik. Hamma shifokorlari tushib, ko‘rdi. SAMPIdagilar “Reanimatsiyaga yotqizish kerak” degan bo‘lsa, bu yerdagilari: “Bu reanimatsiyadan chiqqan bemor, nevrologiyaga yotqizamiz, ammo pullik”, dedi. Pullik bo‘lsa ham qabul qilinglar deb, iltimos qilib, yalinib, o‘sha yerda qoldirdik.

Safarali Mansurov: O‘shanda hamma vrachlar yig‘ilib, onasini chiqarib yubordi-da, menga: “Gap bunday: bu yerda order bilan yotishga 1,5 ming bola navbatda turibdi. 10 mln so‘m tashlasang, bolangni qabul qilamiz”, dedi. Men sog‘lom bolam sirop ichib shu holga tushgani, u orderni kutadigan ahvolda emasligi, yonimda 3−4 mln so‘mdan boshqa pulim yo‘qligi, borimni 45 kun shpritsdan to dori-darmongacha Gulistonda sochganimni aytdim.

“Bo‘lmasa, qabul qilmaymiz”, deyishdi. “Agar qabul qilmasalaring, bolamning ahvoli og‘irlashsa, mana shu kasalxonani portlataman! Hammangning bolang bor, oq libos kiyib yuribsan — shu ahvolda qanday qilib chiqarib yuborasanlar? Odammisanlar, insonmisanlar?”, deb hammasiga gapirdim. Shundan keyin ular o‘zi o‘zaro gaplashib qolib, meni tashqariga chiqarib yubordi.

Birga o‘qigan bir kursdoshim bir vazirlikda ishlagan edi. Shunga telefon qilib, holatni tushuntirgandim, baraka topsin, Sog‘liqni saqlash vazirligidan bir raqam berdi. Yig‘lab, o‘sha odamga telefon qildim. “Nimaga yig‘layapsan?”, deydi. “Bolamni qabul qilmayapti, o‘zim kambag‘alman. Kambag‘al o‘lib ketaveradimi, puli bor bolnitsada yotaveradimi, aka?”, dedim. “Qaysi bo‘limda yotibsan?”, dedi. Bo‘limning nomini aytdim. “Hozir shoshmay tur, bolangni qabul qiladi, qani yotqizmasin-chi”, dedi-da, telefonni o‘chirdi. Besh daqiqadan keyin bittasi oldimga yugurib kelib, “Sizni chaqiryapti”, dedi. Men ham bolamga bir nima bo‘libdimi, degan xayolda yugurib kirdim.

Qarasam, hamma narsani taxt qilib, bolani karavotga yotqizib bo‘lishgan ekan. “Bolangizni yotqizmoqchi edik-ku, siz kimga telefon qildingiz, hech joyga telefon qilmang”, deb Bolalar milliy tibbiyot markazining kattasi menga yalinyapti. “Sizlar zo‘r kelgandan keyin qararkansizlar-da. Boya odamni mensimayotgandilaring, nega endi birdan o‘zgarib qoldilaring?”, dedim. Vazirlikdagi o‘sha inson telefon qilgandan keyin hammasi e’tibor qilib, qarab qoldi. Hatto kimligini ham bilmayman, kim bo‘lsa ham otasiga ming rahmat, baraka topsin!

Bolamni tepaga olib chiqishdi. Reanimatsiyaga emas, bo‘limga yotqizishdi. Onasi: “Buning ahvoli og‘ir, reanimatsiyaga olinglar, men uddalay olmayman”, dedi. Gulistondagi do‘xtirlar tomog‘ini tozalab turardi. “Tomog‘iga qo‘yilgan shlankada balg‘am turib qolsa, bola ketib qolishi ham hech gap emas”, deyishgandi. Agar bo‘limda yotadigan bo‘lsa, shunaqa ishlarni ham onasining o‘zi qilishiga to‘g‘ri kelardi. Avval reanimatsiyada do‘xtirlarning o‘zi qarab yurgan, onasi esa bularni qanday qilishni bilmas, tushunmasdi.

Feruza Mansurova: Tomog‘idagi apparatni tozalashni men bir marta ham ko‘rmagandim. U yerda 20 ta kasalga ikkita hamshira to‘g‘ri kelar ekan. “Biz faqat ukol-dorisini qilamiz, qolgan muolajalarni o‘zingiz qilishingiz kerak”, deyishdi. “Men bilmayman, ko‘rsatinglar”, desam, “Bir marta ko‘rsatamiz”, deb o‘zlari amallab qilishdi.

O‘sha kuni sovuqda kelganimiz, o‘g‘lim SAMPI koridorida soatlab qolib ketgani hisobiga tomog‘ida balg‘am qotib qolgan ekan. Kechqurun har xil tomchi dorilarni ulab tashlashdi. Hamma chiqib ketdi. Tunda otasini ham chiqarib yuborishgan, palatada o‘zim qolgandim. 21:00 lar atrofi, vrachlar ham ketishga taraddudlanayotgan ekan. Bolam nafas ololmay, ko‘karib qoldi. Haliyam chiqib ketishmagan ekan, do‘xtirlarni chaqirdim.

Ikki vrach yugurib kelib, ko‘tardi-da, zambilga solib, reanimatsiyaga yugurib ketdi. O‘sha payt “bolam ketdi!” deb o‘yladim (yig‘lab yuboradi — tahr.). Endi ahvolimni tasavvur qilavering. O‘sha manzara ko‘z oldimdan hech ketmaydi. Zo‘rg‘a dadasiga telefon qildim, qaytib kirdi. O‘zim ham tamom bo‘lgandim. Birpasdan keyin hamshira qo‘limga qonga botgan ishtonchani chiqarib berdi (yanada kuchliroq yig‘lab yubordi — tahr.). Borgan sari o‘g‘limning ahvoli og‘irlashganini bilib yurganim uchunmi, ishtonchasini ko‘rib, “hammasi tamom!”, deb o‘yladim. Hamshira: “Qo‘rqmang, qo‘rqmang, hech narsa qilgani yo‘q”, dedi-da chiqib ketdi.

O‘sha kuni reanimatsiyaga oldi. Gulistonda reanimatsiyaga yotganda har ikki-uch soatning ichida besh daqiqaga bo‘lsa ham oldiga kirib chiqardik. Har ikki soatda ovqat berar, mevalarni blenderdan o‘tkazib, zondda jo‘natardi. Bu yerda esa har uch soatda berarkan. Miqdori ham kam ekan. Oldin 200 gramm yegan bo‘lsa, endi 100 gramm qilib tashlagandi.

Bir sutka o‘tmaguncha ko‘rsatmas ham ekan. Oxirgi marta ko‘rganimdan roppa-rosa bir sutka o‘tib, kiritishdi. Bolam Gulistondan 45 kun qanday azoblar chekib yotgan bo‘lsa, o‘shandan ham battar ahvolga tushib qolgan edi. Faqat ko‘zi qolgan, bo‘ldi. Hech narsa sezmaydi, bilmaydi, ozib ketgan.

Dadasi Sirdaryodan Toshkentga qatnab turgandi. Reanimatsiyaga kirganining uchinchi kuni ko‘rdi. Men aytsam, “ovqat beryapmiz, beryapmiz”, deyishdi-da, o‘zimizni kirgizmagandan keyin, ular nima, qanchadan berayotganini bilmayotgandik. Har uch soatda 100 grammdan qilib, sho‘rvaning suvini olib borib bersam olisharkanu, “Yo‘q, bizda mumkin emas”, deb berishmagan ekan. Dadasi vrachlarning yoniga kirib, “ovqat-povqat beringlar, tamom qilibsizlar-ku”, deb yana qattiq-qattiq gapirganidan keyin, “ovqatini olib kelavering, grammini ko‘paytiring”, deb qolishdi.

Shundan keyin ahvoli ancha yaxshiligini aytib, reanimatsiyadan bo‘limga olib chiqinglar, deyishdi. Bo‘limdagi nevrolog do‘xtir esa “yaxshi bo‘lgunicha reanimatsiyada tursin, siz eplolmaysiz”, dedi. Keyin o‘zlari: “Tomog‘idagi trubkani olib berish yo‘lini qilamiz, siz qilolmas ekansiz”, deyishdi. U yog‘iga qarashdi, bu yog‘iga qarashdida “Sinab ko‘ramiz. Agar o‘zi nafas olib ketsa, olib tashlaymiz, nafas ololmasa, qaytarib qo‘yamiz. Lekin bu azob, nima qilasiz?”, deyishdi. “Nima qilsangiz ham faqat qiynamanglar, iltimos”, dedim. Bir haftada tomog‘idagini olib berdi. Xudoga shukur, o‘zi nafas olib ketibdi.

Miyasidagi zaharlarni chiqarib yuborish uchun yoshiga qarab, mln-mln so‘mlik dorilar qilishdi. Do‘xtir: “Xuddi telefonning xotirasi o‘chib qayta tiklanganidek, bu dorilar ham miyani o‘chirib, xotirani qayta tiklaydi”, deb tushuntirdi. Shuning hisobiga bolamiz o‘ziga kelgandan keyin hech narsani eslolmadi. Gapirmasdi, ko‘rmasdi, yurmasdi.

Reanimatsiyadan chiqqach, Toshkentda yana 10 kun yotdi. Ahvoli u darajada yengil emasdi. Shunda ham “kunlaringiz tugadi”, deb chiqarib yuborishdi. 2-fevral, Toshkentdan chiqayotgan kunimiz bir-ikki gapira boshladi. Peshobi ham 90−95 foiz kela boshlagan edi. Faqat ko‘p yotaverganidan keyin nafas yo‘llarida qo‘shimcha kasalliklar ko‘payib ketgan, nazarimda, qandaydir nevrologik kasalliklari ham bor edi.

O‘sha kuni MRT qilishgan ekan, miyasida suv ko‘p chiqdi. Neyroxirurgga ko‘rsatishgan ekan: “Analiz uchun umurtqadan funksiya olaman, lekin bu jarayonga javob bermayman. Har xil holat bo‘lishi mumkin: Bir xil bolalarga narsa qilmasligi mumkin, kimlardir nogiron bo‘lib qolishi yoki o‘lishi ham mumkin. Men shu analizni olib, miyadagi bosimni o‘lchamasam, aniq bir tashxis aytolmayman”, debdi.

Nevrolog do‘xtir “Miyaning yemirilgan joyi tiklanmaydi, bu suv ham ketishi qiyin. Bular yosh, yangi kasal, shuning uchun biz bilmaymiz. Balki ko‘p harakat qilaverib, yaxshi bo‘laversa, suv ham kamayib, ketib qolar. Bosim kuchli bo‘lsa, operatsiya qilib, tushirib ko‘rishimiz kerak”, dedi. “Buyog‘i Xudodan, shuncha qiynalgani yetadi”, deb hech narsa qildirmasligimizni aytdik. Yaxshiyam qildirmagan ekanmiz, bolam asta-sekin tiklanaverdi.

Yana Guliston. Avval nevrologiya, keyin reanimatsiya, so‘ng uyda davolanish

2-fevral kuni chiqib ketar chog‘imiz Toshkentdagilar: “Bolaning yoniga hech kim kirmasin. U hozir infeksiyani ham ko‘tarolmaydi. Iloji bo‘lsa, alohida xonaga olib, parvarish qilinglar, faqat yaxshi qaranglar”, deb tayinladi. Guliston shahar ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasi nevrologiya bo‘limiga bordik. Sovet davridan qolib ketgan, eski kasalxona ekan. Xonalari ikki-to‘rt kishilik. Iltimos qilsak ham, “Bizda unday sharoit yo‘q”, deb alohida xona berishmadi. Sharoitlari yomon, bolamiz undan-bundan infeksiya, gripp yuqtirib olaverdi.

Bir hafta ichida ahvoli og‘irlashib, nafasi qisib qolaverdi. Tomog‘idagi trubkani olib tashlaganida o‘sha joyi chandiq bo‘lib bitgan ekan. Sal shamollasa, shishib, nafasi qisib qolar ekan. Nevrologiyadan reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazdik. U yerda ham yana bir hafta-o‘n kun yotdi. O‘sha paytlari ko‘zi ham ko‘rmasdi.

Qarasak, hali-beri bu yerlardan ketadigan emasmiz. Shuncha vaqt ichida uydagi to‘rt qizning oldiga qatnayverib, o‘zimiz ham sarson bo‘ldik, ular ham ancha ichikib qoldi. Shifoxonaning yonidan bir uyni ijaraga olib, bolalarni ham keltirib, o‘sha yerda yashay boshladik. “Ahvol sal yaxshilangan, hadeb kasalxonada yotavergani bilan ham yaxshi bo‘lmaydi, telefonlashib turamiz”, deb uyga javob berishdi.

2-fevralda Toshkentdan Sirdaryoga qaytgan bo‘lsak, 27-fevralda reanimatsiyadan kvartiraga chiqdik. Shu orada Bolalar milliy tibbiyot markazi uchun orderga ariza berdik. Kvartirada 10−15 kuncha turgandik, yana mazasi qochib qolaverdi. Bir qadamginaga do‘xtirlarning oldiga chiqardik, dorilar yozib berardi, qaytarib olib kelib, uyda qarayverardik.

Yana Toshkent, yana Bolalar milliy tibbiyot markazi

Bolamiz dori olaverganiga allergiyasi qo‘zib, toshmalar chiqqan, ichi dorixona bo‘lib ketgan paytlar edi. Massaj olardi, oyog‘ini endi-endi, sal-sal bosayotgandi. Lekin hali ko‘zi ko‘rmasdi. Gulistondagi ko‘z shifokorlari ko‘rib ketishida muammo bo‘lishini aytgandi. 28-martlarda “Toshkentga orderlaringiz navbati kelibdi”, degan xabar keldi. Bu ham bir yorug‘lik, umid-da! Yana Bolalar milliy tibbiyot markaziga bordik.

Shifokorlar: “Bola organizmi ukoldan charchagan, ukol-dorilar qilmaymiz, bosh miyasi uchun ichib yurgan siroplarini davom ettiraversin, yozib berayotgan vitaminlarni qabul qilsin, harakatni tiklanishi uchun ko‘proq massaj olishi kerak”, dedi. Bir hafta yotdik, ahvoli yaxshilangan, do‘xtirlar ham “javob beramiz” deb turgan kunlar edi. Ham o‘g‘limning o‘zi ham kasalxonada yotaverib toza zada bo‘lgan, zerikib, “ketdik-ketdik” deyaverardi.

MRT qildi. “Boshida haliyam suv bor, yemirilish turibdi. Agar harakati yaxshilanib ketsa, hech narsa qilmaydi. Lekin bir talvasa berib qolsa, o‘lishi ham hech gapmas. Biz kafolat berolmaymiz. Uyda ham parvarishni to‘xtatmanglar, immunitetini ko‘taringlar, yeb-ichishini yaxshi qilinglar, gripp bo‘lishiga yo‘l qo‘ymanglar, hozir grippni yaxshi qabul qilmaydi”, deyishdi. Hammasi yaxshi chiqqani uchun 4-aprel kuni uyga qaytaverdik.

Shu paytlar endi-endi 5−10 metrlik masofalarni ko‘ra boshlagandi. Gapirib ketgan, “Bu nima, bu nima?”, deb ko‘p so‘rar, qo‘lidan ushlasak, yurishni boshlagandi. Xuddi yangi tug‘ilgan chaqaloqni katta qilgandek hamma narsani qaytadan o‘rgata boshladik. Xudoga shukur, bolam qayta tug‘ildi!

Avval uy, keyin Gulistondagi reanimatsiya

Uyda sharoitimiz biroz og‘ir. Kelsak, boshqa bolalarimiz ham grippga chalingan ekan. Qancha himoyalamaylik, ikki-uch kunda o‘g‘limizga ham yuqdi. Yana Gulistondagi o‘sha reanimatsiyaga borib, besh kuncha davolandik. Keyin may keldi. Mayning boshida ham yana besh kun yotdik. Reanimatsiyadan doimiy qaraydigan do‘xtirimiz bor edi. Tinchroq deb kardiologiyami, pulmonologiya bo‘limidanmi joy qilib berdi. Mayning oxirida borganimizda shu yoqqa yotdik. Iyunning yo boshi, yo oxirida yana o‘sha, adashmasam, kardiologiya bo‘limida yotdik.

Yo‘talib, bo‘g‘ilib, nafasi qisib qolgani uchun yoz bo‘yi deyarli har oy, ba’zan bir oyda ikki martalab, besh kun-besh kundan har xil bo‘limlarga yotib davolanaverganmiz. Avgustda yana shamolladi, yana reanimatsiyadagi vrachga ko‘rsatdik. Dorilar yozib berdi. Dori olamiz deb dorixonaga kirgandik, dorixonadagi qiz ham tanib qolgan-da, “Bugun Toshkentdan Hayot aka degan urolog keladi, shu kishiga ham bir ko‘rsatinglar”, dedi.

Ko‘rsatdik. O‘g‘lim: “Belim og‘riyapti”, deganiga belini ko‘rdi. Siyishiga qiynalayotgandi, buyraklarini yana UZI qildi. Avvalgi tahlillar, kasallik qog‘ozlarini ko‘rib, “Ichkarisidan yallig‘lanish, sistitga o‘xshagan narsa bor”, degan xulosa berdi. Yo‘taldan qiynalayotganimiz, har oy yo‘tal bo‘lib qolayotganini aytdim. Bir svecha dori, yana salkam 1,5 mln so‘mlik dori yozib berdi.

Deyarli bir yillik dori-darmonlar, do‘xtirma-do‘xtir davolanishlar, kasalxonadagi hayotdan keyin ko‘pchilikning og‘zining bir burchagidan osongina chiqib ketadigan 1,5 mln so‘m — biz uchun oson, oddiy raqam emasdi!

Dori-darmonlarni qila boshladik. Har oy yo‘talgandan keyin boyagi do‘xtir aytgan svechalarini qilsak, sal o‘ziga kelib qoladi. Shifoxonaga olib bormasak ham bularning barchasi do‘xtirlarning nazorati ostida bo‘ladi. Mazasi bo‘lmay qoldimi, darrov telefon qilamiz, tavsiyalar berishadi, davom etamiz.

Shifokorlarning aytishicha, tomog‘idagi noto‘g‘ri bitib qolgan chandiq so‘rilib ketishiga 1−1,5 yil vaqt kerak ekan. Shu sabab yo‘taldan haligacha qiynalyapmiz.

“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha tergov

Feruza Mansurova: 2022-yilning 21-dekabrida televizorda samarqandlik do‘xtirlar bolalarning o‘limi va o‘g‘limnikiga o‘xshagan simptomlar bilan kasallanishida “Dok-1 Maks"dan shubha qilib chiqqani haqida ko‘rsatishdi. O‘g‘lim Gulistonda dializ olayotgan paytlar edi. Bir urolog kelib, o‘sha lavhani yana ko‘rsatib, “Siz ham shu doridan berganmidingiz?”, dedi.

Guliston shahar shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish markazi qabulxonasida kasallik tarixini to‘ldirayotgan hamshira: “Uyda qaysi dorilarni bergansiz?”, deb so‘radi. “Dok-1 Maks” berib yurganimni aytishim bilan: “Boshqa bolalaringizga ichirmaganmisiz?”, deb yubordi. “Yo‘q”, dedim. “Tashlab yuboring, boshqalari ichib qo‘ymasin yana, hozir shu doridan shubha qilishyapti”, degani esimda.

Buni eshitib, dadasi ikkovimiz shifoxona bosh vrachiga kirdik. “Shu doridan bergandim, to‘g‘ri muolaja qilinyaptimi?”, desam, u: “Bu taxmin”, deb e’tibor qilmadi. O‘zimning ichimga o‘t tushib, uyga borib dorini qidirdim. Topsam, ichida ozgina, bir-ikki ichishlik, taxminan 5 milligrammlarmi qolgan ekan.

Shu bilan 27-dekabr kuni televizorda ““Dok-1 Maks"ning ichidan 300 barobardan ko‘p miqdorda zaharli modda aniqlandi”, deyildi. Qo‘limda siropning idishi bilan yana vrachlarga murojaat qilsak, “Biz ekspertiza emasmiz-ku, ekspertizaga bering-da”, dedi.

Prokuraturalar ham shu voqeadan keyin qimirlab qolgan ekan. Ko‘p o‘tmay birga yotgan sheriklarimizga ham prokuraturadan telefon qilishdi, bizni ham Sardoba tuman prokuraturasidan chaqirishdi. Sheriklarimiz-ku o‘zi ariza yozgan ekan, shekilli. Lekin biz bu bo‘yicha hali hech qayerga murojaat qilmagandik. O‘zimcha shifoxonadan “Dok-1 Maks” ichib yotganlarning ro‘yxatini olishgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim.

Feruza Mansurovadan tergovga chaqirilganini tasdiqlovchi hujjatni so‘raganimizda, uni telefon qilib chaqirishgani, unga chaqiruv qog‘ozi yoki tergovda ko‘rsatma berganini tasdiqlovchi biror hujjat taqdim etilmaganini ma’lum qildi.

Safarali Mansurovda ham ish bo‘yicha mas’ul idoralarga yozgan arizalarining nusxalari mavjud emas. Yozgan arizasining nusxasini so‘rab, DXX Guliston shahar boshqarmasiga 2024-yil 17-yanvar kuni murojaat qilganida, arizaning asl nusxasi Toshkentga jo‘natilgani, ularda hech qanday nusxa qolmagani bildirilgan.

Feruza Mansurova 18-yanvar kuni Sardoba tuman prokuraturasiga borib, bolasining haqiqatdan “Dok-1 Maks"dan nogiron bo‘lib qolgan holatini tasdiqlovchi ekspertiza xulosalarini so‘ragan. Unga hujjatlar Toshkentga topshirilgani va agar nusxasi kerak bo‘lsa, ariza yozib murojaat qilishi kerakligi tushuntirilgan. Mansurova ariza yozgan.

Feruza Mansurova: 28 yoki 29-dekabr edi. Siropning idishini ham o‘zim bilan oldim-da, bordim. Bo‘lgan voqeani aytib berdim, idishni ham topshirdim. O‘sha payti idishni rasmlarga tushirib, bir-ikki qog‘ozlarga qo‘l qo‘ydirib olishdi. Shohrux ismli tergovchi kechgacha so‘roqlab, “Hozir uyingizga ham boramiz”, deb javob berib yubordi.

Ko‘p o‘tmay, “Ekspertizadan, departamentdanmiz”, deb uch kishi keldi. Oralarida o‘sha tergovchi — Shohrux ham bor edi. “Nima bergan, qachon ichgan”, deb hammasini so‘rab, rasmga olib, qo‘shnilarimni guvoh qilib, hujjatlar to‘ldirdi. “Endi bir so‘m ham xarajat qilmaysizlar, davlatning o‘zi himoyasiga oladi, o‘zimiz yordam qilamiz”, — dediyu shu bilan hech qanaqa yordam ko‘rmadik.

Yangi yil o‘tgandan keyin Sirdaryo viloyati Sog‘liqning saqlash boshqarmasidan kelib, bolani tekshirib, Toshkentdan yana vrach chaqirib, “Yordam qilamiz, hammasini o‘zimizning bo‘ynimizga olamiz” deyishdi-yu, ulardan ham darak bo‘lmadi.

O‘shanda yotganlar orasidan bitta mening bolam tirik qolgandi. “Sirdaryo”, “Zo‘r TV” telekanallaridan jurnalistlar kelib, “Dok-1 Maks"dan jabrlangan, deb s’yomkalar qilib ketishdi.

Ro‘yxat masalasi

Safarali Mansurov: Bolalar milliy tibbiyot markazida aynan shu doridan keyin ahvoli og‘irlashib yotgan boshqa sheriklarimiz bilan Telegram’da guruh ochgandik. Avgustda sud boshlanganini eshitib, ota-onalar yig‘ilib, borishga kelishgandik. Orada bolasi nobud bo‘lgan ayrim ota-onalar ularni sudga chaqirishganini yozib qoldi. Uyda o‘tirolmay, chaqirilmagan bo‘lsam ham sudga bordim. Bizning familiyamiz yo‘qligini aytsam, “Hozir sudda bolasi vafot etganlarning yaqinlari qatnashadi, nogiron bo‘lib qolganlarnikini keyin o‘zimiz chaqiramiz, ism-familiyalaringni yozdirib ketinglar”, deyishdi. Yozdirib, uyga qaytdim.

Kutib, yangiliklarni kuzatib, boshqa sheriklar bilan xabarlashib yurdim. Bu orada bolasi vafot etgan ba’zi ota-onalar ko‘rsatma uchun chaqirilganini aytib qolar, bolasi hayot bo‘lgan boshqa ota-onalar esa tergovdan kelib-ketishganini aytardi. Bizga hech kim kelavermagach, hammasidan kattasi prokuratura bo‘lsa kerak-da deb, yana Sardoba tuman prokuraturasiga bordim. Ular: “Ishingizni Toshkentga jo‘natganmiz, boshqa yordam qilolmaymiz”, deyishdi. “Hech bo‘lmasa, tafsilotlarini aniqlab beringlar” desam, “Mayli harakat qilamiz”, deyishdi.

Javobini bilish uchun telefon qilsam, tergovchi Shohrux: “O‘zingiz Toshkentga borishingiz kerak, ochiq sud bo‘lyapti”, dedi. “Ochiq sudku bo‘lib yotibdi. Lekin familiyamiz bo‘lmasa, foydasi yo‘q. U yerda faqat ro‘yxatda borlar ko‘rsatma beradi”, dedim. Undan ekspertiza qog‘ozlarini so‘rasam, qo‘lida emasligi, Toshkentga ketganini aytdi.

20-dekabrlarga yaqin nogiron bo‘lib qolgan jizzaxlik bolaning dadasi telefon qildi. “Biznikiga 5-dekabrda ham tergovchilar kelib, yotgan kasalxonasida hujjatlarni rasmiylashtirib, „Sizni o‘zimiz sudga chaqiramiz“, deb ketdi. Undan avval Sog‘liqni saqlash vazirligidanmiz deb bir talay odamlar kelib, vahima qilib, bolamni ko‘rib „Bolangizga o‘zimiz qaraymiz, operatsiyasiga ham yordam qilamiz“, deb ketgandi. Sizning bolangizga ham kelishdimi?”, dedi. “Yo‘q” desam, “Siz qayerga yozgandingiz?”, dedi. Prokuraturaga yozganimni aytsam, “DXXga boring”, dedi. “Tumannikiga boraymi, Gulistonnikiga boraymi?”, desam, “To‘g‘ri kattasiga, Gulistonnikiga boravering”, dedi.

Guliston shahar DXXga borsam, tashqarida bittasi turgan ekan. Holatni aytsam: “Sizning ishingizni kim ko‘rgan, shu voqea bo‘yicha kim tergov qilgan?”, deb so‘radi. “Sardoba tuman prokuraturasidagi tergovchi”, dedim. “Biz sizlarning ishlaringizga aralashmaganmiz, sizlar bizga murojaat qilmagansiz”, dedi. “Bilmasam, men prokuraturaga yozgandim. Hozir jabrlanganlar sudga qatnashyapti, biz qatnashmayapmiz. Ko‘p qonunga tushunmayman, sal yo‘l-yo‘rig‘ini o‘rgating”, dedim. “Yuring, kiring, ariza yozasiz”, deb aytdi.

Sherigim sudda ishtirok etish uchun yozgan arizasi va iltimosnomasini tashlab bergandi. Boyagi xodimga shuni ko‘rsatdim. Shu arizaning namunasida bolamning qachon tug‘ilgani, ism-familiyasi, qachon siropni ichib, qachon zaharlangani, qachon qayerlarda davolanib chiqqanini ketma-ketlikda yozib, “Sudda ishtirok etishim uchun ruxsat beringizni so‘rayman”, deb ruchkada yozib berdim. Bir varaq to‘lib, orqasiga ham o‘tgandi. “Yuboramiz. Borib tushgach, o‘zlari chaqiradi, sabr qiling”, — dedi o‘sha xodim. “Sheriklarim yozgani kabi iltimosnoma yozishim kerak emasmi?”, deb so‘radim. “Yo‘q” dedi. Arizadan hech qanday nusxa bermadi.

Kutdim, darak bo‘lavermaydi. Yanvarda sud qayta boshlanganini eshitib, Toshkentga borishga qaror qildim. 10-yanvarda boraman deb rejalab qo‘ydim. O‘shandan bir kun oldin — 9-yanvar kuni uyga bir xat keldi. O‘zbekiston DXX Tergov boshqarmasi tomonidan 2023-yilning 26-dekabrida chiqarilgan xat ikki haftada — 2024-yilning 9-yanvar kuni qo‘limga kelibdi:

O‘zbekiston Respublikasi DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Sizning farzandingiz Kimamov Nodir Safarali o‘g‘li “Dok-1 Maks” (sirop) dori vositasi iste’mol qilganligi natijasida sog‘lig‘ining holati jiddiy yomonlashganligi va uni davolash uchun juda ko‘p mablag‘ sarflanganligi munosabati bilan, Sizni “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUKning sobiq mansabdor shaxslariga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi doirasida jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etishni so‘rab, yo‘llagan arizangiz o‘rganib chiqildi.

Arizangiz “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika eskpertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUKning sobiq mansabdor shaxslariga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi materiallariga biriktirilganligi, undagi holatlar dastlabki tergov jarayonida tekshirilib, natijasi haqida Sizga qo‘shimcha ravishda xabar berilishini ma’lum qilamiz.

Tergov boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i U.U. To‘xtasinov.

Tergov tugagandirki, sud qayta boshlangan. Lekin bizni na tergovga va na sudga chaqirishdi. Reja qilganimdek, 10-yanvarda sudga bordim. Jarayon boshlanmasdan oldin sudyaning yordamchisiga o‘g‘limning ism-familiyasini aytib, “Nogiron bo‘lib qolgan bolalar ro‘yxatida bormi?”, deb so‘radim. O‘g‘lim ro‘yxatda yo‘q ekan.

Tushlik uchun tanaffusda sud zalni kesib o‘tdim-da, chiqib ketayotgan prokurorga “Bir minutga shoshmang”, dedim. “Xo‘sh, xizmat”, dedi. “Men jabrlanuvchiman”, deb prokurorga aytib turgandim, orqadan sudya, yordamchisi keldi. “Bolamning familiyasini cudya yordamchisidan so‘rasam, ro‘yxatda yo‘qligini aytdi. Lekin shu ro‘yxatda borlar bilan bir kasalxonada yotganmiz. Qanday qilib mening o‘g‘lim yo‘q bo‘ladi? Shuning orqasidan yuribman. O‘zimizning tuman, viloyat prokuraturasiga, DXXga borsam, „Toshkentga bor“, deb yotibdi. Yordam beringlar”, dedim.

Prokuror va sudya yordamchisi: “Bu bizning vazifamiz emas. Biz qo‘limizga kelib tushgan ishlarni ko‘ramiz”, dedi. Sudya esa “Xavotir olmang, ishdan qolib ketmaysiz”, degani esimda. Ularga DXXdan kelgan xatni ko‘rsatdim. Uchalasi ham ko‘rdi. Sudya yordamchisi kimgadir telefon qilib gaplashdi-da, “Ishingiz bo‘yicha tergov ketayotgan ekan”, dedi. Tergov bo‘layotgan bo‘lsa, shu paytgacha nega o‘zimning xabarim bo‘lmaydi, deb hayron qoldim. Cudya yordamchisi: “O‘zingiz tarafdagi DXXga uchrang”, dedi.

Uyga qaytib, prokuraturadan doimiy aloqada bo‘ladigan tergovchi Shohruxga telefon qilsam, meni “bloklab” qo‘yganmi, ikki kuncha telefon qilib ham tusholmadim. DXXning Guliston shahar boshqarmasiga ariza yozib topshirib kelgan odamga telefon qilsam, “Hujjatlaringizni Toshkentga yuborganmiz. Ishingiz Toshkentda ko‘riladi. Men aralasholmayman”, dedi. “Unda hech bo‘lmasa, Toshkentda shu bo‘yicha ishlayotganlarning raqamini olib ber”, dedim. Ikkita raqamni berdi. Ikkalasiga ham o‘n martalab telefon qildim, ko‘tarmayapti.

17-yanvar kuni bo‘ladigan sudga boshqa sheriklarimiz ko‘rsatma berish uchun chaqirilib, ko‘rsatma ham berib keldi. Bizga esa shu paytgacha hech kim bog‘lanmadi. Shunga hozir “Sudga qatnashaymi?”, deb ichimni yeb yotibman. Haqiqatni ko‘ryapsiz-ku. Bizning tuman, viloyat DXX umuman ishlamayapti, boshqa viloyatlarniki ishlayapti, qilyapti-ku. Hammasi uchun o‘zim yugurib yuribman. Unisiga telefon qilaman, bunisiga telefon qilaman — jim.

17-yanvar kuni 18:00 dan biroz o‘tib Guliston DXXga bog‘lanib, arizamning nusxasini so‘radim. “Arizaning originalini berib yuborganmiz, bizda hech narsa qolmagan. Sizga Toshkentdagi DXXdagilarning telefon raqamini bergandik-ku, o‘shalardan borib olsangiz bo‘ladi”, deyishdi. Ishim haqida so‘rasam, “Biz yuqoriga topshirganmiz”, — dedi.

18-yanvar tongida Guliston shahar DXXga bordim. O‘zini Abbos deb tanishtirgan xodim: “Toshkentga boringlar, bu yerda vaqt o‘tkazmanglar, ishingizni Toshkentga oshirganmiz”, dedi. Sudda ko‘rsatma bergan tanishlarimizdan sud kotibining raqamini olib, unga telefon qildim. “Siz, „O‘zlaringizning DXXga boring“, degandingiz, ular Toshkentga borishimni aytishyapti”, desam, “DXXning Toshkent shahar boshqarmasiga keling. Biz bu ishga aralasholmaymiz, faqat qo‘limizga kelgan ishlar bilan shug‘ullanamiz”, dedi.

Endi nima qilishga ham hayronman. Nega men yana Toshkentga borishim kerak? Hammasi uchun o‘zim yugursam, yashaydigan hududimdagi prokuratura, DXX nima uchun ishlab yuribdi?! Agar biror kimdan yo‘l xarajatlarim uchun qarz ololsam, 19-yanvar kuni borishim mumkin.

Safarali Mansurov 19-yanvar kuni DXXning Toshkent shahar boshqarmasiga borgan.

“DXXning Toshkent shahar boshqarmasiga bordim. Holatni aytsam, „Ariza yozib keting“, deyishdi. „Shuncha joyga kelib faqat ariza yozib ketamanmi?“, dedim. Keyin bir qiz kelib gaplashdi. Ismini aytmadi. „Sizning ishingiz bo‘yicha tergov davom etyapti“, dedi. „Nogiron bolalar bo‘yicha sud ishi boshlandi-ku“, dedim. „Ishga keyin qo‘shilgan 5−6 kishiniki hali davom etyapti“, dedi. „Biz keyin qo‘shilmaganmiz, boshidan bormiz-ku“, desam, biror tuzuk javob aytmadi. „Ishingizni tezlashtiramiz“, deb, o‘zim bilan olib borgan barcha hujjatlar (rentgen, MRT qog‘ozlari, kasalxonalarda yotib davolanib chiqqanda yozilgan shifokorlar xulosalari va boshqalar)ni nusxalab oldi, telefon raqamimni ham olib qoldi”, — dedi “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda.

Sudga qatnashishdan maqsad

Safarali Masurov: Xudoga shukr, bolam yurolyapti, gapirolyapti, ko‘rolyapti, lekin juda asabiy. Avvalgi voqealar esidan chiqib ketgan. Voqea bo‘yicha jabrlanuvchilar ro‘yxatiga qo‘shilish va sudda ishtirok etishini xohlashimizdan maqsad — qonuniy tovon puli olish. O‘zimga qolsa, ularning bir so‘mi ham kerak emas. Bolamning bir soat keyini, ertasini o‘ylab ignaning ustida turgandek yashayapmiz. Bolamning boshidan nimalar o‘tganini bildingiz. Endi uni doimiy davolatib, shifokorlarga ko‘rsatib yurishimiz kerak. Qolaversa, bo‘ynimda to‘laganlarimdan tashqari 150 mln so‘m qarzim bor.

Yashab turgan uyimiz ukamning nomida edi. Mening nomimga o‘tkazamiz deb yurgan paytlarimiz bolam kasal bo‘lib, yugur-yugurlari bilan qo‘limiz tegmadi. Pul kerak bo‘lib, uyni sotuvga qo‘ysam, zarur ekan, beraveradi debmi arzongarovga so‘rashdi. Ukamning qo‘lida o‘sha paytlar pul bor edi. “Uka, baribir uy sening nomingda. Menga qarz berib turgin”, — deb undan 8 ming dollar oldim. 150 mln so‘mning qolgani esa boshqa tanishlar, qarindoshlardan olingan. Hozir o‘zimning uyimda xuddi ijarada turganday yashayapman. 8 ta molim, 20 ta qo‘yim bor edi, barini sotdim. Ishonasizmi, tovug‘imgacha sotdim.

Bilasiz, Toshkentga bir kunda borib kelishning o‘zi falon pul. O‘g‘lim onasi bilan Toshkentda yotganida viloyatdan poytaxtga har kuni qatnadim. Qishda taksilar 100 ming so‘mlab bo‘lib ketardi. Bir kunda ikki martadan taksi xarajatlari, onasiga, o‘ziga uch mahal issiq ovqat berish kerak. Do‘xtirlar olma, banan, nok, turli sharbatlar, go‘shtli ovqatlar berishni tayinlagandi. Aytganini qilib kelyapmiz. Molning tilini qaynatib beramiz, ilik beramiz. O‘zimiz yemasak ham shu bolamizga qarayapmiz.

O‘zim mavsumiy ishlarda ishlaydigan ustaman. Hozir ham kunlik ishlar chiqmasa, ishlamayapman. Ayolim ham hech qayerda ishlamaydi. Bolaning oldida turmasa bo‘lmaydi-da. Besh bolani onasining o‘ziga tashlab uzoqqa ham ketolmayman. Rossiyalarga chaqirishyapti. Bo‘lmasa, bugunoq ketardim. Tezroq qarzimdan qutulayin, deb.

Shu davlatning sog‘liqni saqlash tizimiga ming la’nat bo‘lsin. Doridan zahar chiqishga chiqibdi, bo‘ladigan ish bo‘libdi, lekin shu sog‘liqni saqlashdagilar odamlarning puliga qaramay vaqtida, kerakli yordamni qilsa bo‘lardi-ku. Boyi bor, kambag‘ali bor. Boyi bir amallab qaratgandir, kambag‘ali o‘lib ketgan. Ko‘zimning oldida nechtasi halok bo‘ldi. O‘sha qishning chillasida qayerdan pul topasiz?

Hech kimga kuning qolmasin ekan. Bolamning davolanishi uchun puldan yordam qilganda men bunchalik azob chekmasdim. O‘z dardim o‘zimga yetadi. Pul muammosi umuman “davleniya” qilib yubordi.

Shu paytgacha davlatdan yordam so‘ragan erkak emasman-da, or qilardim. Mahalla bir marta 400 ming, bir marta 600 ming so‘m yordam qildi. Bitta dorisiga ham yetmaydi. Bir millionlik dorilardan nechta sotib oldim. Davolanish paytida Gulistondan dorilaru kateterlar topilmaganida bir jo‘ram tun yarmida uyqusi buzilib, Toshkentdan jo‘natib turdi. Boshimizdan o‘tganlarni o‘zimiz bilamiz, Xudo biladi.

Shuncha azob chekib, sudda qatnashmaslik alam qiladi-da. Meni bolamning kelajagi qiziqtiradi. Shuni to‘liq davolatsam bo‘ldi. Ushlab o‘tirganlarini qamaydimi, otib tashlaydimi, nima qilsa ham qizig‘i yo‘q. Shunga kim sababchi bo‘lganini Xudo biladi, O‘zi jazosini bersin.

Feruza Mansurova: O‘g‘limizni bu yog‘iga ham qaratib, davolatib turishimiz kerak. Hozir esa umuman ilojimiz yo‘q. O‘tgan yili aprel oyida oxirgi marta Bolalar milliy tibbiyot markazidan qaytayotganda MRT qildirganimizda miyasida hali ham suv va yemirilish borligini aytishgandi. Hozirgi ahvolini bilish uchun yana Bolalar milliy tibbiyot markaziga ko‘rsatishimiz kerak. Orderimiz yo‘q, tekshiruvlar pulli bo‘ladi. To‘g‘risi, bunga mablag‘imiz yetmaydi. Olayotgan pensiyasi bilan amallab, o‘zini yedirib o‘tiribmiz.

Hozir hech narsamiz qolmagan. O‘pkadagi hishshillagan ovozi ketmayapti. Doimiy davolanishda bo‘lib, sanatoriyalarda o‘pkalarini chiniqtirishi kerak ekan. Pulimiz yo‘qligidan bunday parvarishlar ham qilolganimiz yo‘q. Shuncha azoblardan keyin ham bolamning tirik qolganiga shukur qilaman.

Orqamizdan qarindoshlarimiz borsa, shifokorlar: “Bolasi bo‘lmaydi, o‘ladi, ota-onasini tinchlantiringlar”, degan ekan. Birovi aniq aytardi, birovi ko‘nglimizga qarardi. Har kuni “Yaxshimi, o‘zgarish bormi?”, deb so‘rasak, “Yaxshi bo‘lsa reanimatsiyada yotardimi?”, deb javob berishardi. Kundan-kun orqaga ketardi. Yonidagilar birin-sirin vafot etganda shunaqa tamom bo‘lardim. Orada o‘zimning sog‘lig‘imni yo‘qotdim. “Davleniya”, yurak sanchishi orttirib oldim. Bunday kunlar hech kimning boshiga tushmasin.

Bolamning kelajagini o‘ylasam, qo‘rqaman (yig‘lab yuboradi — tahr.). Qachondir “sudoraga” berib qolsa, bir gap bo‘lib qolsa-chi, degan hadikda yashab kelyapmiz. Yurak hovuchlab yashash juda azob. Yaxshi davolatib yursak-ku, qo‘rquvlar ham esimizdan ham chiqib ketar.

U juda tez shamollab qoladigan bo‘lgan. Shundoq ham hech qayerga olib chiqmaymiz. Sovuq deb uyda olib o‘tiramiz. Tag‘inam gaz umuman yo‘q, o‘tin yoqamiz. O‘zimizning uyimizda ijarada turgandek yashaymiz. Bir tirik inson bo‘lsa-ku, yashayotgan ahvolimizni kelib ko‘rsa.

Yana qarzlarmiz ham bor. Opam, ukam, katta qaynimning o‘g‘lidan olganman. Shuni sog‘ib, ichib turinglar deb sigir ham olib berishgandi. Qaynimning o‘g‘li uylanish paytida: “Aka, shu paytgacha indamay, so‘ramay turgandim, endi pulimni qilib bera olasizmi?”, deb qoldi. O‘sha sigirni sotib qarzga berishga majbur bo‘ldik. Yana kimdan so‘rayman? Mahallaga chiqqim ham kelmaydi. O‘sha qiyin kunimda yordam bermagan, endi bir nima qilarmidi?!

“Ayollar daftari"ga turganim uchun uch yil oldin parrandachilik bo‘yicha kredit olgandim. Bolam og‘ir bo‘lib yotgan kunlari: “Hozir bir so‘m pulim yo‘q, bolam shu ahvolda, kreditimni to‘xtatib turinglar”, deb bankdagilarga yalinib bordim. “Qanday ahvolda bo‘lsa ham baribir kredit to‘lanishi kerak, biz bunga aralasholmaymiz”, deyishdi. O‘sha yerdagi bir qiz: “Mayli, yanga, men bir oyga to‘lab turaman”, deb yordam qildi. Shu kredit haligacha tugagani yo‘q. O‘sha tovuqlarning hammasini bolamni davolatish uchun sotganmiz. Aytyapman-ku, hattoki yeyayotgan bug‘doylarimizgacha sotdik.

Qaynonamning vafot etganiga yetti yil bo‘lgandi. Qaynotam o‘sha voqealardan bir yil oldin o‘tib qolgandi, orqasidan o‘zimning onam ham omonatlarini topshirdilar. Ustma-ust dard bo‘lib, juda qiynaldim. Guliston-Toshkent qilib davolanib yurganimizga bolalarimga qaraydigan odam ham topolmadim. O‘sha kunlarda uydagi to‘rt qizimga suvchechak toshib ketdi.

Qizlarimning bari kichkina — 2009, 2011, 2013, 2015-yillarda tug‘ilgan. Shunaqayam sovuq edi. Katta qizimning tirnog‘i oyog‘ining ichiga o‘sib ketgan edi (yana yig‘lab yuboradi — tahr.) Unga qarashga vaqtimiz bo‘lmay, uyda o‘zing “periks” qilib tur degandim — battar bo‘lib ketgan ekan. Qizim ham sir boy bermagan, bilmay qolganman. Shu qizim singillariga amallab qarab turdi. O‘g‘lim Gulistonda yotganida faqat kechqurun uyga kelardim. Saharlab avtobusdan qolmay deb yana chiqib ketardim. Juda azobda o‘tgan o‘sha kunlarimiz. Shularni kimdir ulashsin, balki haqiqat bordir.

Sirdaryo tuman prokuraturasiga borib: “Nimaga hech kim e’tibor bermaydi? Shuncha jabrlanuvchi bor, o‘lgan o‘ldi, qolgan qoldi. Nimaga hech kim shu ishni surishtirmayapti?”, desam, “Dori chiqarganlarga [gapirsalaringiz] bo‘lmaydimi?”, deydi. “Biz O‘zbekiston fuqarosimiz-ku, sizlar nimaga bu yerda o‘tiribsizlar”, desam, “Opa, biz ishimizni qilib bo‘lganmiz. Hujjatlarni yig‘ib, jinoiy ishga topshirganmiz”, deb hammasi o‘zini olib qochadi. Unga bor deydi, bunga bor deydi.

To‘g‘risi, bundan bu yog‘i o‘g‘limning kelajagi uchun harakat qilyapman. Tovon puli berilsa, shuning sog‘lig‘iga ishlatamiz-da. Bo‘lmasa, menga ularning bir tiyinlari ham zarur emas. Baribir rozi bo‘lib berishmaydi.