26-fevral kuni Jinoyat ishi Toshkent shahri sudida “Dok-1 Maks” dori vositasi bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni tugab, 23 nafar ayblanuvchiga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi. “Gazeta.uz” jarayonni jonli efirda yoritib bordi. Ish sudlov hay’ati sudyasi Muso Yusupov raisligida birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqildi.

Sud hukmi (uning to‘liq matni bu yerda)ga ko‘ra:

  1. Singx Ragvendra Pratap (20 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish) — 1972-yilda Hindistonda tug‘ilgan, Quramax Medikal MCHJ direktori lavozimida ishlagan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash, jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin Singx Ragvendra Pratapni O‘zbekistondan tashqariga chiqarib yuborish belgilandi.
  2. Бахтиёр Kambaraliyev (4 yil 3 oy muddatga ozodlikni cheklash) — 1978-yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan, Quramax Medikal MCHJ savdo direktori lavozimida ishlagan.
  3. Nuriya Mirzaaxmedova (10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish) — 1992-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, Quramax Medical MCHJ ro‘yxatga olish bo‘yicha menejeri lavozimida ishlagan. Mirzaaxmedovaga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hisoblanib, 3 yil sinov muddati belgilandi.
  4. Elyor Mirzaaxmedov (4 yil muddatga ozodlikni cheklash) — 1976-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, Quramax Medical MCHJ bosh hisobchisi lavozimida ishlagan.
  5. Sardor Kariyev (2 yil 6 oyga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish) — 1982-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori va uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori lavozimlarida ishlagan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
  6. Amirxon Azimov (2 yil 6 oyga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish) — 1993-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
  7. Nodirbek Musayev (2 yil 6 oyga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish) — 1988-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori o‘rinbosari, Farmakopeya qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimlarida ishlagan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
  8. Gulnoza Saliyeva (2 yilga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil muddatga ozodlikni cheklash) — 1987-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori yordamchisi, ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.
  9. Shoyusup Shodmanov (2 yil 6 oyga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 16 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish) — 1992-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi vitse-boshlig‘i lavozimida ishlagan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
  10. Jahongir Erkiniy (2 yilga farmatsevtika sohasidagi davlat idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikni cheklash) — 1993-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan.
  11. Saidamir Saidov (2 yilga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash) — 1975-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK Farmakologiya qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan.
  12. Jonibek Shamshetov (2 yilga farmatsevtika sohasidagi davlat idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikni cheklash) — 1991-yilda Qoraqalpog‘istonda tug‘ilgan, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan.
  13. Alisher Jalilov (2 yilga farmatsevtika sohasidagi davlat idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikni cheklash) — 1992-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK Farmakopeya qo‘mitasi yetakchi mutaxassisi lavozimida ishlagan.
  14. Guli Xalilova (2 yilga farmatsevtika sohasidagi davlat idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikni cheklash) — 1963-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK Farmakologiya qo‘mitasi yetakchi mutaxassisi lavozimida ishlagan.
  15. Gulchehra Boltabayeva (2 yilga davlat idoralarida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil muddatga ozodlikni cheklash) — 1968-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK dori vositalari sifatini nazorat qilish va standartlashtirish laboratoriyasi mudiri lavozimida ishlagan.
  16. Mirzabotir Xamdamov (2 yil 6 oyga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash) — 1985-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ direktori lavozimida ishlagan.
  17. Shavkat Xolmurodov (2 yil 6 oyga davlat idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash) — 1992-yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan, “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ Sertifikatlashtirish organi rahbari lavozimida ishlagan.
  18. Nodira Shukurullayeva (BHMning 110 baravari miqdorida, ya’ni 33 mln so‘m jarima, jinoyat kodeksning 62-moddasiga asosan 17 190 000 so‘m jarima jazosi qoldirilib, tayinlangan jarimani davlat foydasiga undirish belginadi) — 1988-yilda Qoraqalpog‘istonda tug‘ilgan, “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ Sinov markazi rahbari bo‘lib ishlagan.
  19. Sherzod Abduganiyev (2 yilga farmatsevtika sohasidagi davlat idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 2 yil muddatga ozodlikni cheklash) — 1985-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ direktori o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
  20. Farhod Fayziyev (2 yilga farmatsevtika sohasidagi davlat idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 2 yil muddatga ozodlikni cheklash) — 1986-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ Sertifikatlashtirish organi rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
  21. Islombek Mirzayoqubov (2 yilga farmatsevtika sohasidagi davlat idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 2 yil muddatga ozodlikni cheklash) — 1991-yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ Sinov markazi rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
  22. Farrux Talipov (3 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish) — 1977-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi bosh mutaxassisi, Farmakologiya qo‘mitasi bosh mutaxassisi lavozimlarida ishlagan. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi.
  23. Farhod Nazarov (ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi) — 1970-yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, Origin Solution va Medreg MCHJlar direktori.

Kompensatsiya

Sudlanuvchilar Singx Ravendra Pratap, Nuriya Mirzaaxmedova, Sardor Kariyev, Amirxon Azimov, Nodirbek Musayev, Shoyusup Shodmanov va Jahongir Erkiniydan solidar tartibda “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalaridan zaharlanib vafot etgan 68 nafar marhum va 4 nafar sog‘lig‘i o‘ta og‘ir ahvoldagi bolaning qonuniy vakillarining har biriga 1 mlrd so‘mdan, sog‘lig‘ining ahvoli qoniqarli bo‘lgan 4 nafar bolaning qonuniy vakillarining har biriga 500 mln so‘mdan hamda sog‘lig‘i yaxshilangan 8 nafar bolaning qonuniy vakillarining har biriga 200 mln so‘mdan ma’naviy zarar undirilishi belgilandi.

Shuningdek, sudlanuvchi Shoyusup Shodmanovdan olgan pora miqdori qiymati — 881 814 000 so‘mni, sudlanuvchilar Amirxon Azimov va Nodirbek Musayevdan solidar tartibda — 93 810 000 so‘mni davlat foydasiga undirish belgilandi.

Singx Ravendra Pratap, Baxtiyor Kambaraliyev va Elyor Mirzaaxmedovdan solidar tartibda 5 420 177 400 so‘m soliq qarzdorligi davlat foydasiga undirilishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudi 2023-yil avgust oyidan Hindistonning Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasining dori-darmonlarini, jumladan, “Dok-1 Maks” yo‘talga qarshi siropini O‘zbekistonda qabul qilish oqibatida kamida 69 nafar bola vafot etgani bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshlagandi. Sud ishida 23 kishi (18 erkak va 5 ayol) ayblanayotgandi.

“Dok-1 Maks” ishi ko‘rilayotgan sud zalidan “Gazeta.uz”ning batafsil ma’lumotlari bilan havola orqali tanishishingiz mumkin.