O‘zbekistonda Marion Biotech dorilari 65 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan. Bu bilan bog‘liq ish bo‘yicha sud 11-avgustda boshlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahar sudining ish yurituviga S.R.P. (erkak, 1972-yilda Hindistonda tug‘ilgan, “Quramax Medikal” MCHJ direktori), S.K. (erkak, 1982-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, bir vaqtda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori va uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori lavozimlarida ishlagan) va boshqalarga (jami 21 kishi: “Quramax Medikal” MCHJ va “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK mas’ul xodimlari) oid jinoyat ishi kelib tushgan.

Jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni joriy yilning 11-avgust kuni soat 10:00 da boshlanishi belgilandi.

Ayblanuvchilarning 16 nafari erkak va 5 nafari ayol bo‘lib, ularning 7 tasiga qamoqqa olish, 12 tasiga munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat va 2 tasiga garov tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llangan.

Ular Jinoyat kodeksining 184, 28,186−3, 186−3, 25,205, 205, 207, 28,209, 209, 210, 211, 212, 228-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.