O‘zbekistonda 22-fevral kuni 17-fevraldan beri yopiq bo‘lgan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarining (AGTKSH) deyarli uchdan bir qismi qayta ishlay boshladi, dedi Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev.

Payshanba kuni O‘zbekistonda 244,2 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi, bu avvalgi kunlardagiga nisbatan kam (21-fevral — 246,8 million, 20-fevral — 246,6 million, 19-fevral — 243,9 million). Bu uchun issiqlik elektr stansiyalarida 42,3 million kub metr tabiiy gaz (oldingi kunlarda mos ravishda 41,9, 41,7 va 41,3 million), 21 ming tonna ko‘mir (23,5, 24,8 va 25, 6 ming) va 11,4 ming tonna mazutdan (12, 12,6 va 12,1 ming) foydalanildi.

Bundan tashqari, Turkmanistondan 13 foiz ko‘proq elektr energiyasi import qilindi — 22,5 million kVt/soat (avvalgi kunlarda 20, 20,1 va 20,6 million kVt/soat). Respublika bo‘yicha iste’molchilarga chorshanba kungiga nisbatan biroz kamroq elektr energiyasi yetkazib berildi — 240,2 million kVt/soat elektr energiyasi (240,9, 239,1 va 236,2 million).

Tig‘iz vaqtlarda elektr energiyasi etkazib berishda 550 MVtgacha (oldingi to‘rt kun ichida — 500, 550, 550 va 400 MVtgacha) cheklovlar kiritildi, bu gaz bosimining avariya oqibatida keskin tushib ketgani va talabning bir necha baravar oshgani bilan bog‘liq.

Vazirlikning ogohlantirishicha, 23-fevral, juma kuni ham vaziyat barqarorlashgunga qadar tig‘iz vaqtlarda ba’zi cheklovlar kiritilishi mumkin.

Magistral gaz quvurlarida gaz bosimi me’yorga yaqinlashib, uning sarfi avvalgi kundagidek 154,6 million kub metrni tashkil etdi.

22-fevraldan boshlab mamlakatda metan yoqilg‘i quyish shoxobchalari faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar bosqichma-bosqich olib tashlana boshladi. O‘zbekistondagi 481 ta (1517 tadan) metan quyish shoxobchalari orqali aholi va ijtimoiy soha obyektlari uchun 3,24 million kub metr (bir kun avval — 2,6 million) gaz yetkazib berildi. “Gazeta.uz” Energetika vazirligidan tuman va viloyatlar bo‘yicha qayta ish boshlagan gaz quyish shoxobchalari, shuningdek, ularning ish tartibi (ilgari 8:00 dan 15:00 gacha ish vaqti haqida aytilgan edi) haqida ma’lumot berishni so‘radi, lekin hali ma’lumot olmadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan yoqilg‘i quyish shoxobchalariga 4332 tonna benzin yetkazib berildi, bu o‘tgan kunlardagiga nisbatan kam (4501 va 4756). Shuningdek, birja tomonidan sotuvga qo‘yilgan 8415 tonna benzinning 3439 tonnasi, 2100 tonna dizel yoqilg‘isining 1281 tonnasi sotildi.

Elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan taqdirda, iste’molchilardan 1154 qisqa raqamiga, shuningdek, 71−207−23−76 telefon raqami yoki Telegram (@het_admin) manziliga, gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun — 1104, 104, 71−202−11− 04, ko‘mir ta’minoti masalalari bo‘yicha — 78−148−30−03 va 71−244−38 raqamlariga murojaat qilish so‘raladi.

Noyabr oyi oxirida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov qishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan energiya resurslari tanqisligini qanday qoplashni rejalashtirayotgani haqida gapirgandi. Chora-tadbirlar qatorida mazutdan elektr ishlab chiqarish, yirik korxonalarni tungi ish rejimiga o‘tkazish, AGTKSHlarga gaz yetkazib berishni qisqartirish va boshqalar bor edi.

“Gazeta.uz” avvalroq O‘zbekiston qanday qilib gaz eksport qiluvchi davlatdan sof import qiluvchi davlatga aylanib qolganini o‘rgangan edi.